Uzoq umr ko'rish, keng rizqqa ega bo'lish – har bir inson orzusi. Kimdir bu yo'lda kunni tunga, tunni tongga ulab mehnat qilsa, yana kimdir boshqa choralar axtaradi. Ba'zan ming uringani bilan ishi baroridan kelmayotganidan noliydigan insonlarni uchratamiz. Bunday insonlar keng rizqqa ega bo'lish uchun har chorani ko'rishadi-yu, biroq Nabiyyi muhtaram alayhissalomning birgina hadislarini unutib qo'yishadi. Bu hadis...
“Sharhus sunna” kitobida ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning qaramog'ida uch qizi bo'lsa yoki otasi vafot etib, uch singlisi qaramog'ida qolsa, ularga mehribonlik qilib, boradigan joyida murosali yashab ketadigan darajada yaxshi odob o'rgatsa, Alloh unga jannatni vojib qiladi”, deganlar. Shunda bir kishi: “Yo Allohning payg'ambari! Qizi ikki nafar bo'lsa-chi?” deb so'radi. Rasululloh solallohu alayhi va sallam: “Ikki nafar bo'lsa ham”, dedilar. “Bir nafar bo'lsa-chi?” deb so'rashganida: “Bir nafar bo'lsa ham”, dedilar.
Ayol kishi turmush qurgunicha otasi, aka-ukasi yoki biror boshqa erkak qarindoshining qaramog'ida bo'ladi. Oila qurishi bilan erning qaramog'iga o'tadi. Taqdir taqozosi bilan qiz oilasidan ajrashib kelsa yoki turmush o'rtog'i vafot etib, beva qolsa, unga kim qaraydi?
Bunday hollarda ayolning mahramlari uni o'z holiga tashlab qo'ymasliklari, o'ksigan ko'ngliga tasalli berib, ilgarigidek yaxshilik qilishlari lozim. Bunday ezgulik xayr-ehsonning eng yaxshisi hisoblanadi.
Rivoyat qilishlaricha, bir ayol og'ir xastalikka chalinadi. Shunda u dori-darmoniga mablag' topa olmay, ming xijolat bilan ukasining xonadoniga keladi. Hol-ahvol so'rashib, gapni nimadan boshlashni bilmay turganida, ukasi: “Opa, tinchlikmi?” deb so'raydi. Opa maqsadini ming istihola bilan tushuntiradi: “Tobim qochib, shifokorga borgan edim, zudlik bilan operatsiya qilish zarurligini aytdi. Bir qancha dori-darmonlar buyurdi. Bilasan, jiyanlaring hali yosh, yolg'izman. Sendan najot istab keldim”.
Opaning nigohlari erga qadalgan edi. Uka opaning ahvolini tushunmadi yoki tushunishni istamadi. “Opa, ko'rib turibsiz, uy qurib, ta'mirlash ishlarini tugatay deb turibman. Ortiqcha mablag'im yo'q!”.
Opa ota-onasidan yolg'iz yodgorligi bo'lgan ukasining xonadonidan boshini egib chiqib ketdi.
Muolaja o'z vaqtida ko'rsatilmagani bois dard zo'rayib, opa omonatini topshirdi. Ukaning esa uyiga tasodif tufayli bir kechada o't ketib, bor-budidan ayrildi.
Shariatimiz ahkomlarida silai rahm keng targ'ib qilingan. Jamiyatda qarindoshlik aloqalarining, ya'ni silai rahmning ahamiyati adolat, yaxshilik qilish va boshqa chiroyli amallar kabi muhimdir.
Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: “Alloh taolo rahmli insonlarga rahm qiladi. Yer yuzidagilarga mehrli, shafqatli bo'ling, osmondagilar sizlarga rahm qilishadi. Rahm (qarindoshlik aloqalari) Rahmonga yaqindir. Kim qarindoshlikni bog'lasa, Alloh taolo u bilan (rahmat rishtasini) bog'laydi. Kim uni uzsa, Alloh taolo ham undan (rahmat rishtasini) uzadi” (Imom Abu Dovud va Imo Termiziy rivoyati).
Payg'ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning bu hadislarida ummatlarini silai rahmga chaqirib, qarindoshlik rishtalarini uzish Alloh taolo rahmatidan uzoq bo'lishga olib kelishi keltirilgan.
Kishi yaqinlariga yaxshilik qilmasa, tug'ishganlariga nisbatan toshbag'ir bo'lsa, bunday insonlar boshqalarga ham bemehr bo'ladi. Islom ta'limoti bunday ishlardan qat'iy ogoh etadi.
Suroqa ibn Ja'shamdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Suroqa, senga eng ulug' sadaqaning yoki sadaqadan ham ulug'roq narsaning dalolatini beraymi?” dedilar. “Ha, yo Rasululloh”, dedi. “Huzuringga qaytib kelgan va sendan boshqa ta'minotchisi bo'lmagan ayol zotiga ikrom ko'rsatmog'ing”, dedilar.
Oilasidan ajrashgan, boquvchisini yo'qotgan kishilarga, kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvatli bo'lish, ularga ham ruhan, ham ma'nan ko'mak berish Alloh taoloning rahmatiga erishish uchun muhim vosita ekanini unutmaydik.
Qarindoshlik rishtalarini turli yo'l va usullar bilan mustahkamlashga harakat qilish insonning rizqi va umriga baraka berishi haqida Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bashorat berib, bunday deganlar: “Kimni rizqu ro'zi keng bo'lishi va umri uzoq bo'lishi xursand etsa, bas, u silai rahm qilsin, ya'ni qarindoshlik rishtalarini mustahkamlasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Demak, uzoq umr ko'rish, keng rizqqa ega bo'lishning asosiy omili birgina shu hadisda aytib o'tilgan. Shunga amal qilsak, ishoning, umrimiz uzun, rizqimiz keng bo'ladi, inshoalloh!
Munira ABUBAKIROVA,
O'zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Toshkent viloyati, Chirchiq shahri “Amir o‘g‘li Hasanboy” jome masjidi