Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyun, 2025   |   8 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:51
Peshin
12:26
Asr
17:35
Shom
19:55
Xufton
21:31
Bismillah
04 Iyun, 2025, 8 Zulhijja, 1446

Namozxonlar uchun qulayliklar: Ziyoratgohda yangi namozxona, Toshkent viloyatidagi eng katta masjid, yangilanayotgan “Oltin O'rda” 

02.09.2020   4212   6 min.
Namozxonlar uchun qulayliklar: Ziyoratgohda yangi namozxona, Toshkent viloyatidagi eng katta masjid, yangilanayotgan “Oltin O'rda” 

Toshkent viloyati mamlakatimizning o'ziga xos tabiati, keng imkoniyatiga ega hududlaridan biri bo'lib, poytaxtdan boshqa viloyatlarga chiqish yo'lida, inchunun, ziyorat turizmi dahasining boshlang'ich nuqtasida joylashganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Shu bois viloyatdan o'tuvchi yo'lovchilar, ziyoratchilarga har taraflama qulaylik yaratish, namozxonlar uchun yuqori yuqori shart-sharoitlarni ta'minlash maqsadida ushbu hududda ko'plab xayrli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan “Iyk ota” ziyoratgohi ta'mirdan chiqarilib, obod maskanga aylantirildi. Quvonarlisi, ziyoratgoh tarkibida namozxona barpo etilib, tashrif buyuruvchilar uchun ibodatlarini o'z vaqtida ado etib olishlariga imkoniyat yaratildi.

Hoki poylari shu joyda joylashgan, mahalliy xalq orasida “Iyk ota” nomi bilan mashhur bu zotning tahminan XVI-XVII asrlarda yashab o'tganlari, yassaviya tariqatining namoyondalaridan biri bo'lgan mo''tabar zot ekanliklari aytiladi.

Kuni kecha, 1 sentyabr kuni yangi ta'mirdan chiqarilgan ziyoratgohga tashrif buyurgan mutasaddilar bu joy chinakam ma'rifat maskaniga aylanganini e'tirof etdilar. Jumladan, majmuada erkaklar va ayollar uchun alohida namozxona, kutubxona, hovlilarning keng va shinamligi kishining dilini yayratadi. Hullas, ziyoratga keluvchi yurtdoshlarimiz va xorijiy mehmonlar uchun maqbara zamonaviy ziyoratgoh sayyohlik maskaniga aylantirilgan.

 

Ma'lumki, bugungi kunda Olmaliq shahri tegishli dastur asosida kompleks rivojlantirilmoqda. Bu joyda barpo etilajak ko'plab infratuzilma ob'ektlari qatorida yangi masjid qurilishi ham ko'zda tutilgan. Bu “Hilol” nomli masjid bo'lib, yaqinda Adliya boshqarmasida davlat ro'yxatidan o'tkazildi. 

Shaharda chindan ham masjidga ehtiyoj mavjud edi. Shu kunga qadar 150 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan Olmaliqda birgina masjid faoliyat ko'rsatayotgan edi. Shuning uchun  «Evalak» mahallasi, Faxriylar ko'chasida yangi barpo bo'layotgan masjid loyihasi ancha yirik bo'lib, u uch gektar maydonda joylashadi.

Shundoqqina shaharga kirib kelishda o'zining 60 metrlik to'rtta      minorasi-yu, sharqona gumbazlari bilan muazzam qiyofa kasb etuvchi jome har qanday yo'lovchi e'tiborini o'ziga jalb etishi shubhasiz. Ibodat uyi 6 mingdan ortiq namozxonni o'z bag'riga sig'dirish imkoniyatiga ega bo'lishi bilan sig'imi jihatidan Toshkent viloyatidagi eng katta masjid bo'lishi kutilmoqda. Asosiy xonaqoh 50x50 metr hajmda bir qavatdan iborat bo'ladi. Bu joyda mahalliy aholi va yo'lovchilar uchun ko'plab qulayliklar yaratiladi. Jumladan, bir gektar maydondadagi avtoturargoh, ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxona, yig'ilishlar zali va boshqa yordamchi xonalar o'rin oladi.  

Yaqindagina muborak Ashuro kunlarida ezgu niyat va xayrli duolar bilan ushbu masjidning tamal toshi qo'yildi. 2021 yilning yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilayotgan baytullohning qurilish ishlarida xizmat ko'rsatayotgan barcha fidoiy insonlarga Alloh taolodan madad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.  

* * * 

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Oltin O'rda” nomli masjid bor. Masjid 1993 yilda Sirdaryodagi masjidlarda ko'p yillar imomlik vazifasida faoliyat yuritgan, din xizmatidagi mo''tabar inson Yusufxon domla Mubashshirxonov boshchiligida xalq hashari yo'li bilan qurilgan. Masjid nomi hozirda qishloq nomiga monand “Oltin O'rda” deya yuritilsada, dastlab “Said Mubashshirxon to'ra” nomi bilan ham atalgan.

O'tgan davr mobaynida masjid binosining eskirganligi hamda noqulay  ob-havo sharoitlarida namozxonlarga qiyinchiliklar tug'ilayotgani sababli, tegishli ruxsat asosida bu yili yangidan keng sig'im va zamonaviy sharoitlar asosida bunyod bo'lmoqda. Jome avvalgi holatda 250-270 namozxonni sig'dirgan bo'lsa, yangi loyihaga ko'ra, xonaqoh va qo'shimcha ayvonlar 700 dan ziyod namozxonga mo'ljallangan. Hozirda qurilish ishlarining 75% yakunlanib, ichki bezak ishlari davom ettirilmoqda. Joriy yilning noyabr oyida namozxonlar ixtiyoriga topshirilishi rejalashtirilgan.

Ta'kidlash lozimki, bugungi kunda bugungi kunda yurtimiz bo'yicha jami 181 ta masjid yangi loyihalar asosida qaytadan qurilmoqda. Masjidlarni ta'mirlab, barpo etishdek savobi ulug', xayrli ishlarda tashabbus ko'rsatayotgan, hissalari qo'shilayotgan barcha mutasaddilar, qo'li gul me'mor ustalar, ko'ngilli xizmatchilar, hasharchilarga tahsinlar aytib, Alloh taolodan kuch-quvvat tilaymiz. Masjidlar tez orada qad ko'tarib, kelajak avlod uchun ko'p yillar hidoyat mayog'i bo'lib xizmat qilishini Yaratgandan Parvardigor nasib etsin. 

O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi  

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

23.05.2025   11687   3 min.
Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish – Islomdagi mas’uliyat va odob

Har bir musulmon uchun hayotning har bir jabhasida Islom axloqiga amal qilish farz sanaladi. Buning ichiga yo‘lda harakatlanish, piyoda va haydovchi sifatida qoidalarga rioya qilish ham kiradi. Islom dini faqat ibodatlar bilan cheklanib qolmaydi, balki jamiyatda tinch-totuv yashash va boshqalarning huquqlarini hurmat qilishni ham talab qiladi.


1. Javobgarlik hissi — haydovchining odobi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min kishi boshqalarga zarar yetkazmaydi va zarar ham ko‘rmaydi” (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).

Ushbu hadisga ko‘ra, haydovchi yo‘lda boshqalarning hayotiga, salomatligiga tahdid soluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lishi lozim. Yo‘ldagi har bir harakatimiz boshqalarga ta’sir qilishi mumkin.


2. Qoidalarga rioya qilish — itoat va omonat.

Qur’oni karimda bunday deyiladi: “Ey imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz!” (Niso surasi, 59-oyat).

Hukumat tomonidan belgilangan yo‘l qoidalari kishilarning xavfsizligi uchun joriy qilingan. Ularga itoat qilish – Islom ta’limotiga muvofiq harakat qilishdir.


3. Shoshilmaslik va sabr - hayotni saqlab qolish vositasidir.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Xotirjamlik Allohdan va shoshilish shaytondandir” (Imom Termiziy rivoyati).

Yo‘lda shoshish, qonunni buzish, ortiqcha tezlik bilan harakatlanish –haydovchining nafaqat o‘z hayotiga, balki boshqalar hayotiga ham xavf tug‘diradi.


4. Qo‘pollikdan ehtiyot bo‘lish va yo‘ldagi odob.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yo‘l odoblari haqida: “Yo‘llarda o‘tirishdan saqlaninglar!” deganlar.

Shunda “Bizning yo‘lda o‘tirishdan boshqa ilojimiz yo‘q, chunki gaplashadigan majlislarimiz yo‘llarda bo‘ladi”, deyishdi.

U zot alayhissalom: “Agar yo‘lda o‘tirishdan boshqaga ko‘nmasangiz, u holda yo‘lning haqini ado etinglar”, dedilar. Ular: “Yo‘lning haqi nima?” deb so‘rashdi.

U zot alayhissalom: “Yo‘lning haqqi ko‘zni tiyish, ozor yetkazishdan tiyilish, salomga alik olish, ma’ruf ishlarga buyurish va munkar ishlardan qaytarish”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bugungi kunda bu odoblar haydovchilar va piyodalar uchun ham dolzarbdir. Yo‘lda hurmat va odobni saqlash, yo‘l berish, o‘zgalarni haqorat qilmaslik – musulmonning odobidir.


5. Huquqqa rioya qilish — boshqalarga yordam

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim dunyoda bir mo‘minni dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi” (Imom Muslim rivoyati).

Yo‘lda boshqalarga yordam berish — masalan, haydovchi bo‘lsangiz, qariya yoki nogironni olib o‘tish, mashinangizda yordamga muhtoj kishini olib borish – savobli amaldir.


Xulosa:

Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish faqat davlat talabiga amal qilish emas, balki Islom axloqi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilishdir. Har bir musulmon harakatda ham, niyatda ham odobli, mas’uliyatli va salbiy oqibatlarni oldindan o‘ylaydigan inson bo‘lishi lozim.

Manbalar asosida
Ilyos Ahmedov tayyorladi.

 

 

Maqolalar