Sayt test holatida ishlamoqda!
30 May, 2026   |   12 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:53
Peshin
12:26
Asr
17:32
Shom
19:52
Xufton
21:26
Bismillah
30 May, 2026, 12 Zulhijja, 1447

Er-xotin orasidagi harom qilingan jinsiy aloqa ko'rinishlari

15.09.2020   49574   4 min.
Er-xotin orasidagi harom qilingan jinsiy aloqa ko'rinishlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Quyida er-xotin orasida sodir bo'lishi mumkin bo'lgan, ammo Islomda harom qilingan jinsiy aloqa ko'rinishlari haqida so'z yuritiladi.

Hayz va nifos ko'rish vaqtidagi jinsiy aloqa

Hotin kishi hayz ko'rayotgan paytda er unga jinsiy yaqinlik qilishi Islomda harom sanalgan amallardandir.

Alloh taolo aytadi: «Sendan hayz haqida so'rarlar. Sen: «U ko'ngilsiz narsadir. Hayz chog'ida ayollardan chetda bo'ling. Ularga pok bo'lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo'lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadi», deb ayt» (Baqara surasi, 222-oyat).

Ayol hayz ko'rayotgan vaqtida unga yaqinlik qilish ushbu oyatga binoan harom qilingandir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham hayz vaqtida ayollarga yaqinlik qilishdan qaytarganlar.

Maymuna onamizdan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'z ayollarini hayz holatida bo'lganlarida kiyimlari ustidan quchoqlar edilar» (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisdan hayz holatida bo'lgan ayollarga jinsiy yaqinlik qilib bo'lmasligi, ammo ularni quchoqlash, o'pish mumkinligi kelib chiqadi.

Nifos ko'rayotgan ayolga ham jinsiy yaqinlik qilish harom qilingan amallardandir. Nifos – ayol kishi bola tug'gach uzog'i 40 kun ko'radigan qondir. Nifosning eng oz muddati belgilanmagan.

Hayz vaqtida jinsiy yaqinlikni man qilinganligi haqidagi oyat va hadislar nifosga ham taalluqlidir.

Ro'zada og'iz yopiq bo'lgan vaqtda va haj vaqtida jinsiy yaqinlik qilish

Ramazon ro'zasini tutib og'iz yopiq holatida jinsiy aloqa qilish haromdir. Ramazon vaqtida og'iz ochilgandan keyin jinsiy yaqinlik joiz bo'ladi. Ramazonda bo'lmay, shunchaki nafl ro'za tutilgan vaqtda ham jinsiy yaqinlik joiz emas. Nafl ro'za tutmoqchi bo'lgan ayol ro'za tutish uchun erining oldidan o'tib qo'yishi lozim.

Ramazon ro'zasida jinsiy yaqinlik qilish mumkin emasligi, ro'za buzilishi va kafforat berishi shart ekani Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadislarida kelgan. Ushbu hadisda bir a'robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, Ramazon ro'zasi vaqtida ayoli bilan qo'shilgani haqida xabar berganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga kafforat berishi lozim ekanligini aytganlar.

Haj oylarida hajga ehrom bog'laganlarga ham jinsiy yaqinlik qilish joiz emas. Jinsiy yaqinlik qilib qo'ysalar uning vaqtiga ko'ra hajlari buziladi yoki kafforat berishlari lozim bo'ladi.

Ulug' Alloh aytadi: «Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o'ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo'qdir. Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladi. Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Menga taqvo qiling, ey aql egalari!» (Baqara surasi, 197-oyat).

O'ziga hajni farz qilish – hajni niyat qilib, ehromga kirish deganidir. Demak, unday odamga shahvoniy ishlar, ya'ni jinsiy yaqinlik va uning haqidagi gap-so'zlarni so'zlash mumkin bo'lmaydi.

Afzal Abror tarjimasi

Boshqa maqolalar

Juma — mo‘min qalbining bayrami

22.05.2026   14405   3 min.
Juma — mo‘min qalbining bayrami

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Juma kuni — musulmonlar uchun eng ulug‘ va muborak kundir. Bu kun nafaqat haftaning sayyidi, balki gunohlar kechirilishi, duolar qabul qilinishi va qalblar nurga to‘lishi uchun berilgan ilohiy imkoniyatdir. Shu bois solih zotlar jumaga oddiy kundek emas, bayramdek tayyorgarlik ko‘rganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunining fazilati haqida bunday dedilar: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi — juma kunidir” (Imom Muslim rivoyati).

Jumaga tayyorgarlik g‘usl qilish, poklanish, xushbo‘ylik sepish va ertaroq masjidga borish bilan boshlanadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni junublik g‘usli kabi g‘usl qilsa, so‘ng birinchi soatda (masjidga) borsa, xuddi tuyani qurbon qilgandek bo‘ladi. Ikkinchi soatda borgan kishi qoramol qurbon qilgandek, uchinchi soatda borgan kishi shoxdor qo‘chqor qurbon qilgandek, to‘rtinchi soatda borgan kishi tovuq sadaqa qilgandek, beshinchi soatda borgan kishi tuxum sadaqa qilgandek bo‘ladi. Imom xutbaga chiqqach esa, farishtalar zikr tinglash uchun hozir bo‘ladilar” (Imom Molik rivoyati).

Qanday buyuk mukofot! Masjidga ertaroq qadam tashlash oddiy amal emas, balki qurbonlik savobiga teng amal ekani bildirilmoqda.

Juma kuni mo‘min kishi tashqi ko‘rinishini ham go‘zal qilishi sunnatdir. Chunki musulmon nafaqat qalbi, balki zohiri bilan ham pok bo‘lishi kerak. Hazrati Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni g‘usl qilib, qo‘lidan kelganicha poklansa, xushbo‘ylik surtsa, keyin masjidga borib ikki kishining orasini ajratmasa va unga farz qilingan namozni o‘qisa hamda imom xutba qilayotganda jim tursa, ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis juma kunining naqadar rahmat eshiklari ochiq kun ekanini ko‘rsatadi.

Afsuski, bugun ba’zi insonlar jumaga shoshilib, oxirgi daqiqalarda yetib kelishadi. Holbuki, avvalgi musulmonlar jumaga tongdan tayyorgarlik ko‘rishar, masjidga erta borib Qur’on tilovat qilishar, zikr va duo bilan mashg‘ul bo‘lishar edi.

Juma — qalbni dunyo g‘uboridan tozalaydigan kun. Unda mo‘min kishi hayotiga nazar tashlaydi, gunohlari uchun istig‘for aytadi va Robbisiga yaqinlashadi.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.” (Juma surasi, 9-oyat)

Bu oyat mo‘min inson uchun juma namozi har qanday dunyo ishlaridan ustun ekanini anglatadi.

Juma — faqat namoz kuni emas. U — birodarlik kuni, rahmat kuni, duolar ijobat bo‘ladigan muborak fursatdir. Kim bu kunni qadrlasa, qalbi nurga to‘ladi. Kim uni behuda o‘tkazsa, katta fazilatdan mahrum bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni juma kunini ehtirom qiladigan, unga munosib tayyorgarlik ko‘radigan va uning barakotidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.

Azimxon Ziyovuddinov,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Kamolxon eshon buva” jome masjid imom-xatibi