Bugun, 3 sentyabr' kuni Toshkent shahridagi “Hazrati Imom” jome masjidi hovlisida Hadis ilmi maktabiga yangi o'quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ijodiy imtihonlar boshlanishi munosabati bilan yurtimizdagi barcha abituriyentlarga Alloh taboraka va taolodan muvaffaqiyat tiladilar. Shuningdek, muftiy hazratlari Hadis ilmi maktabi abituriyentlariga omad tilar ekanlar Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi allomayu-ajdodlarga munosib voris bo'lishga jiddu jahd qilishga chorladilar. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan tashkil etilgan mazkur oliy dargohda eng zamonaviy shart-sharoitlar hozirlangani va o'tgan o'quv yilida 12 nafar talaba eng yuqori imkoniyatlarda ta'lim olganlariga alohida urg'u qaratdilar.
Ta'kidlash joizki, bu yilgi imtihonlarni tashkil qilish va o'tkazish avvalgi yillardagidan o'zgacha bo'lmoqda. Abituriyentlar uchun ochiq maydonlarda etarli o'rinlar hozirlangan bo'lib, imtihon jarayonlari internet orqali onlayn uzatib borilmoqda. Mazkur ishlar karantin talablariga amal qilish barobarida imtihonlarning haqqoniyligi va shaffofligini to'la ta'minlaydi.
Shuningdek, olingan bilimlarni sinovdan o'tkazish onlarida farzandiga dalda bo'lish uchun ota-onalar hamda shu sohaga qiziquvchilar masofadan turib imtihon jarayonini istalgan joydan to'g'ridan-to'g'ri kuzatishlari ham mumkin bo'ladi.
Imtihon jarayonlari Youtube va Facebook orqali onlayn efirga uzatilmoqda.
Eslatib o'tamiz, Oliy diniy ta'lim muassasalariga qabul imtihonlari uchta fandan ikkita fanga o'tkazildi, ijodiy imtihonlar qisqartirildi.
Qabul imtihonlarini karantin talablaridan kelib chiqqan holda ochiq maydonlarda o'tkazish belgilandi.
Hadis ilmi maktabi — 3 sentyabr «Hadis va mustalah al-hadis» (ijodiy imtihon). Imtihon o'tkazish joyi — Toshkent islom instituti binosi ayvon qismi.
4 sentyabr' «O'zbekiston tarixi» (test sinovi). Imtihon o'tkazish joyi — Toshkent islom instituti binosi hovlisi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti — 7 sentyabr «Fiqh va aqoid», «O'zbekiston tarixi» fanlari (test sinovi). Imtihon o'tkazish joyi — Hazrati Imom majmuasi ochiq maydon qismi.
Mir Arab oliy madrasasi — 10 sentyabr «Fiqh va aqoid», «O'zbekiston tarixi» fanlari (test sinovi). Imtihon o'tkazish joyi — Mir Arab oliy madrasasi binosi ochiq ayvon qismi.
Abituriyentlarni test sinovlari o'tkaziladigan joyga kiritish ertalab soat 6:00dan 6:30gacha davom etadi. 6:30dan 7:00gacha savollar kitobchalari va javoblar varaqasini tarqatish, javoblar varaqasini to'ldirish tartibi tushuntiriladi.
Test sinovlari ertalab 7:00 dan 9:20 gacha davom etadi, sinovlar boshlangandan keyin kelgan abituriyent imtihonlarga kiritilmaydi.
Abituriyentlar qabul imtihonlariga shaxsini tasdiqlovchi pasporti va imtihonga kirish ruxsatnomasi bilan kelishi talab etiladi. Imtihonga kirish ruxsatnomasini qabul.muslim.uz portali orqali yuklab olish mumkin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 10 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi bilan Tayloq tumanida navbatdagi sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirlar oldidan viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, kerakli ko‘rsatma va topshiriqlarni berdi.
Xayrullo domla Sattorov hamda Tayloq tumani bosh imom-xatibi Bobur Narzullayev hamrohligida tuman markazidagi “Tayloq ota” jome masjidi joylashgan hududdagi bemor va nogironligi bor oilalar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘maklar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati