Toshkent shahrining “Qatortol-1” mahallasida xayrli ishga qo'l urildi. Binoning eskiligi, masjidning torligi, kirib-chiqishdagi noqulayliklar va moslashtirilgan binoda joylashgani namozxonlarga qiyinchiliklar tug'dirayotgan edi. Shu sababli “Hasanxon qori” jome masjidining qayta qurilishi boshlandi. “Azon.uz” muxbiri ushbu qurilish haqida ma'lumot olish uchun mazkur masjid imom-xatibi Zikrullo Mahkamov bilan suhbat o'tkazdi.
Muxbir: – Assalomu alaykum, domla. “Hasanxon qori” masjidining tarixi va hozirgi olib borilayotgan qayta qurilish ishlari haqida gapirib bersangiz.
Imom-xatib: – Va alaykum assalom. Kelganingiz uchun rahmat, masjidimiz ilgari oziq-ovqat do'koni va uning omborxonasiga mo'ljallab qurilgan edi. Bir necha yil do'kon sifatida ishlagan binoning egasi 1993 yilda buni masjidga ehson qilib, mo'min-musulmonlar ixtiyoriga bergan. Shu tariqa mahallamiz o'z masjidiga ega bo'ldi.
Muxbir: – Masjid “Hasanxon qori” nomi bilan atalar ekan. Bu kishi kim bo'lganlar?
Imom-xatib: – O'sha paytlarda masjidni qanday nomlash haqida gap ketganda mahallaning qariyalari Hasanxon qori nomlarini tavsiya qilganlar. Bu kishi diniy idorani tashkil qilishda jon kuydirgan ulamolarimizdan eshon Boboxonning ukalari, muftiy Ziyovuddinxon hazratlariga amaki bo'lganlar. Eski shahardagi mashhur “To'xtaboyvachcha” (xalq tilida “Chaqichmon” (asli Charxchi imom) masjidi avval madrasa bo'lgan va u kishi shu erda dars berib, ko'plab shogirdlar etishtirib, millatimizga, dinimizga xizmat qilganlar. Mahallamizdagi qariyalarning ayrimlari yoshliklarida Hasanxon qorini ko'rganliklarini aytishadi. O'sha kishiga havas qilib masjidga u kishining nomini qo'yishga qaror qilindi. Mahallamizda o'sha kishining avlodlari yashaydi.
Muxbir: – Masjidni qayta qurish g'oyasi ilgari ham bormidi?
Imom-xatib: – Ha, ko'p yillardan beri masjidni qayta qurishni niyat qilib yurar edik. Bino masjidga o'xshamagan, kirish ham qibla tarafdan, ancha noqulay edi. Masjidga odam sig'maganidan kengaytirishning ilojini topolmay, hatto yaqin atrofdan boshqa er ham qidirib ko'rdik. Ammo turli sabablar tufayli bu ish amalga oshmay yurdi. Yonimizdagi to'yxonani sotib olishga qaror qildik. Katta mablag'ni yig'ish oson bo'lmadi. Azon.uz saytida Mubashshir domlaning sa'y-harakatlari bilan e'lon chiqarildi, o'sha sababli ham anchagina mablag' yig'ilib, nihoyat to'yxonani sotib oldik. Orqa tomondagi tsex sotib olingandan so'ng ham masjid namozxonlarga torlik qilar, ayniqsa juma kunlari qiyinchilik tug'dirar edi. Ilgari joyimiz 10 sotixga etib-etmas edi, hozir 30 sotixga etib qoldi, alhamdulillah. Hozir masjid loyihasi tayyorlangan. Joyimizning shakli murakkab, unga odatdagidek to'rtburchak masjid qurilsa, ancha joy yutqazib qo'yilar ekan. Shuning uchun me'morlar masjidni noan'anaviy shaklda qurishga qaror qilishdi. Bu O'zbekistondagi ilk xay-tek usulida qurilgan masjid bo'ladi.* Iloji boricha har bir metrdan foydalanishga harakat qilingan. Hozir to'yxona va tsex ham qo'shilib bitta kadastr qilindi. Masjidga kirish joyida tahoratxona quriladi. Tahoratxona ham ilgarigisidan ancha katta va qulay bo'lishi ko'zda tutilmoqda. Masjid yarim erto'la, birinchi va ikkinchi qavatlardan iborat bo'ladi. Besh vaqt namozlari eng pastki qavatda o'qiladi.
*Hay-tek (inglizcha high-tech) – “Yuqori texnologiyalar” degan ma'noni bildirib, arxitektura va dizayndagi uslubdir. Hay-tek 1970-yillarning oxirlarida modernizm negizida paydo bo'lgan va 1980-yillarda keng qo'llanila boshlagan.
Muxbir: – Ba'zan masjidlarimizda ayollar namoz o'qiydigan joylar yo'qligi sababli namozxon ayollarga qiyinchilik tug'ilyapti. Yangi masjidda bularga e'tibor berilganmi?
Imom-xatib: – Albatta, namoz vaqti kirib qolsa, ayollarimiz qayerda namoz o'qishi haqida shu paytgacha e'tibor berilmagani achinarli hol. Shu sababli qurilajak masjidda alohida kirish eshigi, tahoratxonasi bo'lgan, 60 o'rinli ayollar namozxonasi ham bo'ladi.
Muxbir: – Hozir qurilish ishlari qaysi etapda, qiyinchiliklar bo'lmayaptimi?
Imom-xatib: – Hozir eski masjidni buzish ishlari deyarli oxiriga etib qoldi. Katta qiyinchilik va mablag' bilan er ostidan o'tgan kanalizatsiya va aloqa liniyalari ko'chirib chetroq joyga o'tkazildi. Hozir qurilish qilinadigan joy tozalanib, kotlovan qurishga tayyorlandi. Hudoga shukr, hozircha mablag'imiz bor. Halqimiz, masjid qurilyapti deb, topganini olib kelyapti. Bundan boy, o'ziga to'q odamlar ham, qo'li kaltaroq kishilar ham chetda qolishgani yo'q. Bir marta qiziq voqea bo'ldi. Sardor Rahimxon degan ukamizni taniysiz. O'sha birodarimiz bir olti yashar bolani olib keldi. Haligi bola otasi bergan pullarni yig'ib, 400 ming so'm pul yig'ibdi. Keyin Sardorga “Bu pullarimni faqat masjid qurilishiga sarflayman, o'shanday joyni topib bering” debdi. Bolakay juda teran fikrli, ziyrak bola ekan. Kelib ehsonini topshirganida ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi. Saxiy bolakay quriladigan masjidning loyihalari bilan ham qiziqib, ko'rib ketdi. Masjid quraman desangiz, Alloh olti yashar bolaning ham qalbiga saxovat urug'ini solib qo'yar ekan. Yana bir kishi kelib iymanib turibdi. Keling, deb gapga soldik. U odam “masjidga ehson qilishga kelgandim, biroq boy emasman, olib kelgan pulim ko'p emas”, deb pulining kamligiga xijolat bo'layotgan ekan. Biz unga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam : “Kim qatot (erga in quradigan qush) qushining inicha yoki undan kichikroq bo'lsa-da Alloh uchun masjid bino qilsa, Alloh taolo u uchun bir bayt(uy)ni bino qiladi” degan hadislarini aytdik. Ibn Moja rivoyati.
Kelgan odamning yuzi yorishib ketdi, qilgan ishining savob ekanligi, beiz ketmasligidan quvondi. Darhaqiqat, savobning katta-kichigi bo'lmaydi, Alloh chin dildan qilingan ehsonni qabul qiladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari muftiylik paytlarida biror joyga borsalar, odamlar: “masjid qurilishini boshlamoqchi edig-u, mablag'imiz yo'q” deyishsa, “sizlar boshlayveringlar, o'zi bitib ketadi”, der ekanlar. Men hazratning o'sha gaplarining isbotini olti yashar bolada ko'rdim.
Muxbir: – Taqsir, masjid qurilishi qachon bitishi mo'ljallanyapti? Qachon yangi masjidda namoz o'qiymiz?
Imom-xatib: – Ishlar hozirgi darajada ketsa, insha Alloh kelasi yilning Ramazon oyini yangi masjidda o'qiymiz.
Muxbir: – Alloh boshlagan ulug' ish – O'zining baytini qurishda sizlarga kuch-quvvat, g'ayrat ato etsin. Qurilayotgan masjid asrlar bo'yi avlodlarga Islom ziyosini tarqatib, qurganlarga, mablag' bilan yordam berganlarga sadaqayi joriya bo'lib qolsin!
Imom-xatib: – Amiyn.
“Azon.uz” muxbiri Yoqub Umar suhbatlashdi.
Asosiy xususiyatlari: Bino va inshootlarni loyihalash, qurish va loyihalashda yuqori texnologiyalar, to'g'ri chiziqlar va shakllardan foydalanish, shisha, plastmassa, metallning keng qo'llanilishi, binoning tashqarisida funktsional elementlardan foydalanish (liftlar, zinapoyalar, shamollatish tizimlari va boshqalar)
azon.uz
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.