Kecha Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin domla Eshonqulov faxriy imomlar – Mahmudjon domla Ibodullayev va Habibulloh domla Boyqobilovlar bilan birga Tayloq tumanidagi “Madaniyat” jome masjidini ko'zdan kechirdilar.
Zayniddin domla Eshonqulov jomedagi bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish chog'ida masjid binosi go'zal naqqoshlik namunasi asosida bezatilgani, namozxonlar uchun tayyorlangan sharoitlar ko'ngilni xushnud qilishini ta'kidladilar. Shuningdek, mo'min-musulmon xalqimizga yanada qulayliklar qilish, pandemiya qoidalariga to'liq rioya etish yuzasidan tavsiya va ko'rsatmalar berdilar.
Shundan so'ng jamoat bilan peshin namozi ado etildi. Tashrif so'ngida faxriy imom Mahmudjon domla Ibodullayev ushbu masjid qiyomatga qadar mo'min-musulmonlarga xizmat qilishi va uning qurilishida jonbozlik ko'rsatayotgan saxovatpesha insonlarga yaxshiliklar so'rab duoi xayrlar qilindi.
Ma'lumot uchun, shu yil boshida “Madaniyat” jome masjidi yangi binosi milliy va zamonaviy me'morchilik an'analariga to'la mos holda qayta qurilib namozxonlar ixtiyoriga topshirilgan edi. Hozir masjid tahoratxonasi qayta qurilmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Cavol: Men bozorda bir do‘konni ijaraga olib, ulgurchi tarqatuvchilardan har-bir mahsulotdan bittadan olib kelib, rastaga qo‘yaman. Qachon sotilsa, o‘rniga yana olib kelaman. Yaqinda eshitib qoldim. Bu ishim joiz emas ekan. Chunki o‘zimniki bo‘lmagan narsani sotishga kirar ekan. Shu to‘g‘rimi? Men qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar mahsulotlarni sotib olib, sotsangiz, joiz bo‘ladi. Lekin ularni sotib olmagan bo‘lsangiz bu ishingiz durust emas. Chunki siz o‘zingizniki bo‘lmagan narsani sotgan bo‘lasiz. Shuningdek, bir mahsulotni “Qachon, sotilsa, pulini beraman” degan shart bilan olsa ham savdo durust bo‘lmaydi.
Agar mahsulotni sotib olmoqchi bo‘lmasangiz, mahsulot egasining vakili sifatida sotib, bu ishingiz uchun xizmat haqqi olishingiz ham joiz. Lekin bu holatda qanchaga sotilsa, hammasini mol egasiga berish lozim bo‘ladi ("Al-Bahrur-roiq" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.