Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Olislarga sayohat: Shvetsiyada islom

5.09.2020   2850   5 min.
Olislarga sayohat: Shvetsiyada islom

Shvetsiya Skandinaviya yarim orolining sharqiy qismida joylashgan. G'arbda Norvegiya, shimol va shimoli-sharqda Finlyandiya, sharqda Botnik bo'g'ozi va Baltika dengizi, janubi-g'arbda Kattegat suvi quyiladigan joy bilan chegaradosh. 2009 yil Shvetsiya aholisining soni 9.3 million kishiga etdi. Ushbu mamlakat maydoni jihatidan g'arbiy Yevropada uchinchi o'rinni egallaydi[1]. Shvetsiya parlamentar demokratik ko'rinishdagi konstitutsional monarxiya davlati. U eng rivojlangan va taraqqiy etgan Yevropa davlatlaridan hisoblanadi. Halqaro ko'rsatkichlarda mamlakat yuqori o'rinlarni zabt etib kelmoqda. Jumladan, aholining turmush darajasi, ularning uzoq umr ko'rishi, fuqarolar teng xuquqligi, tinchlik-totuvlik darajasi bo'yicha bir qator demokratik institutlar tomonidan yuqori baholangan.

Shvetsiya Yevropa mamlakatlari ichida aholisi kamligi bilan e'tiborga olinadi. Shimoliy qismida Lab jamoasi yashaydi, bu qism aholisi kam.        U Shvetsiya territoriyasining yarmidan ko'pini o'z ichiga olgani bilan, aholisi Shvetsiya aholisining umumiy sonidan 20 foizini tashkil qiladi. Janubiy qismi esa ancha zich bo'lib, aholining 80 foizi shu tarafda yashaydi. Lab aholisining soni 13 mingga etadi. Shuningdek, asli finlyandiyalik yarim mln. kishi, ozchilikni tashkil etuvchi musulmonlar: turk, arab, yugoslav, pokistonlik muhojirlar bor.

Bugungi kunga qadar Shvetsiya aholisi etnik, til va din jihatidan bir xildagi fuqarolardan iborat bo'lib kelgan bo'lsa, so'nggi 6 yil mobaynida ko'plab mamlakatlardan etnik-madaniy va diniy xilma-xil bo'lgan aholining ko'chib kelishi kuzatilmoqda. Hozirda, Shvetsiyada muqim yashayotgan 2 milliondan ortiq fuqaro chet el mamlakatlarining aholisi sanaladi. Ilgari mamlakatda faqatgina Shved tilida muloqat qilingan bo'lsa, bugun 200dan ortiq til muomala vositasi sifatida qo'llanilmoqda. Shuningdek, Shvetsiya turli konfessiyali jamiyatga aylanib bormoqda. Shvetsiyaga ko'chib boruvchilarning davom etishi sababli Shvetsiya jamiyatida din ham yangi ko'rinishlarga ega bo'lib bormoqda. Bu yangi masjidlarning qurilishi, Ramazon bayramining nishonlanishi, maktablarda diniy o'quv kurslarining tashkil etilishida yaqqol namoyon bo'lmoqda. Shvetsiyada dinga nisbatan munosabatlarning o'zgarib borishi, dinning jamiyatdagi o'rnini to'g'ri tushunishga hamda boshqa din vakillariga nisbatan xolis munosabatda bo'lishga sabab bo'lmoqda. 

Aholining aksariyat qismi (73% 2008 y) Shvetsiya cherkovining a'zosi sanaladi. Yevangeliya Lyuteran cherkovi mamlakatning sobiq davlat cherkovi hisoblanadi. 2008 yilda oila qurganlarning 40%idan ortig'i Shvetsiya ibodatxonasida o'z nikohlarini nishonladilar. Tahminan, barcha yangi tug'ilgan farzandlarning 60%i cho'qintirildi hamda vafot etganlarning 83%i  Shvetsiya ibodatxonasi an'analariga munosib tarzda dafn etildi[2].

Biroq, Shvetsiya dunyoviy davlat hisoblanadi, diniy an'analarning amalga oshirilishi esa har bir shahsning “shahsiy ishi” sanaladi.                       Shuni alohida ta'kidlab o'tish joizki, Shvetsiya dunyoviylashgan mamlakatlardan biri sifatida dunyoga mashhur. Aholi asosan o'zining hayotining muhim vaqtlaridagina cherkovga murojaat qilish holatlari kuchaygan[3]. Shvetsiya ibodatxonasining ma'lumotlariga ko'ra, ibodatxona a'zolarning bor yo'g'i 2 %i muntazam ravishda ibodat marosimlarini ado etadilar. Yevropaning so'nngi tadqiqot ma'lumotlariga ko'ra, Shvetsiya aholisining 23% dinga e'tiqod qiladi. Aholining 85%ini esa biror-bir dinga e'tiqod qilmaydiganlarni tashkil etadi. Aholi kelib chiqishiga ko'ra 90.1% protestant, 1.8% katolik, 8.2% boshqa dinga e'tiqod qiluvchilardan iborat. Boshqa dinga e'tiqod qiluvchilar guruhini asosan musulmonlar (Islom din) tashkil etadi. Bugungi kunda, Shvetsiyada Islom diniga e'tiqod qiluvchilarning soni taxminan 250,000 va 300,000 atrofida.

Shvetsiyaga ko'chib borgan birinchi musulmon rus tatarlari u erda ikkinchi jahon urushi oxirigacha qoldilar. Shuning ta'sirida Shvetsiya mahalliy aholisi islomni qabul qila boshladi. Keyingi yillarda musulmonlar soni sanoatda ishlash uchun ko'chib borgan musulmon ishchilari hisobiga ko'paydi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Shvetsiyada musulmonlar soni ming kishi atrofida edi, 1972 yilga kelib ularning soni turli millatlarga mansub 18 ming musulmonga etdi. Ulardan 300 musulmon asli shvedlar, 9 ming musulmon turk va tatar, 3 ming arab, taxminan 2 ming yugoslav va qolgan 4 ming musulmon boshqa millatlarga mansub. Shvetsiyadagi musulmonlarning aksarini yugoslavlar, undan keyin turklar tashkil qiladi.

Musulmonlar Stokgol'm, Gyoteborg va Mal'myo shaharlarida yashaydilar. Yaqinda Shvetsiya hukumati shved musulmonlarini e'tirof etdi, ya'ni Islom Shvetsiyada e'tirof etilgan din bo'ldi.

Davron NURMUHAMMAD

 

[1] Qarang: www.sweden.se/facts

[2]www.svenskakyrkan.se/default.aspx?di=37017

[3] Backstrom et al., Religious Change in Northern Europe, The Case of Sweden, 87-88. “What in normal everyday life is religiously abnormal in Sweden, is considered religiously normal in abnormal situations.” 139

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Biz kimlarning vorislari edik?

20.12.2024   6416   6 min.
Biz kimlarning vorislari edik?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kishilik tarixini kuzatsak, kishi har bir zamon va jamiyatning salohiyati, ravnaqi uning ilmga bo‘lgan munosabati bilan o‘lchanishini bilib olamiz. Musulmonlar ham Allohning buyruqlari va Uning Rasuli ko‘rsatmalariga amal qilib, ilmu irfonni o‘rgangan, ma’rifatga talpingan davrlarida qo‘llari uzun, tillari o‘tkir, martaba-maqomlari baland bo‘lgan. Aksincha, ilm-fandan yuz o‘girib, loqaydlik va tanballik tufayli jaholatga yuz burishganida qo‘llaridan nusrat, saltanat, sarvat ketgan, o‘zlari xo‘rlanishgan.

Ilm insonga nima foyda-yu, nima zarar ekanini bildiradi, kishi orzu-maqsadlariga faqat ilm orqali yetishadi. Ilmu irfondan yuz o‘girgan yoki ilm olishga layoqati past bo‘lgan jamiyat esa hamisha kimgadir yukunib yashashga mahkum bo‘ldi. Zero, Alloh taolo ham Qur’oni Karimda: «...Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘larmidi?!» (Zumar surasi, 9-oyat) deb bu borada aniq mezonni belgilab berdi.

Azal-azaldan bu yurtning nuri butun dunyoga taralib, porlab turgani sir emas. Masalan, Imom Buxoriyni kim bilmaydi? Imom Termiziyni, imom Dorimiyni-chi? Yoki Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Mu’iyn Nasafiy kabi ulug‘ zotlarni kim e’tirof etmaydi? Bu ulug‘ imomlarning ilmiy meroslari asrlar davomida ushbu zaminning buyuk tarixidan dalolat berib kelmoqda. Butun Islom olami Buxoro so‘zini eshitganda cheksiz hurmat bajo keltirishi hammamizga ma’lum. Bunday ehtirom, avvalo buyuk vatandoshimiz – Imom Buxoriy hazratlari, qolaversa, yurtimizda yetishib chiqqan ulamolar sharofatidan.

Movarounnahr diyori har bir asrda Islom olamiga buyuk allomalarni, dunyo tan olgan olimlarni yetkazib bergani tarixiy haqiqat. Masalan, hijriy II asrda atoqli fiqh olimi Abu Hafs Kabir Buxoriy va ulug‘ muhaddis Abdulloh ibn Muborak yashab o‘tishgan bo‘lsa, keyingi asr Muhammad ibn Ismoil Buxoriy va Abu Iyso Termiziylarning davri bo‘ldi. To‘rtinchi asrda Abu Mansur Moturidiy, beshinchi yuzyillikda Abul Mu’in Nasafiy, oltinchi asrda Abul Qosim Zamaxshariy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Alouddin Kosoniy, yettinchi asrda Abul Barakot Nasafiy kabi ulug‘ Islom olimlari yetishib chiqdi.

Ilm-fanning boshqa sohalarini olib ko‘rsak, bu boradagi yutuqlar ham ilg‘or bo‘lgan. Masalan, Kosinuslar teoremasini birinchi bo‘lib Abu Rayhon Beruniy kashf qilgan bo‘lsa-da, olti yuz yildan keyin Ovrupada fransuz olimi Veitga nisbat berildi. Paleontologiya va sedimentologiya sohasida ilk marta tajriba o‘tkazib, bu bo‘yicha kitob ham yozgan Abu Ali ibn Sino bo‘lsa-da, Albertga «Buyuk Albert» unvoni berildi.

Birgina tibbiyot sohasida yurtimizdan chiqqan ulug‘ olim va hakim Abu Ali ibn Sinoni butun dunyo zamonaviy meditsinaning otasi deb tan olgani, uning tibbiyotga oid «Al-Qonun» kabi shoh asari XVI asrgacha G‘arbdagi barcha tibbiyot dorilfununlarida darslik qilib o‘qitilgani, zamonaviy tibbiyot juda ko‘p jabhada Ibn Sinodan o‘rganganini gapirib o‘tirmaymiz. Chunki bu dalillarni Sharqu G‘arbda hamma juda yaxshi biladi.

Ulug‘ vatandoshimiz Muso Muhammad Xorazmiy birinchi bo‘lib algebra faniga asos solgan, «algebra» istilohi uning «Al-jabr val-muqobala» risolasidan olingan, olimning nomi esa «algoritm» shaklida fanga kirgan, uning arifmetikaga oid risolasi XII asrdayoq Ispaniyada tarjima qilinib, shu asosda darslik yozilgan. Yana bir ulug‘ olimimiz Ahmad Farg‘oniy falakshunoslikning (astronomiya) otasi sanaladi, uning «Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum» kitobi XII asrda Ovrupa tillariga tarjima qilinib, «Alfraganus» degan lotincha nom bilan bir necha asr mobaynida G‘arb universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Dunyoda birinchi hisoblash markazi Samarqand shahrida Mirzo Ulug‘bek rahbarligida qurilgan. XV asrda Mirzo Ulug‘bekning mashhur rasadxonasida ishlagan G‘iyosiddin Jamshid Koshiy birinchi bo‘lib o‘nli kasrlarni kashf etgan. Ovrupada esa undan 175 yil keyin Simon Stevin bunday sonlar haqida ilk fikrlarini ommaga taqdim etdi.

Yana bir atoqli qomusiy olimimiz Abu Rayhon Beruniy Xristofor Kolumbdan ancha oldin ummon ortida noma’lum qit’a borligini aytgan, Galileydan 600 yil avval Yerning aylanishini isbotlab va izohlab bergan, birinchi globusni yasagan, Yer bilan Oy o‘rtasidagi masofani o‘lchagan, konuslar teoremasini fransuz olimi Ventdan 500 yil oldin kashf etgan.

IX asrning 1-yarmida xalifa Ma’mun tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan «Bayt-ul hikma» («Bilim uyi») deb atalgan akademiyaga ham marvlik Abu Ali Yahyo ibn Mansurdan keyin Muhammad Xorazmiy rahbarlik kilgan edi. Bu davrda Xorazmiy nasabi shu darajada mashhur bo‘lib ketdiki, kimning Xorazmiy nasablik shogirdi bo‘lsa, obro‘ hisoblanar edi.

Endi shu joyda ozgina bugungi kunimizga nazar tashlaylik. Bugungi kunda ilm olish uchun hech qanday monelik yo‘q, aksincha, chorlov bor, imkoniyat bor. Ammo bizda rag‘bat yo‘q, ixlos sust, g‘ayrat-harakat yetishmayapti. Qanchalab vaqtimizni behuda amallarga, nomaqbul o‘tirishlarga, noshar’iy marosimlarga sarflab yuboryapmiz. Ilm olishga, hech bo‘lmasa, dunyo hayajon bilan voqif bo‘layotgan xabar-ma’lumotlar bilan tanishib qo‘yishga esa vaqt-imkon «topa olmayapmiz». Yaqin o‘tmishimizdagi oila dasturxoni ustida xonadon kattasining ertalab va kechqurunlari ilmiy-axloqiy mavzularda ixchamgina ma’rifiy suhbat qilgani, tojir, hunarmand va ziroatchilar uzoq qish oqshomlarida bir ustoz etagini tutib, ilm majlislari tashkil etishgani, yoshlarning ilm talabida hatto qo‘shni yurtlardagi ustozlarnikiga qatnashgani kabi holatlar bugun erish tuyuladigan bo‘lib qoldi.

Kundalik tashvishlarni bir chekkaga surib turib, o‘tmish va bugunimizni qiyoslab ko‘raylik. Kecha kim edik, kimlarning vorislarimiz degan savolni berish bilan birga unga yechimni izlaylik. Ajab emaski, shunda insoniyat tamaddunida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish bilan bir qatorda dunyo peshqadamlariga aylansak.

Mahmud Mahkam