Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.
Qashqadaryo viloyatida tarixiy yodgorliklar, me'moriy obidalar, qadamjolar talaygina.
Ularning aksari nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida nom taratgan sayyohlik ob'ektlari qatoriga kiradi. Ana shunday ziyoratgohlardan biri Qamashi tumanining Langar qishlog'ida dengiz sathidan ming metr balandlikda barpo etilgan Langar ota masjidi va Shayx Abulhasan maqbarasidir.
Qiziltepa qishlog'idan 25-30 kilometr olislikda, Hisor tog' tizmalari oralig'idagi Langar qishlog'ida joylashgan qadimiy masjid ayrim yozma manbalar hamda og'izdan-og'izga o'tib kelayotgan rivoyatlarga ko'ra, HIV asr oxirida Shayx Abulhasan asos solgan. U Buxorodan irshod xatini olgach, ushbu manzil tomon yo'l olgan ekan.
Shayxning piri u kishiga «Mingan tuyangiz uchinchi marta cho'kkan joyda masjid barpo eting» degan ekan. Tuyasi so'nggi bor hozirgi Langar qishlog'i, ya'ni masjidning o'rniga cho'kibdi va Shayx Abulhasan shu erga masjidning poydevorini qo'yibdi. Mahalliy aholi u kishiga murid bo'lib, masjid qurilishida ko'maklashgan ekan.
Ushbu masjidda kufiy xatida bitilgan Qur'oni karimning Yer yuzidagi eng mo''tabar nusxalaridan biri - Katta Langar Qur'onining faksimili nusxasi saqlanadi.
Masjid 2 ta xonaqoh, 1 ayvon, 4 mehrob, 19 ta ustun va 7 eshikdan iborat. 2 ta xonaqohi katta masjid va kichkina masjid deb nomlanadi. Avval kichkina masjid qurilgan, namozxonlar ko'payganligi sababli keyinchalik katta masjid va ayvoni qurilgan. Langar ota masjidi islom olami me'morchilik san'ati bilan mahalliy xalq hunarmandchilik uslublari uyg'unligida barpo etilgan. Bu me'moriy obidani Markaziy Osiyoda yagona desak mubolag'a bo'lmaydi.
Masjid tomining balandligi, poydevoriga qo'yilgan toshlarning ulkanligi, ustun va yog'ochlarning quchoqqa sig'masligi uni o'ta mahobatli qilib ko'rsatadi. Masjid katta xonaqohining ustuni tepasida hijriy 1362 yil (milodiy 1905 yil)da usta Muhammadiyor tomonidan ta'mirlangani yozilgan. Masjid balandligi 11 metr, bo'yi va eni 32 metrdan. Masjid shiftiga vassajuft taxlangan. Uning mehrob qismi nozik did va yuksak mahorat bilan bezatilgan.
Mehrob atrofi suls yozuvidagi bitiklar bilan to'la. Shuningdek, moviy fonga oq rangli yozuvlar bitilgan rang-barang koshinlardan yaratilgan ajoyib mozaika kishi diqqatini o'ziga jalb qiladi. Bundan tashqari, zarhal devor bo'ylab ikki xil yozuv: arabcha hamda oddiy naqshga o'xshab ketadigan noma'lum yozuvlar muhrlangan.
Yuqoridagisi qanday imloligi, bezakmi yo ramziy belgilarmi – ma'lum emas. Qizig'i shundaki, ular to'g'ri chiziqlardan hosil qilingan bo'lib, ko'pi svastika shaklidadir. Bunday ramzlar qadimgi turkiy xalqlar buyumlarida, lavhalarda ko'p uchraydi. Mutaxassislarning fikricha, bu bezaklar Ko'k turk podsholarining ishoralari, aniqrog'i davlat ramzlari ekan.
O'zA
7 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida Oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari uchun 2025-2026 o‘quv yili qabul imtihonlariga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov diniy ta’lim muassasalari uchun yangi o‘quv yili kirish imtihonlarini tartibli o‘tkazish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berdi.
Muftiy hazratlari imtihonlarni adolatli va xolisona o‘tkazish, tartib-qoidalarga rioya etish, jarayonlar shaffof bo‘lishiga erishish hamda tegishli xonalar xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv kameralari bilan jihozlash kabi muhim jihatlarga diqqat qaratdilar. Shuningdek, imtihondan oldin abituriyentlar bilan o‘tkaziladigan suhbatlar ham belgilangan tartibda bo‘lishiga urg‘u berdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari imtihonlarni ochiq-oshkora va adolatli o‘tkazish orqali yosh avlod haq-huquqlarini ta’minlash, iqtidorli yoshlarga bilimlarini namoyon etishga imkoniyat berishni qayd etdilar. Shuningdek, imtihon olishga mas’ul ustoz va mutaxassislar Alloh taolo huzurida ham, xalqimiz oldida ham ulkan mas’uliyatni chuqur his etishi hamda nomaqbul illatlardan saqlanishlariga katta diqqat qaratdilar.
Madrasalarga kirish imtihon savollari umumta’lim maktab dasturlari asosida, Oliy diniy ta’lim muassasalari uchun kirish imtihon savollari esa madrasa ta’lim dasturlari asosida bo‘lishi ham alohida ta’kidlandi.
Yig‘ilish yakunida quyidagi muhim vazifalar belgilab olindi:
– Qabul jarayonlarini namunali tashkil etish;
– Yuqori darajada xavfsizligi ta’minlangan elektron dasturlardan foydalanish;
– Abituriyentlar uchun munosib sharoitlarni yaratish;
– Abituriyentlarga test sinovlaridagi huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
– Imtihon jarayonini videokuzatuv qurilmalari orqali nazorat qilish;
– Ota-onalar uchun kutish joylarini tayyorlash;
– Imtihon jarayonlarini namoyish etish uchun ekranlar o‘rnatish.
Qabul imtihonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati