Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Qur'onning bo'lak-bo'lak bo'lib nozil qilinishining hikmati

7.09.2020   2780   13 min.
Qur'onning bo'lak-bo'lak bo'lib nozil qilinishining hikmati

          Qur'oni karim turli xil voqea-hodisalarga javoban bo'lak-bo'lak bo'lib nozil bo'lishida davom etar edi. Gohida bir sura to'laligicha nozil bo'lardi. Masalan, “Fotiha”, “Muddassir” suralari va “An'om” surasining uch oyatidan boshqa barcha oyatlari Makkada birdaniga nozil bo'lgan. Gohida o'nta oyat nozil bo'lar edi. Masalan, “Mo'minun” surasining avvalgi o'n oyati va “Nur” surasidagi “ifk” voqeasini bayon qiluvchi o'nta oyat shular jumlasidandir. Gohida esa, beshta oyat nozil bo'lar edi va bunday tartibda nozil bo'lish ko'proq uchrar edi. Bundan tashqari oyatning bir bo'lagi nozil bo'lganligi haqida ham ishonchli rivoyatlar bor. Masalan, “Niso” surasidagi 95-oyatning غَيْرُ أُولِي الضَّرَرِ  “shikast etmaganlar” jumlasi shu oyatning لَا يَسْتَوِي الْقَاعِدُونَ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ ----- وَالْمُجَاهِدُونَ فِي سَبِيلِ اللَّهِ بِأَمْوَالِهِمْ وَأَنْفُسِهِمْ

“Mo'minlardan (jihodga chiqmay) o'tirib olgan kishilar bilan Alloh yo'lida mol va jonlari ila kurashgan zotlar barobar bo'lmaydi...” jumlasidan keyin nozil bo'lgan. Shuningdek, “Tavba” surasidagi 28-oyatning وَإِنْ خِفْتُمْ عَيْلَةً فَسَوْفَ يُغْنِيكُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ إِنْ شَاءَ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ حَكِيمٌ“Agar sizlar kambag'allikdan qo'rqsangizlar, yaqinda (Alloh) xohlasa, O'z fazlu karami bilan sizlarni boy-badavlat qilajak. Albatta, Alloh bilim va hikmat sohibidir” jumlasi, aynan shu oyatning يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْمُشْرِكُونَ نَجَسٌ فَلَا يَقْرَبُوا الْمَسْجِدَ الْحَرَامَ بَعْدَ عَامِهِمْ هَذَا“Ey mo'minlar, hech shak-shubhasiz, mushriklar nopok kimsalardir, bas, bu yildan so'ng masjidul haromga yaqin kelmasinlar!” jumlasidan keyin nozil bo'lgan.

         Qur'onning nozil bo'lishi nihoyasiga etgunicha ish shu zaylda davom etdi va shu tariqa shariat ahkomlari mukammal bo'ldi.

         Qur'onning bo'lak-bo'lak bo'lib nozil bo'lishining hikmati haqida ulamolar bir nechta fikrlarni aytishgan. Ular quyidagicha:

  1. Rasululloh alayhissalomning qalblariga taskin berishlik, u kishiga Qur'on oyatlarini yod olish oson bo'lishi uchun bo'lak-bo'lak bo'lib nozil qilindi. Bunga ushbu oyat ishora qiladi:

وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْلَا نُزِّلَ عَلَيْهِ الْقُرْآَنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً كَذَلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِ فُؤَادَكَ وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلًا

ya'ni: “Kofir bo'lgan kimsalar: “Nega bu Qur'on unga (payg'ambarga) yaxlit bir to'plam holida nozil qilinmadi?”, – dedilar. (Ey, Muhammad!) Biz u (Qur'on) bilan sizning dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (oz-ozdan nozil qildik) va uni tartili bilan (ravon) o'qib berdik” (Furqon surasi, 32-oyat).

         Payg'ambar alayhissalom o'qishni ham, yozishni ham bilmaydigan besavod kishi edilar. Avval o'tgan payg'ambarlar esa, o'qish-yozishni biladigan zotlar bo'lib, birdaniga nozil bo'lgan kitobni yodlab, esda saqlab qolishga imkoniyatlari bor edi.

  1. Allohning hikmati azaliysida Qur'on oyatlarining ichida nosix va mansuxi ham bo'lishi belgilab qo'yilgan edi. Nosix va mansux esa, tabiiyki Qur'on faqat bo'lak-bo'lak holda nozil bo'lgandagina bo'lishi mumkin.
  2. O'sha davrda yashayotgan kishilarning qalblariga o'rnashishi uchun, unga amal qilishlari oson bo'lishi uchun ba'zi oyatlar savolga javob tariqasida, ba'zi oyatlar esa voqea-hodisaga oydinlik kiritish uchun nozil bo'ldi. Bu ham Qur'onning parcha-parcha bo'lib nozil bo'lishini taqozo qiladi.
  3. Qur'onning parcha-parcha bo'lib nozil bo'lishi bandalar uchun Allohning bir mehribonchiligi. O'sha davrda yashayotgan kishilar hech qanday harom ishlardan tiyilmagan edilar. Agar Qur'on ularga bir to'plam bo'lib nozil bo'lganida, undagi majburiyatlar ular uchun og'ir bo'lar edi. Natijada, ular Qur'onda kelgan buyruq va qaytariqlarni bajarishdan bosh tortgan bo'lar edilar. Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilgan quyidagi xabar ushbu so'zni tasdiqlaydi.

إنَّما نَزَلَ أوَّلَ ما نَزَلَ منه سُورَةٌ مِنَ المُفَصَّلِ، فِيهَا ذِكْرُ الجَنَّةِ والنَّارِ، حتَّى إذَا ثَابَ النَّاسُ إلى الإسْلَامِ نَزَلَ الحَلَالُ والحَرَامُ، ولو نَزَلَ أوَّلَ شيءٍ: لا تَشْرَبُوا الخَمْرَ، لَقالوا: لا نَدَعُ الخَمْرَ أبَدًا، ولو نَزَلَ: لا تَزْنُوا، لَقالوا: لا نَدَعُ الزِّنَا أبَدًا،

ya'ni: “Eng avvalo, jannat va do'zax zikri kelgan qisqa suralar nozil bo'ldi. Odamlar islomga butun vujudlari bilan kirganlaridan keyin halol va harom haqidagi oyatlar nozil bo'ldi. Bordiyu, agar boshidanoq: “aroq ichmanlar”, “zino qilmanglar”, degan buyruq nozil bo'lganida, odamlar: “aroq ichishni tashlamaymiz”, “zino qilaveramiz”, deb aytgan bo'lar edilar”.

         Shunday qilib siz yuqorida Qur'onning parcha-parcha bo'lib nozil bo'lganligi va uning ba'zi sabablari bilan tanishdingiz. Endi esa, Qur'onning ushbu tartibda nozil bo'lganligi haqidagi rivoyatlar bilan “Qadr” surasining birinchi oyati:

إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ

ya'ni: “Albatta, Biz uni (Qur'onni) qadr kechasida nozil qildik” ni muvofiqlashtirib olishimiz qoldi. Bu ikki hil tushunchani muvofiqlashtiruvchi eng yaxshi fikr quyidagicha: Qur'onning qadr kechasida nozil bo'lishi uning nozil bo'la boshlashidir. Qur'onning nozil bo'lishi qadr kechasidan boshlanganligi bilan esa, siz keyinroq tanishasiz, inshaalloh. 

Sababi nuzul (Qur'onning nozil bo'lish sabablari)ni bilishning foydasi 

         Yuqorida siz Qur'onning ma'lum voqea va hodisalar sababli nozil bo'lishligini bildingiz. Ana shuning nomini “sababi nuzul” (Qur'onning nozil bo'lish sababi) deyiladi. Qur'onni tafsir qilishda, uni to'g'ri tushunishda o'sha sabablarni bilishning ahamiyati kattadir. Chunki, sababi nuzul Qur'on oyatlarini to'g'ri tushunishda, uning sir-sinoatlaridan boxabar bo'lishda qo'l keladigan ma'naviy ishoralardir. Quyida keltiriladigan ikkita misolda bu yaqqol namoyon bo'ladi:

  1. Marvon ibn Hakamdan rivoyat qilinishicha, u kishi Oli Imron surasining 188-oyati bo'lmish:

لَا تَحْسَبَنَّ الَّذِينَ يَفْرَحُونَ بِمَا أَتَوْا وَيُحِبُّونَ أَنْ يُحْمَدُوا بِمَا لَمْ يَفْعَلُوا فَلَا تَحْسَبَنَّهُمْ بِمَفَازَةٍ مِنَ الْعَذَابِ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ

ya'ni: “O'z qilmishlari bilan mag'rurlanadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan xalos bo'ladilar deb, hisoblamang, aslo! Ularga (oxiratda) alamli azob (bordir)ni noto'g'ri tushunib: “Agar qilgan ishi bilan xursand bo'ladigan va qilmagan ishi evaziga maqtov eshitishni yoqtiradigan har bir kishi azoblanadigan bo'lsa, demak biz hammamiz ham azoblanar ekanmizda”, dedi. Ibn Abbos raziyallohu anhu bu oyatni ahli kitoblar haqida nozil bo'lganligini bayon qilganlaridan keyin, ya'ni Payg'ambar alayhissalom ulardan biror narsa haqida savol so'raganlarida, ular so'ralgan narsa o'rniga boshqa gapni aytib, o'zlarini go'yo savollariga javob bergandek tutishar edi, keyin buning evaziga u kishidan maqtov talab qilishar edi. Ibn Abbos raziyallohu anhu shu gaplarni aytib berganlaridan keyingina Marvon ibn Hakam oyatni noto'g'ri tushunganligini anglab etdi.

  1. Qudoma ibn Maz'undan rivoyat qilinishicha, odamlar u kishini aroq ichganlikda ayblab hazrati Umar raziyallohu anhuning huzurlariga olib kelishadi va so'zlarini isbotlab ham berishadi. Umar raziyallohu anhu unga: “Ey Qudoma, endi men senga darra urdiraman”, dedilar. Qudoma esa: Agar men mana bular aytganday aroq ichgan bo'lganimda ham, siz menga darra ura olmaysiz, dedi. Nima uchun? – dedilar Hazrati Umar raziyallohu anhu. Shunda Qudoma: “Alloh taolo Qur'onda:

لَيْسَ عَلَى الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ جُنَاحٌ فِيمَا طَعِمُوا إِذَا مَا اتَّقَوْا وَآَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ ثُمَّ اتَّقَوْا وَآَمَنُوا ثُمَّ اتَّقَوْا وَأَحْسَنُوا وَاللَّهُ يُحِبُّ الْمُحْسِنِينَ

ya'ni: “Imon keltirgan va savobli ishlarni qilganlar uchun – agar imonda va savobli ishlarda davom etsalar, so'ngra taqvo qilib, imon keltirsalar, so'ngra taqvo qilib, ezgulik qilsalar oldin eb-ichgan narsalarida gunoh yo'qdir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi”, degan (Moida surasi, 93-oyat). Men o'sha imon keltirgan va solih amal qilgan, so'ngra taqvo qilgan va imon keltirgan, so'ngra Allohdan qo'rqib, chiroyli amallar qilgan kishilar toifasidanman. Men Rasululloh s.a.v. bilan birga Badr, Uhud, Handaq va boshqa g'azotlarda qatnashganman”, dedi. Shunda Umar r.a. odamlarga qarab: “Buning gapiga nima deb javob berasizlar?” – dedilar. Shunda Ibn Abbos r.a.: “Bu sen aytgan oyatlar aroq harom qilinishidan avval o'tganlar uchun uzur tariqasida, keyingilar uchun hujjat tariqasida nozil bo'lgan. Chunki, Alloh taolo keyingilar uchun:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ  إِنَّمَا يُرِيدُ الشَّيْطَانُ أَنْ يُوقِعَ بَيْنَكُمُ الْعَدَاوَةَ وَالْبَغْضَاءَ فِي الْخَمْرِ وَالْمَيْسِرِ وَيَصُدَّكُمْ عَنْ ذِكْرِ اللَّهِ وَعَنِ الصَّلَاةِ فَهَلْ أَنْتُمْ مُنْتَهُونَ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho'plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Shayton may bilan qimor (yordami)da o'rtalaringizga adovat va nafrat solishni va sizlarni Allohning zikri hamda namozdan qaytarishni xohlaydi. Bas, endi, sizlar (may ichishdan) tiyiluvchimisiz?” (Moida surasi, 90-91-oyatlar), degan. Agar sen imon keltirgan va yaxshi amal qilgan, so'ngra taqvo qilib imon keltirgan bo'lsang, darhaqiqat Alloh seni aroq ichishdan qaytargan” – dedi. Shunda Umar r.a.: “To'g'ri javob berdingiz” – dedilar.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining

birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov.

https://t.me/tuhur

  


 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

25.12.2024   3321   1 min.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.


Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.


Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).


Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun
O'zbekiston yangiliklari