O'zbekistonda 14 sentyabrdan boshlab yana 2300 dan ortiq maktab ochilib, ularda an'anaviy ta'lim boshlandi. Aksariyat maktablarda an'anaviy ta'lim oktyabr' oyiga qadar tiklanishi kutilmoqda. Bunda maktablarni ochish haqidagi qaror individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog'liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari ruxsatidan so'ng qabul qilinadi.
Bolalarning quvonchi cheksiz axir, pandemiya ularni olti oydirki, maktab sinfxonalari, do'stlaridan yiroqlashtirib turibdi. Nasib bo'lsa, har tong yana bilimlar maskani sari oshiqishadi.
Urgut tumanida joylashgan “Shayx Muxiddinxon” jome masjidi imom-xatibi Nodir Tursunov xayrli ishga bosh bo'ldi. “Chorchinor” mahallasidagi tadbirkorlar ko'magida karantin sharoitida maktab bozoriga etarlicha tayyorgarlik ko'ra olmagan oilalar farzandlariga maktab formalari va o'quv qurollarini hadya etishdi. Endilikda bu bolajonlar ham boshqa do'stlari qatorida yangi ust-bosh, o'quv qurollari bilan darslarni boshlashadi.
Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og'irini engil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o'sha insonning og'irini oxiratda engil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Alloh taolo va'da qilgani bayon etilgan. Yaxshilik va xayru sahovat ishlari doimo dillarga quvonch ulashib, Yaratganning roziligi, barakaning ko'payishi, balolarning ko'tarilishiga sababchi bo'lsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: «Alloh azza va jalla (farishtalarga) aytadi: «Bandam biror yomonlikka shaylansa, uni yozmanglar. Agar uni qilsa, bitta yomonlik yozinglar. Agar biror yaxshilikka shaylansa-yu, uni qilmasa, bitta yaxshilik deb yozinglar. Agar uni qilsa, o‘nta (yaxshilik) yozinglar» (Imom Muslim rivoyati).