Kuni kecha O'zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a'zosi, ko'p yillar diniy sohada mehnat qilgan, fazilatli ulamo Hoji Mustafoqul domla Melikov vafot etganlari haqida xabar bergan edik.
Bugun, 3 sentyabr' kuni muhtaram Prezidentimizning marhum ulamo farzandlari va yaqinlariga chuqur hamdardliklarini etkazish uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov va O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh mutasaddilar, ulamolar va imom-domlalar hoji Mustafoqul domla xonadoniga tashrif buyurdilar. Dastlab, Qur'oni karim oyatlari tilovat qilinib, marhum ulamoning ruhi pokiga baxshida etildi.
Tashrif asnosida mahzun ko'ngillarni juda ham keng yorishtirgan eng asosiy ish shu bo'ldiki, Davlatimiz Rahbari tomonlaridan hoji Mustafoqul domlaning eng og'ir va sinovli damlardagi fidokorona mehnatlarini yuksak qadrlab, rahmatli ulamo 35 yil mehnat qilgan Samarqand viloyatidagi jome masjidni eng zamonaviy shakl va milliy me'morchiligimiz an'analariga mos holda bunyod etish topshirig'i berildi. Shuningdek, yangidan barpo etiladigan muhtasham jome masjidga Hoji Mustafoqul domla nomini qo'yilishi alohida ma'lum qilindi.
Ushbu qalblarga yorug'lik baxsh etuvchi xabarlarni eshitgan hoji Mustafoqul domlaning ahli ayoli Fotima hoji ona, farzandlari Abdulloh, Ubaydulloh, yoru do'stlari va shogirdlari ko'zlarida yosh ila muhtaram Prezidentimizdan juda ham cheksiz-cheksiz minnatdor ekanlarini izhor etib, qalblaridagi eng ezgu duolarini qildilar.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan bir imom domlaning sharafiga katta bir masjid barpo etilishi Samarqand viloyati tarixida ilk marta yuz bermoqda.
Ta'kidlash joizki, ushbu fazilatli ulamoni qadrlash Yangi O'zbekistonda din sohasi va imom-domlalarga berilayotgan yuksak e'tiborning yana bir bor yaqqol namunasi bo'ldi. Tan olish kerakki, yurtimizning yaqin o'tmishida bir imom-domlaga bu darajada e'tibor qilinmagan edi.
Taraqqiyotimizning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz boshchiliklarida Islom dini ma'rifatini keng tarannum etish, masjid-madrasalarni obod etish va ulamolarni, imom-domlalarni munosib qadrlash yo'lida juda ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi tarixiy o'zgarishlar va voqealarni hammamiz ko'rib, eshitib, bevosita guvohi bo'lib turibmiz. Bularning zamirida Yaratgan Parvardigorning irodasi ila bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qilishimiz hamda Davlatimiz Rahbari atrofida jipslashib yorqin kelajak va yuksak taraqqiyot sari dadil sa'y-harakatlarimiz mujassamdir.
Darhaqiqat, Islom dinining ezgu ta'limotlarini keng tarannum etish va Haq taoloning diniga xizmat qilish savobi ulug' amallardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda O'z diniga xizmat qiluvchilarni shunday madh etadi: “Ey, imon keltirganlar! Agar sizlar Allohga yordam bersangiz (dinining rivoji uchun harakat qilsangiz), U ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur” (“Muhammad” surasi, 7-oyat).
Oyati karimada ta'kidlanganidek, rahmatli Hoji Mustafaqul domla ana shunday yaxshi va ezgu xislatlar egasi edilar.
Alloh taolo oxirat safariga kuzatilgan bu fazilatli olimni mag'firatiga olsin, yaqinlariga sabru jamil berib, qazoi qadarlarini imon ila, rozilik ila qarshi olganlar qatorida ajru mukofotlar ato etsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so'raymizki, marhum olimni nomiga bunyod etiladigan ulkan jome masjid Qiyomatga qadar mo'min-musulmonlarimiz xizmatida bo'lib, Qur'oni karim tilovatlari va duoyu iltijolar bardavom bo'lsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 4 fevral kuni Nukus shahridagi “Imom eshon Muhammad” jome masjidida fevral oyida umra safariga boruvchi fuqarolar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning respublikadagi bosh mutaxassisi N.Jamalov, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Haj va umra masalalari bo‘yicha mutaxassis M.Abbazov va ziyoratchilar guruhi rahbari I.Jaksimuratovlar qatnashdi.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov ishtirokchilarga ziyorat qilish tartibi, muborak joylar odobiga rioya qilishni ta’kidlash barobarida so‘nggi yillarda yurtimizda, ayniqsa, diniy sohada bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati