1-Kitob: Bu – Qur'on bo'lib, u bebaho xazina, din asosi, musulmon millati suyanchig'idir. Alloh taolo Qur'onda hamma narsaning ilmini jamlagan, to'g'ri yo'ldan egri yo'lni ajratib bergan. U hikmat chashmasi, risolat hujjati, qo'z hamda qalb nuridir. Uni yaxshi bilgan olim shaksiz shariatni mukammal bilibdi. Alloh taolo:
وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً وَبُشْرَى لِلْمُسْلِمِينَ
ya'ni: “Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo'lgan Kitob (Qur'on)ni nozil qildik” (Nahl surasi, 89-oyat), degan. Boshqa bir oyatda:
مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْءٍ
ya'ni: “Kitobda biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz” (An'om surasi, 38-oyat), degan.
Shuningdek, hadisda: “Haqiqatan, bu Qur'on Allohning metin arqoni, yorqin nur, foydali shifo, uni tutgan kishi adashmaydi, unga ergashgan kishi najot topadi”, deyilgan.
Qur'oni karim ahkomlarning aksarini umumiy ma'nolarini keltirgan, ularni batafsil bayon qilmaydi. Ularning tafsilotlaridan xabardor bo'lish uchun esa, sharh vazifasini bajaruvchi Sunnatga murojaat qilish lozim bo'ladi. Bu ham bo'lsa Allohning ushbu ummatga bo'lgan mehribonchiligidir. Ya'ni, Alloh taolo insonlarning aqllari ojiz ekanligini e'tibordan chetda qoldirmagan holda, ularga huddi avvalgi ummatlarga kelgani kabi ahkomlarni tafsilotlari bilan bayon qilmadi. Chunki, Islom shariati omma uchun mos keladigan, qoidalari o'zgarmas bo'lib, ular mukammal bo'lganidan so'ng hech qanday nasx yoki o'zgarish kiritilmaydigan bo'lib qolishi lozim edi. Usul ilmi mutaxassislari (ya'ni shariat qonunlari asosini o'rganuvchi olimlar) Qur'onga ta'rif berish bilan shug'ullanganlar. Bundan maqsad qaysi holatda namoz o'qish joiz, qaysi holatda nojoiz, qaysi narsa hukm chiqarishga yaraydi, qaysi narsa yaramaydi, nima narsani inkor qilsa kofir bo'ladi, nima narsada kofir bo'lmaydi va hokazolarni aniqlab olmoqlik edi. Vanihoyat ular Qur'onga shunday ta'rif berdilar: “Qur'on – bu, Payg'ambarimiz Muhammad s.a.v.ga arab tilida nozil qilingan, mutavotir tarzda naql qilingan, Fotiha surasi bilan boshlanib An-Nos surasi bilan tugagan kitobdir”. Ushbu ta'rifga binoan Qur'onning tarjimasi Qur'on deb nomlanmaydi, balki u tafsir deb ataladi. Bunda tarjimaning so'zma so'z bo'lishi yoki ma'nosining tarjimasi bo'lishi ham bir. Bundan tashqari mutavotir tarzda naql qilinmagan nodir qiroatlarning tarjimasining hukmi ham shunday. Mutavotir tarzda naql qilinmagan nodir qiroatlarga misol tariqasida Ibn Mas'ud va Ubay ibn Ka'bning ushbu qiroatlari:
( للذين يؤلون من نسائهم تربص أربعة أشهر فإن فاءوا فيهنفَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ ) ( سورة البقرة : 226)
ya'ni: “Hotinlaridan qasam bilan voz kechganlar uchun to'rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida)“ularga” qaytsalar (joizdir), zero, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Baqara surasi, 226-oyat), shuningdek, Baqara surasining 233-oyatidagi:
(وعلى الوارث ذي الرحم المحرم مثل ذلك)
ya'ni: “Merosxo'r – “mahram bo'lgan qarindosh”ning zimmasida ham xuddi shunday (nafaqa mas'uliyati bor)” jumlalarni zikr qilish mumkin.
Qur'oni karimning nozil bo'lish kayfiyati
Voqea-hodisalarga munosabat tarzida nozil bo'lishi
Alloh taolo Qur'oni karimda:
وَقُرْآَنًا فَرَقْنَاهُ لِتَقْرَأَهُ عَلَى النَّاسِ عَلَى مُكْثٍ وَنَزَّلْنَاهُ تَنْزِيلًا
ya'ni: “Qur'onni odamlarga vaqti-vaqti bilan o'qib berishingiz uchun uni bo'laklarga bo'ldik va bo'lib-bo'lib nozil qildik”, degan (Isro surasi, 106-oyat). Boshqa bir oyatda esa:
وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْلَا نُزِّلَ عَلَيْهِ الْقُرْآَنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً كَذَلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِ فُؤَادَكَ وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلًا
ya'ni: “Kofir bo'lgan kimsalar: “Nega bu Qur'on unga (payg'ambarga) yaxlit bir to'plam holida nozil qilinmadi?”, – dedilar. (Ey, Muhammad!) Biz u (Qur'on) bilan sizning dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (oz-ozdan nozil qildik) va uni tartili bilan (ravon) o'qib berdik”, deb marhamat qilgan (Furqon surasi, 32-oyat).
Shundan ko'rinadiki, demak, Qur'on Payg'ambar alayhissalomga huddi Tavrot Muso alayhissalomga nozil bo'lganidek birdaniga tushmagan. Balki, u har xil voqea hodisalar sababli, muayyan masalaning hukmini bayon qilish uchun savolga javob tariqasida sekin-asta nozil bo'lgan. Masalan,
وَلَا تَنْكِحُوا الْمُشْرِكَاتِ حَتَّى يُؤْمِنَّ وَلَأَمَةٌ مُؤْمِنَةٌ خَيْرٌ مِنْ مُشْرِكَةٍ وَلَوْ أَعْجَبَتْكُمْ
ya'ni: “Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra, imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga manzur tuyulsa ham” (Baqara surasi, 221-oyat) oyati ulamolarning so'zlariga binoan Marsad al-G'anaviy raziyallohu anhu haqida nozil bo'lgan. Rasululloh s.a.v. u kishini Makkaga u erdagi zaif musulmonlarni olib kelish uchun yuborganlarida bir mushrika ayol uni o'zi bilan zino qilishga chorlaydi. Ayol bag'oyat go'zal va qaddi qomati kelishgan bo'ladi. Marsad Allohdan qo'rqib ayol bilan zino qilishdan bosh tortadi. Keyin ayol undan o'ziga xotinlikka olishni taklif qiladi. Marsad esa, avval Rasululloh s.a.v.dan maslahat so'rab, shundan keyin unga uylanishi mumkinligini aytadi. Madinaga qaytib kelganidan so'ng Payg'ambar alayhissalomga bo'lgan voqeani aytib, o'sha ayolga uylanishga izn so'raganida yuqoridagi oyat nozil bo'ladi. Shuningdek,
إِنَّا أَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ لِتَحْكُمَ بَيْنَ النَّاسِ بِمَا أَرَاكَ اللَّهُ وَلَا تَكُنْ لِلْخَائِنِينَ خَصِيمًا
ya'ni: “Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Hiyonatchilarga esa, himoyachi bo'lmang!” (Niso surasi, 105-oyat) oyati va undan keyingi oyatlar Bani Zufar qabilasidagi To'ma ibn Ubayriq degan kishi haqida nozil bo'lgan. U kishi qo'shnisining sovutini o'g'irlab, o'g'riligi oshkor bo'lish xavfi tug'ilganda u sovutini boshqa bir odamning uyiga olib borib berkitadi. Shundan keyin To'maning qabiladoshlari Payg'ambar alayhissalomning oldilariga kelishib, uni oqlab gapiradilar. Ularga ishonib Payg'ambar alayhissalom To'mani odamlar oldida himoya qiladilar va uni o'g'ri deganlarga qarshi gapiradilar. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo'lgan.
Savollarga javob tariqasida kelgan oyatlarga misollar juda ham ko'p bo'lib, ulardan ba'zilarini namuna uchun keltiramiz:
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْيَتَامَى قُلْ إِصْلَاحٌ لَهُمْ خَيْرٌ وَإِنْ تُخَالِطُوهُمْ فَإِخْوَانُكُمْ
ya'ni: “Sizdan, shuningdek, etimlar to'g'risida so'ramoqdalar. Ayting: “Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsangiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir” (Baqara surasi, 220-oyat).
وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْمَحِيضِ قُلْ هُوَ أَذًى فَاعْتَزِلُوا النِّسَاءَ فِي الْمَحِيضِ وَلَا تَقْرَبُوهُنَّ حَتَّى يَطْهُرْنَ فَإِذَا تَطَهَّرْنَ فَأْتُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ أَمَرَكُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ
ya'ni: “Sizdan hayz to'g'risida so'ramoqdalar. Ayting: “U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringiz (qovushaveringiz). Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo'l qo'ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: “Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur” (Niso surasi, 127-oyat).
يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْأَنْفَالِ قُلِ الْأَنْفَالُ لِلَّهِ وَالرَّسُولِ
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) o'ljalar haqida so'raydilar. Ayting: “O'ljalar Alloh va Payg'ambarnikidir” (Anfol surasi, 1-oyat).
Qur'on kamdan-kam holatda hech qanday savolsiz, hech qanday voqea-hodisasiz nozil bo'lar edi. Biroq, gohida birorta savolga javob bo'lib yoki birorta voqeaning hukmini bayon qilib nozil bo'lgan oyatga bog'liq bo'lgan boshqa hukm ham kelar edi. Bunga misol tariqasida shuni keltirish mumkin:
وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ
ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: “Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur” (Niso surasi, 127-oyat). Ushbu oyatdagi savol etim ayollarga uylanishning hukmi haqida edi. Oyatda so'ralgan fatvoga javob nozil bo'lish bilan birga bolalarga yaxshilik qilish, etimlarga nisbatan adolatli bo'lish haqida qo'shimcha hukmlar ham nozil bo'ldi.
Shuningdek,
وَلَا تُنْكِحُوا الْمُشْرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُوا وَلَعَبْدٌ مُؤْمِنٌ خَيْرٌ مِنْ مُشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ
ya'ni: “Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo'mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan ko'ra imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga manzur tuyulsa ham” (Baqara surasi, 221-oyat) oyati yuqorida zikr qilingan Marsad al-G'anaviy haqida nozil bo'lgan oyat bilan birga tushurilgandir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining
birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Birinchi maqola: Muhammad alayhissalomning ilk payg'ambarlik davrlarida arablarning holati
Ikkinchi maqola: Madinai munavvaradagi qonunchilik
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati