Juma ibodatiga ruxsat bo'lib, unga tayyorgarlik ko'rilayotgan ayni kunlarda yana bir xursandchilik sodir bo'ldi. Ya'ni yurtimiz mo'min-musulmonlarimizga xizmat qiladigan masjidlar soni yana bittaga ko'paydi.
Ushbu masjid Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Qizilsoy” mahallasi, buyuk ipak yo'li ko'chasi, 40 uyda faoliyat olib boradi. Mazkur masjid nomi Hazrati Mu'oz ibn Jabal roziyallohu anhu nomlariga qo'yildi.
Ma'lumot uchun, Mu'oz ibn Jabal masjidi ochilishi bilan Toshkent viloyatidagi masjidlar soni 226 taga etib, Respublikamiz bo'yicha Samarqand viloyatidan keyin masjidi ko'p hududga aylandi. Shu tariqa yurtimizdagi masjidlar soni 2073 taga etdi.
Yaqinda ham yangi ochilgan masjidlar haqida ma'lumot bergan edik.
Masjid barpo etish va ochishda ko'makdosh bo'layotgan barcha yurtdoshlarimizni Haq taolo ikki dunyo saodatidan bahramand etsin, yangi jome barchamizga muborak bo'lsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo'limi
Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov raisligida Zangiota tumanidagi «Eshonguzar» jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘MI Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Muzaffar domla Kamolov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, bosh imom o‘rinbosarlari, Zangiota tumanidagi masjidlar imomlari, hududlardagi hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishdan so‘ng tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga kirilib, ularga zarur ko‘maklar ko‘rsatildi.
Shuningdek, arzimas sabablar bilan nizolashgan oilalar, kelin-kuyovlar kayvoni hoji otanlar, hoji onalar ko‘magida yarashtirildi.
Tumandagi 21 ta masjid imom-xatiblari hojilar bilan birga bilib-bilmay aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan yoshlar bilan ham suhbatlar olib borishdi. Ularga Imom Moturidiy rahimahullohning ta’limoti tushuntirildi.
Bir kunning o‘zida o‘nlab oilalarga kirib, ko‘ngli o‘ksiklar holidan xabar olish, yosh oilalarni yarashtirish, adashgan insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish – savobi ulug‘ amal. Zero, hadisi sharifda Nabiyyi muhtaram alayhissalom: «Kim bir mo‘mindan bu dunyo mashaqqatlaridan bir mashaqqatni ketkazsa, Alloh taolo undan Qiyomat kuni mashaqqatlaridan birini ketkizadi. Kim bir kambag‘alning ishini yengillatsa, Alloh uning bu dunyoyu oxiratidan ishlarini yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo uning aybini bu dunyoyu oxiratda berkitadi. Modomiki banda o‘z birodarining yordamida ekan, Alloh ham uning yordamida bo‘ladi», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati