Habaringiz bor, shu yilning 16-17 sentyabr' kunlari O'zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o'rta maxsus islom ta'lim muassasalariga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar Davlat test markazi tomonidan test sinovlarida ishtirok etdilar.
Shu kunlarda ota-onalar, abituriyentlar va ularning yaqinlari tomonidan madrasalarga kirish imtihonlari natijalari qachon e'lon qilinishi borasida juda ko'p murojaatlar bo'lmoqda.
Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan olinganini inobatga olsak, imtihon natijalari ham ushbu markaz tomonidan e'lon qilinadi. Ayni kunlarda imtihon natijalarini tekshirish jarayonlari davom etmoqda.
Madrasalarga kirish imtihonlari natijalari qachon e'lon qilinishi to'g'risidagi rasmiy xabar O'zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz internet sayti va “Telegram” messenjeridagi https://t.me/muslimuzportal kanalida e'lon qilinadi.
Barcha abituriyentlarga Alloh taolodan omad va zafarlar tilaymiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
7 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun 2025-2026 o‘quv yili qabul imtihonlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yili kirish imtihonlarini tartibli o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Muftiy hazratlari imtihonlarni adolatli va xolisona o‘tkazish, tartib-qoidalarga rioya etish, jarayonlar shaffof bo‘lishiga erishish hamda tegishli xonalar xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv kameralari bilan jihozlash kabi muhim jihatlarga diqqat qaratdilar. Shuningdek, imtihondan oldin abituriyentlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar ham belgilangan tartibda bo‘lishiga urg‘u berdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imtihonlarni ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish orqali yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash, iqtidorli yoshlarga bilimlarini namoyon etishga imkoniyat berishni qayd etdilar. Shuningdek, imtihon olishga mas’ul ustoz va mutaxassislar Alloh taolo huzurida ham, xalqimiz oldida ham ulkan mas’uliyatni chuqur his etishi hamda nomaqbul illatlardan saqlanishlariga katta diqqat qaratdilar.
Madrasalarga kirish imtihon savollari umumta’lim maktab dasturlari asosida, Oliy diniy ta’lim muassasalari uchun kirish imtihon savollari esa madrasa ta’lim dasturlari asosida bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
– Qabul jarayonlarini namunali tashkil etish;
– Yuqori darajada xavfsizligi ta’minlangan elektron dasturlardan foydalanish;
– Abituriyentlar uchun munosib sharoitlarni yaratish;
– Abituriyentlarga test sinovlaridagi huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
– Imtihon jarayonini videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilish;
– Ota-onalar uchun kutish joylarini tayyorlash;
– Imtihon jarayonlarini namoyish etish uchun ekranlar o‘rnatish.
Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati