Bir necha o'n yillar davomida mashhur Jarqo'rg'on minorasi arxeologlar, tarixchilar va go'zal arxitekturani sevuvchilarni hayratda qoldirib kelmoqda. Gap shundaki, minora noodatiy dekorativ bezak bilan bezatilgan bo'lib, u Markaziy Osiyoda ilgari ishlatilmagan, bu bezak ko'proq Hindistonda ishlatilgan, ta'kilaydi uzbekistan.travel.
Minora Surxondaryo viloyatining Qumqo'rg'on va Termiz o'rtasidagi Minor qishlog'ida joylashgan. U 1109 yilda Sulton Sanjarning buyrug'iga binoan qurilgan. Hozirda uning balandligi yigirma metrdan oshadi, ammo qurilish vaqtida u qirq uch metrga etgan.
Minorada uning yaratuvchisi, Seraxs shahridan usta Ali ibn Muhammadning ismini va undan yuqoriroq qismida esa, oxiriga etkazilmagan Qur'onning muqaddas suralarini ko'rish mumkin. Minoraning siljigan o'qi tufayli u tugallanmagan yoki qisman vayron bo'lgan deb taxmin qilinadi. 1879 yilda minora yaqinida qadimiy masjidning xarobalari topilgan, bu minora qurilishi alohida amalga oshirilganidan dalolat beradi. Minoraga nima bo'lganligi va nima uchun masjid vayron qilinganligi to'g'risida tarixchilar bir fikrga kela olishmadi. Ehtimol, yangi bino qurish uchun binolar qasddan buzilgandir.
Minoraga qarab, uning bezaklaridan ko'zingizni uzolmaysiz. G'ishtlarning mahorat bilan archa naqshida terilganligi to'qilganlik effektini yaratadi. Minoraning ostida turganingizda, g'ishtlarning terilgani g'isht emas, balki mato kabi ko'rinadi. Minora bir-biriga ulashgan o'n olti yarim ustundan iborat. Ichkarida aylanali zinapoyalar mavjud bo'lib, ular bo'ylab eng yuqoriga ko'tarilish mumkin. Hozirda Jarqo'rg'on minorasi ehtiyotkorlik bilan qo'riqlanadi va muhim tarixiy va madaniy ob'ekt hisoblanadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbot xizmati
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV