Kecha 14 sentyabr' kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraktsiyasining navbatdagi yig'ilishida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida»gi qonun loyihasi ko'rib chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi vakiliga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar berdi.
«Qonun loyihasi qo'shni davlatlar, yaqin va uzoq xorijdagi diniy vaziyatni, shuningdek, O'zbekiston xalqining ko'p asrlik tarixi va madaniy-tarixiy an'analarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan», deyiladi xabarda.
Qayd etishilicha, qonun loyihasini tayyorlashda xalqaro me'yorlar talablari, birinchi navbatda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt hamda BMTning Inson huquqlari bo'yicha qo'mitasining umumiy tartibdagi sharhlari inobatga olingan.
Yangi tahrirdagi qonun loyihasi 6 bob, 49 moddadan iborat bo'lib, bir qator o'zgartirishlarni o'z ichiga oladi. Loyihada «diniy tarkibiy materiallar», «noqonuniy diniy faoliyat», «diniy tashkilot» va boshqa shu kabi tushunchalarga ta'rif berilgan. Shuningdek, vijdon erkinligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari va tamoyillari hamda ushbu sohadagi vakolatli davlat organlarining vakolatlari bayon etilgan.
Fraktsiya yig'ilishida ishtirok etgan Adliya vaziri o'rinbosari Hudoyor Meliyevning Kun.uz ga bildirishicha, mazkur qonun loyihasi O'zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 22 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyani amalga oshirish bo'yicha «yo'l xaritasi» ijrosini ta'minlash doirasida ishlab chiqilgan.
«Qonun loyihasining dolzarbligi shundaki, o'tgan davr mobaynida e'tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog'liq vujudga kelgan yangicha munosabatlar amaldagi qonun normalari bilan to'liq qamrab olinmagan. Sohadagi ko'plab masalalar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelinmoqda. Masalan, amaldagi qonunning 14-moddasi tahririy o'zgartirishlar bilan ko'chirilgan.
Bunda O'zbekiston Respublikasi fuqarolar (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo'l qo'yilmasligi haqidagi qoida bekor qilinmoqda, chunki ibodat libosi tushunchasining huquqiy ta'rifi mavjud emas. Bundan tashqari, ishchi-xodimlarning kiyinish madaniyati va tashqi ko'rinishi har bir tashkilot va muassasaning o'zining ichki tartib qoidalari bilan tartibga solinadi.
Davlat tashkilotlari va muassasalarining ichki tartib-qoidalarida xodimlarning o'z xizmat vazifasini bajarishiga uning diniy mansubligi ta'sir qilmasligi, xodimning tashqi ko'rinishi va «dress-kodi»ga tegishli aniq talablar dinga bog'lamagan holda ko'rsatilishi lozim», deydi u.
Qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament quyi palatasiga kiritilgan bo'lib, 49ta moddadan (amalda 23ta) iborat.
Ushbu qonun loyihasi 15 sentyabr' kuni quyi palata yalpi majlisida ko'rib chiqilishi belgilangan.
Manba: kun.uz
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV