Allohga shukrlar bo'lsinki, bugun yurtimizning ko'pgina maskanlarida mo'min musulmonlar uchun ko'rkam va zamonaviy, barcha sharoitlarga ega bo'lgan masjidlar qurilib, foydalanishga topshirilmoqda.
Kecha 11 sentyabr' kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi ulug' sahobiy nomi bilan atalgan «Hazrati Bilol» jome masjidi ham qaytadan qurilib foydalanishga topshirildi. Bugun ushbu masjidda mo'min musulmonlarimiz ilk juma namozini jamoat bilan ado qilishdi.
Ushbu masjidning qurilish ishlari 2018 yilning yoz faslida boshlangan bo'lib, hozirda yangi qurilgan masjid 1050 nafar namozxonni o'z bag'riga sig'dira oladi.
Bundan tashqari «Hazrati Bilol» masjidida zamonaviy tahoratxona qurib bitkazilgan. Shuningdek, masjid hovlisining tom qismi ham yopilgan. Bu esa musulmonlarning yog'ingarchilik paytida ham o'z ibodatlarini to'la to'kis ado qilishlari uchun qulay sharoitlardan biridir. Hozirda masjid kutubxonasi, qorovulxona, imom noib hamda imom xatib xonalarining qurilish jarayoni davom etmoqda.
Avvallari ushbu masjid mo'min musulmonlarning ibodat qilishi uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan edi, deydi masjid imom xatibi Ahmadjon domla Shamsixo'jayev. — Masjid asosan hashar yo'li bilan qaytadan qurildi. Bugun zamon talablariga to'la javob beradigan masjid barpo etildi. Masjidimiz qurilishida ko'makdosh bo'lgan barcha yurtdoshlarimizdan Alloh taolo rozi bo'lsin! Haq taolo ikki dunyo saodatidan bahramand qilsin!
Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar