بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلِّهِ الَّذِي وَعَدَ الصَّابِرِيْنَ أَجْرَهُمْ بِغَيْرِ حِسَاب، وَجَعَلَ لَهُمُ الْعَوَاقِبَ الْجَمِيْلَةَ يَوْمَ الْمَآب، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِ الشَّاكِرِيْنَ وَعَلَى آلِهِ وَاَصْحَابِهِ أَجْمَعِيْن، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِاِحْسَانٍ اِلَي يَوْمِ الدِّيْن
SABR VA ShUKRNING FAZILATI
Muhtaram jamoat! Alloh taologa beadad shukrlar bo'lsinki, bugungi kunda xalqimiz boshiga tushgan qiyinchilikdan keyin engillik keldi. Besh oydan ortiq tanaffusdan keyin masjidlarimizda jamoat va juma namozlari ado qilish boshlandi.
Bu sinovli kunlarda bir qancha mutasaddi tashkilotlarning fidokorona xizmatini alohida qayd etish lozim. Jumladan, Respublika maxsus komissiya a'zolari, tibbiyot mutaxassislari, ichki ishlar xodimlari va boshqa bir qancha tashkilotlar tunu-kun tin olmasdan, yurtdoshlarimizni xizmatlarida shay turdilar. Alloh taolo bu ezgu ishga hissa qo'shgan barcha insonlarni ikki dunyolarini obod qilib, ko'plab ajru savoblar bilan mukofotlasin!
Bugungi mav'izamiz insoniy fazilatlarning eng go'zali va inson kamolotining belgisi bo'lmish sabr haqida ekan, avvalo sabrning o'zi nima ekani haqida qisqacha to'xtalib o'tsak.
Qur'oni karimning yuzga yaqin oyati karimalarida mo'min-musulmonlarni sabr qilishga chaqirgan. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اصْبِرُوا وَصَابِرُوا وَرَابِطُوا وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Sabr qilingiz, bag'rikeng bo'lingiz va (Alloh yo'liga) taxt bo'lib turingiz va Allohdan qo'rqingiz, zora (oxiratda) najot topsangiz”! (Oli Imron surasi, 200-oyat).
Ma'lumki, barchamiz bir qancha vaqtdan beri boshimizga kelgan bu kasallik tezroq ko'tarilsayu, yana masjidlarimiz ochilib, besh vaqt va juma namozlarini jamoat bilan ado qilsak degan umidda edik. Alhamdulilloh, mana bugun bir qancha orzularimizga erishib, juma namozini ham ado qilish baxtiga muyassar bo'lib turibmiz. Bu ham bo'lsa, karantin qonun-qoidalariga sabr bilan amal qilib, soha mutaxassislarining so'zlariga quloq solganimizning bir natijasi desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz.
Azizlar! Bu dunyoda bandaga etgan musibat Alloh taoloning bandasiga yaxshilikni ravo ko'rishi hisoblanadi. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
"إِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الْخَيْرَ عَجَّلَ لَهُ الْعُقُوبَةَ فِي الدُّنْيَا وَإِذَا أَرَادَ اللَّهُ بِعَبْدِهِ الشَّرَّ أَمْسَكَ عَنْهُ بِذَنْبِهِ حَتَّى يُوَافِيَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ"
(رواه الإمام الترمذى عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ)
ya'ni: “Qaysi bir bandaga Alloh taolo yaxshilikni ravo ko'rsa, unga shu dunyoning o'zida jazo beradi. Yomonlikni ravo ko'rsa, to'liq jazosini berish uchun gunohini qiyomatga qoldiradi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Agar biz yana sabr qilib, joriy karantin qoidalariga amal qilib borsak, bor imkoniyatimizga shukr qilsak va Allohdan so'rashda bardavom bo'lsak, ajab emas, umra ziyorati va haj ibodatlariga ham tezroq yo'llar ochilib qolsa. Agar biz shukr qilsak, Alloh taolo ne'matlarini ziyoda qilishini va'da qildi va itoat qilsak, bu ne'matlarni davomiyligini kafolatini berdi. Alloh taolo Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida shukr qiluvchilarni madh qilgan. Jumladan, Baqara surasida shunday marhamat qildi:
(يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ وَاشْكُرُوا لِلَّهِ إِنْ كُنْتُمْ إِيَّاهُ تَعْبُدُونَ)
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo'lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan eb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Said ibn Jubayr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi shunday deganlar: “Bandalarning Alloh taologa sevimlirog'i shukrli va sabrli bandadir – musibat kelsa, sabr qiladi, ne'mat berilsa, shukr qiladi” (Imom Ahmad va Imom Tabariy rivoyatlari).
Shukrning fazilatlaridan yana biri shuki, inson shukr qilsa, rizqi yana ziyodalashadi. Bu haqda hazrati Ali raziyallohu anhu shunday deganlar:
"إِنَّ النِّعْمَةَ مَوْصُولَةٌ بِالشُّكْرِ، وَالشُّكْرُ مُتَعَلِّقٌ بِالْمَزِيدِ، وَلَنْ يَنْقَطِعَ الْمَزِيدُ مِنَ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ حَتَّى يَنْقَطِعَ الشُّكْرُ مِنَ الْعَبْدِ"
(رواه الإمام البيهقي)
ya'ni: “Ne'mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog'langandir. Modomiki banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo'ladi”(Imom Bayhaqiy rivoyatlari).
Azizlar! Alloh taoloning har bir ishida hikmat borligi uchun ham bu sanovli kunda barchamizga ibratlar bor. Ozmi-ko'pmi kamchiliklarimizni bildik, xato-nuqsonlarimizga tavba qildik, sinovli kunlarga sabr qilishni o'rgandik va hokazolar.
Yurtimiz ravnaqi va barchamiz ikki dunyo saodatiga erishishimiz uchun bundan keyin ham ibodatlarda yanada mustahkam bo'lib, halol-pokiza va taqvodorlik bilan hayot kechirishimiz, barchamiz o'z kasb va faoliyatimizga mas'uliyat bilan yondashishimiz ayni muddao bo'ladi. Zero, Muoz ibn Jabal raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إتَّقِ اللهَ حَيْثُمَا كُنْتَ وَأَتْبِعِ السَّيِّئَةَ الْحَسَنَةَ تَمْحُهَا وَخَالِقِ النَّاسَ بِخُلُقٍ حَسَنٍ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya'ni: “Qayerda bo'lsang ham, taqvo qilgin, agar birorta gunoh qilsang albatta, uning ketidan biror savobli ishni qilginki, qilgan gunohingni o'chirib yuborsin, insonlarga chiroyli xulq bilan muomala qilgin” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Alloh taolo barchamizni sabr-bardoshli va boriga shukr qiluvchi bandalardan qilsin! O'zi va'da qilganiday sabrimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin! Omin!
Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:
1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".
2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".
3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.
4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida tafakkur qilib o‘tirardi".
5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".
6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".
7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".
8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".
9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.
10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.
Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV