Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Oktabr, 2025   |   9 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:02
Quyosh
06:20
Peshin
12:18
Asr
16:19
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
01 Oktabr, 2025, 9 Rabi`us soni, 1447

“Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo'lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”

24.09.2020   2098   4 min.
“Biz barcha sheriklarimiz bilan tinchlik, taraqqiyot va farovonlik yo'lida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz”

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 23 sentyabr' kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishi uning mazkur xalqaro tashkilot ishidagi ikkinchi ishtiroki hisoblanadi. Yurtboshimiz dunyo minbaridan turib mintaqa va jahon hamjamiyati uchun muhim sanalgan umumsiyosiy masala va takliflarni o'rtaga tashladi. Biz uchun ushbu nutqning alohida ahamiyatli jihati shundan iborat bo'ldiki, belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq, mazkur xalqaro tashkilot odatda dunyo bo'yicha oltita tildan foydalanadi. Davlatimiz rahbari tarixda ilk bor o'z ona tili – buyuk Navoiy, Amir Temur, Bobur, Jaloliddin Manguberdining tilida so'z aytishi, albatta, tarixiy voqeadir.

Prezident Sh.Mirziyoev o'z nutqida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan muhim tashabbuslar bilan chiqdi. Hozir ularning ayrimlari haqida to'xtalib o'tmoqchimiz. Jumladan, davlatimiz rahbari o'z nutqida mamlakatimizda diniy erkinlik borasida vaziyat keskin yaxshilangani, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglikni yanada mustahkamlash doimiy muhim vazifa ekanligini aytib o'tdilar.

Darhaqiqat, diniy erkinlik bo'yicha keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar ushbu so'zlarni tasdiqlaydi. Jumladan, diniy masalalar bo'yicha maxsus ro'yxatda turgan shaxslarni ushbu ro'yxatdan chiqarilgani, ko'plab diniy mahbuslarga amnistiya e'lon qilinayotgani, yangi masjidlar ochilayotgani, diniy ta'lim olish uchun imkoniyatlar kengayayotgani 2020 yil AQShning xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi (USCIRF) O'zbekistonni “diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar” qatoridan olib tashlashiga sabab bo'ldi. O'zbekistondagi barqarorlikni hamda davlat va jamiyat taraqqiyotini bugungi kunda mamlakatda 130dan ortiq millat va elatning o'zaro totuvligisiz, 16 diniy konfessiya vakillari o'rtasida bag'rikenglik munosabatlarisiz tasavvur etib bo'lmaydi. O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha “Harakatlar strategiyasi”ning beshinchi bandida ham xavfsizlik, diniy bag'rikenglik  va millatlararo totuvlikni ta'minlash sohasidagi ustuvor yo'nalish qilib belgilab qo'yilgan. Muqaddas dinimiz ta'limotiga ko'ra esa bag'rikeng bo'lish iymon belgisidir. Chunki, Alloh taolo muborak kalomida:

Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab) chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar” (“Mumtahana” surasi, 8-oyat), deb marhamat qilgan.

Abdulla Avloniy bag'rikenglik bo'lmasa, qanday oqibatlar kelib chiqishi haqida gapirar ekan, jumladan shunday deydi: “Qaysi bir millatning orasida birlik ko'tarilub, nifoq va adovat hukm surgan bo'lsa ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganligi tarix sahifalaridan ma'lumdir”.

Davlatimiz rahbari sessiyada so'zlagan nutqlarida mintaqa davlatlari o'rtasida yaxshi qo'shnichilik va o'zaro ishonch, do'stlik va hurmat muhitini yaratish bo'yicha erishilgan yutuqlar, qo'shni Afg'oniston mamlakatida tinchlik va barqarorlikni o'rnatish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi bajarilishi lozim bo'lgan aniq taklif va rejalar haqida aytib o'tdilar.

Halqimizda “Qo'shning tinch- sen tinch” degan naql bor. Alloh talo O'zining kitobida biz bandalar kimlarga yaxshilik qilish lozimligini uqtirib:

Va Alloh taologa ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar ota-onaga, qarindoshlarga, etimlarga, miskinlarga, yaqin qo'shnilarga, yon qo'shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko'chada qolganlarga va qo'lingizda mulk bo'lagnlar yaxshilik qilinganar. Albatta, Alloh taolo o'zini yuqori tutuvchi va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko'rmas” (“Niso” surasi, 36-oyat), deb marhamat qiladi.

Agar e'tibor bersak, oyatda har bir toifa zikr qilinib turib, qo'shni haqida uch marotaba qayta zikr qilinmoqda. Demak, shariatimiz ko'rsatmalari bo'yicha ham qo'shnining haqqi buyukligi oyati karimada zikr qilinmoqda. Mamlakatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ushub siyosat ham diniy jihatdan, ham umuminosiy jihatdan to'la risolaga mos kelishini ta'kidlamoqchimiz.

Bir so'z bilan aytganda davlatmiz rahbarining ma'ruzalarida qayd etilgan barcha masalalar o'zining o'zbekona insonparvarlik tuyg'ulari bilan yo'g'rilganligi, qat'iy va mag'rur jaranglashi bilan ham alohi ahamiyat kasb etdi.

Zayniddin EShONQULOV

O'MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Taraqqiyotning tamal toshi

30.09.2025   1331   4 min.
Taraqqiyotning tamal toshi

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Salohiyatli avlodni yetishtirishni istasak, barcha narsadan oldin ushbu avlodni tarbiya qiladigan o‘qituvchi va murabbiylar haqida qayg‘urishimiz lozim. Bu borada mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2 sentyabr – Bilimlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan bayram tabrigida: “Keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi”, deya ta’kidladilar.

Yurtimizning yanada taraqqiy etishi, xalqimiz turmushi bundan-da farovon, yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishlari uchun Yaponiyaning tajribasini qo‘llash kerak. Chunonchi, Yaponiya yuksak taraqqiy etgan davlat maqomiga erishishida o‘qituvchiga vazirning maoshi, imperatorning obro‘si, deputatning daxlsizligi qo‘llanilgani asosiy omil bo‘lgan.

Shu bilan birga, Yaponiyada o‘qituvchi talabalarga bunday der ekan: «Sening o‘qishdagi muvaffaqiyating Yaponiyaning muvaffaqiyatidir. Muvaffaqiyatsizliging Yaponiyaning muvaffaqiyatsizligidir».

Muqaddas dinimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom beqiyos. Muallimlik, murabbiylik ‒ buyuk sharaf. Zero, bashariyatning eng afzal vakillari payg‘ambarlar, shu jumladan, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam butun bashariyatga ustoz qilib yuborilganlar.

Bu haqda Qur’oni karimda: «U (Alloh) omilar (savodsiz kishilar) orasiga o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Uning) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob (Qur’on) va Hikmat (Hadis)ni o‘rgatadigan (bir) payg‘ambarni (Muhammadni) yuborgan zotdir. Haqiqatan, (ular payg‘ambar kelishidan) ilgari aniq zalolatda edilar» (Jum’a surasi, 2-oyat), deb marhamat qilingan.

Hadisi sharifda: “Alloh meni qiynovchi va qiyinlashtiruvchi qilib emas, balki muallim va osonlashtiruvchi qilib yubordi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).

Bugun ustoz va murabbiylarimiz aziz farzandlarimizga Imom Qatoda rahimahullohning bir tuya kitobni yod olganini, Imom Sha’biyning: “Oq narsaga yozilgan har bir narsani yod oldim”, degan so‘zini, Ashraf Ali Tahonaviyning qisqa umri davomida bir yarim ming kitob yozganini, Ibn Rushd umri davomida ikki kecha: uylangan va otasi vafot etgan kecha kitob o‘qiy olmaganini bot-bot eslatib turishlari maqsadga muvofiqdir. Shundagina yurtimizdan yana Buxoriylar, Nasafiylar, Xorazmiylar, Beruniylar, Termiziylar, Navoiylar yetishib chiqadi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam odamlarga ezgulik va yaxshilikni o‘rgatadigan kishilarni maqtab, bunday deganlar: Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, inidagi chumoli,  hattoki dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchining haqqiga  duo qiladilar(Imom Termiziy rivoyati).

Islom ta’limotiga ko‘ra, ustoz nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai a’moliga savob to‘xtovsiz borib turadi.

Hadisi sharifda:  “Inson vafot etganda uning amali to‘xtaydi. Faqat uch narsa tufayli (uning nomai a’moliga savob yozilib turadi): sadaqai joriya;foydali ilm; duoi xayr qiluvchi solih farzand”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan.

Men o‘qituvchi va murabbiylarni vaqt bilan musobaqalashayotgan, bu jarayonga shogirdlarini ham jalb qilgan kishiga o‘xshataman. Islom tarixiga nazar solsak, vaqt bilan musobaqalashib, juda ko‘p muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan ulamolar borligiga amin bo‘lamiz. Buyuk vatandoshimiz, dunyo imom Imom Buxoriy rahmatullohi ilmga qiziqib, dunyo kezib, oltmish mingdan ziyod hadisni to‘plaganida bor-yo‘g‘i 16 yoshda edi.

Shuningdek, u zotning 63 yillik umri mobaynida ilm yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlarini, mana, oradan o‘n asrdan ziyodroq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Islom olamidagi butun boshli ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rganib kelyapti. Tadqiqotlar natijasida u zotning qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatlariga barcha lol qolmoqda.

Muxtasar aytganda, bashariyat uchun ham, taraqqiyot uchun ham, tamaddun uchun ham faqat bir narsa kerak: bu – ilm, bilim va tafakkur. Shunday ekan, sharafli kasb egalari har qancha tahsinga sazovor.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz USTOZLAR!

 

Abduqahhor domla YUNUSOV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi,

«Imom Buxoriy» ordeni sohibi

 

Maqolalar