Oilaning muqaddas ekanligi shu dargohda inson nasl-nasabini davomchilari dunyoga kelishidir. Oila so'zi “Ayol” so'zidan ishtiqoq qilingan bo'lib, oila deganda ayol tushuniladi. Demak, ayol muqaddas hisoblanar ekan.
Muqaddas dinimizda ayollarning alohida tutgan o'rni bor. Jamiyatda unga o'z haq-huquqlarini tiklab berdi. Islomdan oldin nafaqat johiliyat arablarida, balki butun er yuzida ayol zoti xo'rlanayotgan edi. Bunga tarix guvoh. Ayol kishini inson sifatida tan olishmas edi. Johiliyat arablari hatto o'zlarining qizlaridan ham nafratlanishgan. Bu haqda Alloh taolo bunday xabar bergan:
“Qaysi birlariga qiz (ko'rgani haqida) xushxabar berilsa, g'azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to'g'risida o'y surib), o'ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo'lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir” (“Nahl” surasi, 58, 59-oyatlar).
Ming afsuslar bo'lsinki, bugungi zamonamizda ham, jaholat qoldiqlaridan ba'zi holatlarni ko'rib, nahotki shunchalikka borishadimi deb istig'for aytishdan nariga o'tmaysiz.
Samarqand shahrida yuz bergan voqea butun O'zbekiston xalqini tinchini buzdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayolning eri tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklanishi ayolning oiladagi o'rnini bilmaslikdan boshqa narsa emas. Kishini yaxshi yoki yomon ekanini bilish uchun dinimizda bir qoida bor. Payg'ambarimiz muborak hadislarida: “Sizlarning yaxshilaringiz o'z ahliga yaxshi munosabatda bo'lganingizdir”, deb marhamat qiladilar. Oila rahbari erkakning zimmasiga ahli-ayolini moddiy va ma'naviy tomonlardan o'z himoyasiga olishi vazifa qilinib belgilangan. Shunday ekan er kishilar bu masalada e'tiborli bo'lishlari juda zarur.
Ijtmoiy tarmoqlarda tarqalgan, qalbni og'ritadigan mazkur holatni sodir etgan erkak kishining hatti-harakati musulmon kishining qiladigan ishi emasligini aytib o'tamiz. Tezroq tavbaga shoshilishini maslahat beramiz. Aks holda Allohning g'azabi qattiqdir.
Zayniddin EShONQULOV,
Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.