Toshkent viloyati mamlakatimizning o'ziga xos tabiati, keng imkoniyatiga ega hududlaridan biri bo'lib, poytaxtdan boshqa viloyatlarga chiqish yo'lida, inchunun, ziyorat turizmi dahasining boshlang'ich nuqtasida joylashganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bois viloyatdan o'tuvchi yo'lovchilar, ziyoratchilarga har taraflama qulaylik yaratish, namozxonlar uchun yuqori yuqori shart-sharoitlarni ta'minlash maqsadida ushbu hududda ko'plab xayrli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Iyk ota” ziyoratgohi ta'mirdan chiqarilib, obod maskanga aylantirildi. Quvonarlisi, ziyoratgoh tarkibida namozxona barpo etilib, tashrif buyuruvchilar uchun ibodatlarini o'z vaqtida ado etib olishlariga imkoniyat yaratildi.
Hoki poylari shu joyda joylashgan, mahalliy xalq orasida “Iyk ota” nomi bilan mashhur bu zotning tahminan XVI-XVII asrlarda yashab o'tganlari, yassaviya tariqatining namoyondalaridan biri bo'lgan mo''tabar zot ekanliklari aytiladi.
Kuni kecha, 1 sentyabr kuni yangi ta'mirdan chiqarilgan ziyoratgohga tashrif buyurgan mutasaddilar bu joy chinakam ma'rifat maskaniga aylanganini e'tirof etdilar. Jumladan, majmuada erkaklar va ayollar uchun alohida namozxona, kutubxona, hovlilarning keng va shinamligi kishining dilini yayratadi. Hullas, ziyoratga keluvchi yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlar uchun maqbara zamonaviy ziyoratgoh sayyohlik maskaniga aylantirilgan.
Ma'lumki, bugungi kunda Olmaliq shahri tegishli dastur asosida kompleks rivojlantirilmoqda. Bu joyda barpo etilajak ko'plab infratuzilma ob'ektlari qatorida yangi masjid qurilishi ham ko'zda tutilgan. Bu “Hilol” nomli masjid bo'lib, yaqinda Adliya boshqarmasida davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
Shaharda chindan ham masjidga ehtiyoj mavjud edi. Shu kunga qadar 150 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan Olmaliqda birgina masjid faoliyat ko'rsatayotgan edi. Shuning uchun «Evalak» mahallasi, Faxriylar ko'chasida yangi barpo bo'layotgan masjid loyihasi ancha yirik bo'lib, u uch gektar maydonda joylashadi.
Shundoqqina shaharga kirib kelishda o'zining 60 metrlik to'rtta minorasi-yu, sharqona gumbazlari bilan muazzam qiyofa kasb etuvchi jome har qanday yo'lovchi e'tiborini o'ziga jalb etishi shubhasiz. Ibodat uyi 6 mingdan ortiq namozxonni o'z bag'riga sig'dirish imkoniyatiga ega bo'lishi bilan sig'imi jihatidan Toshkent viloyatidagi eng katta masjid bo'lishi kutilmoqda. Asosiy xonaqoh 50x50 metr hajmda bir qavatdan iborat bo'ladi. Bu joyda mahalliy aholi va yo'lovchilar uchun ko'plab qulayliklar yaratiladi. Jumladan, bir gektar maydondadagi avtoturargoh, ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona, yig'ilishlar zali va boshqa yordamchi xonalar o'rin oladi.
Yaqindagina muborak Ashuro kunlarida ezgu niyat va xayrli duolar bilan ushbu masjidning tamal toshi qo'yildi. 2021 yilning yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilayotgan baytullohning qurilish ishlarida xizmat ko'rsatayotgan barcha fidoiy insonlarga Alloh taolodan madad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
* * *
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Oltin O'rda” nomli masjid bor. Masjid 1993 yilda Sirdaryodagi masjidlarda ko'p yillar imomlik vazifasida faoliyat yuritgan, din xizmatidagi mo''tabar inson Yusufxon domla Mubashshirxonov boshchiligida xalq hashari yo'li bilan qurilgan. Masjid nomi hozirda qishloq nomiga monand “Oltin O'rda” deya yuritilsada, dastlab “Said Mubashshirxon to'ra” nomi bilan ham atalgan.
O'tgan davr mobaynida masjid binosining eskirganligi hamda noqulay ob-havo sharoitlarida namozxonlarga qiyinchiliklar tug'ilayotgani sababli, tegishli ruxsat asosida bu yili yangidan keng sig'im va zamonaviy sharoitlar asosida bunyod bo'lmoqda. Jome avvalgi holatda 250-270 namozxonni sig'dirgan bo'lsa, yangi loyihaga ko'ra, xonaqoh va qo'shimcha ayvonlar 700 dan ziyod namozxonga mo'ljallangan. Hozirda qurilish ishlarining 75% yakunlanib, ichki bezak ishlari davom ettirilmoqda. Joriy yilning noyabr oyida namozxonlar ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilgan.
Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda bugungi kunda yurtimiz bo'yicha jami 181 ta masjid yangi loyihalar asosida qaytadan qurilmoqda. Masjidlarni ta'mirlab, barpo etishdek savobi ulug', xayrli ishlarda tashabbus ko'rsatayotgan, hissalari qo'shilayotgan barcha mutasaddilar, qo'li gul me'mor ustalar, ko'ngilli xizmatchilar, hasharchilarga tahsinlar aytib, Alloh taolodan kuch-quvvat tilaymiz. Masjidlar tez orada qad ko'tarib, kelajak avlod uchun ko'p yillar hidoyat mayog'i bo'lib xizmat qilishini Yaratgandan Parvardigor nasib etsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Asokir Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:
«Masjid tomon yurdim. Sarpo kiyib olgan bir qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin yana bir sarpo kiyib olgan qurayshlik odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin pastroq sifatli sarpo kiyib olgan ansoriy odamni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
U (Muhammad ibn Maslama) masjidga kirib, baland ovoz bilan takbir aytdi va:
«Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi! Allohu akbar! Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» dedi.
Umar roziyallohu anhu uning ovozini eshitdi va unga «Oldimga kel», deb odam yubordi. U ikki rak’at namoz o‘qib olib, keyin borishini aytdi. Umar vositachini yana qaytarib yuborib, «Kelishingni azm qildim», dedi.
U kelganda Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu: «Men ham o‘zimcha ikki rakat namoz o‘qimasdan turib, uning oldiga bormaslikka azm qildim», dedi. Bas, Umar roziyallohu anhu kelib, uning yoniga o‘tirdi. Namozini o‘qib bo‘lganidan keyin unga:
«Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning namozgohlarida ovozingni ko‘tarib, takbir aytganingning va «Alloh va Uning Rasuli rost aytdi!» deganingning xabarini ayt. Bu nima?» dedi.
«Ey mo‘minlarning amiri, masjid tomon yurdim. Yo‘limda sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, bir oz yurganimdan keyin sarpo kiyib olgan qurayshlik Falon ibn Falonni uchratdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Undan o‘tib, ikki sarpodan pastroq sifatli sarpo kiyib olgan Falon ibn Falon ansoriyni ko‘rdim va:
«Buni senga kim kiygizdi?» dedim.
«Mo‘minlarning amiri», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ogoh bo‘linglar! Albatta, sizlar mendan keyin birovni birovdan ustun ko‘rishni ko‘rasizlar», deganlar. O‘sha narsa sening qo‘ling-la bo‘lishini xohlamadim, ey mo‘minlarning amiri!» dedi.
Umar roziyallohu anhu yig‘lab yubordi va «Astag‘firulloh! Endi qaytarmayman», dedi. O‘sha kundan keyin birorta qurayshlikni birorta ansoriydan afzal ko‘rmadi».
Muhammad ibn Maslama hazrati Umar roziyallohu anhuning eng ishonchli taftishchilari edi. U kishi Muhammad ibn Maslamani eng nozik ishlarni, xususan, amirlar ustidan tushgan arizalarni taftish qilish uchun yuborar edilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu esa bunday ishlarni hazrati Umar roziyallohu anhu kutganlaridan ham a’lo darajada ado etib kelar edi.
Bu safar ushbu daqiq taftishchining panjasiga Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning o‘zlari tushib qoldilar. Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu o‘z vijdoni amriga binoan taftish yuritdi. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari tomon yurib borayotib, yo‘lda odatdagidan boshqacha kiyimlar kiyib olgan kishilarni ko‘rdilar. Ulardan kiyimlari haqida so‘rab bildilar.
Shu bilan birga, uning taftishchilik qobiliyati o‘z-o‘zidan ishga tushib, birovning, hatto adolati ila tillarda doston bo‘lgan xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ham xayollariga kelmagan nozik narsalarni ilg‘ab oldilar. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zlariga yaqin bo‘lgan muhojirlarga ansoriylarga qaraganda yaxshiroq, sifatliroq kiyimlar sovg‘a qilgan edilar. Albatta, sovg‘a bermoqchi bo‘lgan odam kimga nimani xohlasa, o‘shani beradi. Ammo rahbarning, xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning jamiyat mulkidan bo‘lgan narsalarni bu xilda hadya qilishga haqlari yo‘q edi. Shuning uchun Muhammad ibn Maslama masjidga kirishi bilan Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan adolatsizlik sodir bo‘lganini, unga bildiradigan darajada baland ovoz bilan aytib, dod soldi.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning kimligini hech kim bilmasa ham, hazrati Umar roziyallohu anhu yaxshi bilar edilar. Shuning uchun u kishi o‘zlarini qo‘yishga joy topa olmay qoldilar. Muhammad ibn Maslamaning nimadan norozi ekanligini tezroq bilishga shoshilib qoldilar va uni huzurlariga chorlab, odam yubordilar.
Lekin Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhu ham anoyilardan emas edi. Xalifaga xushomad emas, taftishchilik qilmoqchi edi. Shuning uchun xalifa ikki marta odam yuborsa ham bormay, namozini o‘qiyverdi. Bu esa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning tashvishlarini yana ham oshirdi. Endi u kishi Muhammad ibn Maslamani chaqirish u yoqda tursin, uning namoz o‘qiyotgan joyiga o‘zlari kelib oldilar va namoz o‘qib bo‘lishini kuta boshladilar.
Muhammad ibn Maslama roziyallohu anhuning achchiq tanqidlaridan keyin dunyodagi eng kuchli jamiyatning rahbari, zabardast xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘z xatolarini tan olib, darhol tavba qildilar. Shu bilan birga, o‘sha xatoni qayta takrorlamaslikka va’da berdilar va va’dalarining ustidan chiqdilar.
Bunday ishni qilish uchun mas’ul kishi iymonli, ixlosli bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Alloh taolodan qo‘rqadigan bo‘lishi kerak edi.
Bunday ishni qilishi uchun mas’ul kishi Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bo‘lishi kerak edi!
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi