Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Dekabr, 2024   |   30 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:49
Peshin
12:31
Asr
15:22
Shom
17:06
Xufton
18:26
Bismillah
30 Dekabr, 2024, 30 Jumadul soni, 1446

Islom shariati qonunchiligi manbalari

2.09.2020   2803   14 min.
Islom shariati qonunchiligi manbalari

         1-Kitob: Bu – Qur'on bo'lib, u bebaho xazina, din asosi, musulmon millati suyanchig'idir. Alloh taolo Qur'onda hamma narsaning ilmini jamlagan, to'g'ri yo'ldan egri yo'lni ajratib bergan. U hikmat chashmasi, risolat hujjati, qo'z hamda qalb nuridir. Uni yaxshi bilgan olim shaksiz shariatni mukammal bilibdi. Alloh taolo:

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ وَهُدًى وَرَحْمَةً وَبُشْرَى لِلْمُسْلِمِينَ

ya'ni: Sizga hamma narsani bayon qilib beruvchi, hidoyat, rahmat va musulmonlar uchun bashorat bo'lgan Kitob (Qur'on)ni nozil qildik(Nahl surasi, 89-oyat), degan. Boshqa bir oyatda:

مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْءٍ

ya'ni: “Kitobda biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz” (An'om surasi, 38-oyat), degan.

         Shuningdek, hadisda: “Haqiqatan, bu Qur'on Allohning metin arqoni, yorqin nur, foydali shifo, uni tutgan kishi adashmaydi, unga ergashgan kishi najot topadi”, deyilgan.

         Qur'oni karim ahkomlarning aksarini umumiy ma'nolarini keltirgan, ularni batafsil bayon qilmaydi. Ularning tafsilotlaridan xabardor bo'lish uchun esa, sharh vazifasini bajaruvchi Sunnatga murojaat qilish lozim bo'ladi. Bu ham bo'lsa Allohning ushbu ummatga bo'lgan mehribonchiligidir. Ya'ni, Alloh taolo insonlarning aqllari ojiz ekanligini e'tibordan chetda qoldirmagan holda, ularga huddi avvalgi ummatlarga kelgani kabi ahkomlarni tafsilotlari bilan bayon qilmadi. Chunki, Islom shariati omma uchun mos keladigan, qoidalari o'zgarmas bo'lib, ular mukammal bo'lganidan so'ng hech qanday nasx yoki o'zgarish kiritilmaydigan bo'lib qolishi lozim edi. Usul ilmi mutaxassislari (ya'ni shariat qonunlari asosini o'rganuvchi olimlar) Qur'onga ta'rif berish bilan shug'ullanganlar. Bundan maqsad qaysi holatda namoz o'qish joiz, qaysi holatda nojoiz, qaysi narsa hukm chiqarishga yaraydi, qaysi narsa yaramaydi, nima narsani inkor qilsa kofir bo'ladi, nima narsada kofir bo'lmaydi va hokazolarni aniqlab olmoqlik edi. Vanihoyat ular Qur'onga shunday ta'rif berdilar: “Qur'on – bu, Payg'ambarimiz Muhammad s.a.v.ga arab tilida nozil qilingan, mutavotir tarzda naql qilingan, Fotiha surasi bilan boshlanib An-Nos surasi bilan tugagan kitobdir”. Ushbu ta'rifga binoan Qur'onning tarjimasi Qur'on deb nomlanmaydi, balki u tafsir deb ataladi. Bunda tarjimaning so'zma so'z bo'lishi yoki ma'nosining tarjimasi bo'lishi ham bir. Bundan tashqari mutavotir tarzda naql qilinmagan nodir qiroatlarning tarjimasining hukmi ham shunday. Mutavotir tarzda naql qilinmagan nodir qiroatlarga misol tariqasida Ibn Mas'ud va Ubay ibn Ka'bning ushbu qiroatlari:

( للذين يؤلون من نسائهم تربص أربعة أشهر فإن فاءوا فيهنفَإِنَّ اللَّهَ غَفُورٌ رَحِيمٌ ) ( سورة البقرة : 226)

ya'ni: “Hotinlaridan qasam bilan voz kechganlar uchun to'rt oy muhlat bor. Agar (shu muddat ichida)“ularga” qaytsalar (joizdir), zero, Alloh kechirimli va rahmlidir” (Baqara surasi, 226-oyat), shuningdek, Baqara surasining 233-oyatidagi:

(وعلى الوارث ذي الرحم المحرم مثل ذلك)

ya'ni: Merosxo'r – “mahram bo'lgan qarindosh”ning zimmasida ham xuddi shunday (nafaqa mas'uliyati bor) jumlalarni zikr qilish mumkin.

 

Qur'oni karimning nozil bo'lish kayfiyati

Voqea-hodisalarga munosabat tarzida nozil bo'lishi

Alloh taolo Qur'oni karimda:

 وَقُرْآَنًا فَرَقْنَاهُ لِتَقْرَأَهُ عَلَى النَّاسِ عَلَى مُكْثٍ وَنَزَّلْنَاهُ تَنْزِيلًا

ya'ni: Qur'onni odamlarga vaqti-vaqti bilan o'qib berishingiz uchun uni bo'laklarga bo'ldik va bo'lib-bo'lib nozil qildik, degan (Isro surasi, 106-oyat). Boshqa bir oyatda esa:

وَقَالَ الَّذِينَ كَفَرُوا لَوْلَا نُزِّلَ عَلَيْهِ الْقُرْآَنُ جُمْلَةً وَاحِدَةً كَذَلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِ فُؤَادَكَ وَرَتَّلْنَاهُ تَرْتِيلًا

ya'ni: Kofir bo'lgan kimsalar: Nega bu Qur'on unga (payg'ambarga) yaxlit bir to'plam holida nozil qilinmadi?, – dedilar. (Ey, Muhammad!) Biz u (Qur'on) bilan sizning dilingizni ustivor qilish uchun mana shunday (oz-ozdan nozil qildik) va uni tartili bilan (ravon) o'qib berdik, deb marhamat qilgan (Furqon surasi, 32-oyat).

         Shundan ko'rinadiki, demak, Qur'on Payg'ambar alayhissalomga huddi Tavrot Muso alayhissalomga nozil bo'lganidek birdaniga tushmagan. Balki, u har xil voqea hodisalar sababli, muayyan masalaning hukmini bayon qilish uchun savolga javob tariqasida sekin-asta nozil bo'lgan. Masalan,

وَلَا تَنْكِحُوا الْمُشْرِكَاتِ حَتَّى يُؤْمِنَّ وَلَأَمَةٌ مُؤْمِنَةٌ خَيْرٌ مِنْ مُشْرِكَةٍ وَلَوْ أَعْجَبَتْكُمْ

ya'ni: Mushrika ayollarni, to imon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Zero, hur mushrika ayoldan ko'ra, imonli cho'ri yaxshiroqdir, garchi u (mushrika) sizlarga manzur tuyulsa ham(Baqara surasi, 221-oyat) oyati ulamolarning so'zlariga binoan Marsad al-G'anaviy raziyallohu anhu haqida nozil bo'lgan. Rasululloh s.a.v. u kishini Makkaga u erdagi zaif musulmonlarni olib kelish uchun yuborganlarida bir mushrika ayol uni o'zi bilan zino qilishga chorlaydi. Ayol bag'oyat go'zal va qaddi qomati kelishgan bo'ladi. Marsad Allohdan qo'rqib ayol bilan zino qilishdan bosh tortadi. Keyin ayol undan o'ziga xotinlikka olishni taklif qiladi. Marsad esa, avval Rasululloh s.a.v.dan maslahat so'rab, shundan keyin unga uylanishi mumkinligini aytadi. Madinaga qaytib kelganidan so'ng Payg'ambar alayhissalomga bo'lgan voqeani aytib, o'sha ayolga uylanishga izn so'raganida yuqoridagi oyat nozil bo'ladi. Shuningdek,

 إِنَّا أَنْزَلْنَا إِلَيْكَ الْكِتَابَ بِالْحَقِّ لِتَحْكُمَ بَيْنَ النَّاسِ بِمَا أَرَاكَ اللَّهُ وَلَا تَكُنْ لِلْخَائِنِينَ خَصِيمًا

ya'ni: “Albatta, Biz Sizga ushbu Kitob (Qur'on)ni odamlar orasida Alloh ko'rsatgan yo'l bilan hukm etishingiz uchun barhaq nozil etdik. Hiyonatchilarga esa, himoyachi bo'lmang!” (Niso surasi, 105-oyat) oyati va undan keyingi oyatlar Bani Zufar qabilasidagi To'ma ibn Ubayriq degan kishi haqida nozil bo'lgan. U kishi qo'shnisining sovutini o'g'irlab, o'g'riligi oshkor bo'lish xavfi tug'ilganda u sovutini boshqa bir odamning uyiga olib borib berkitadi. Shundan keyin To'maning qabiladoshlari Payg'ambar alayhissalomning oldilariga kelishib, uni oqlab gapiradilar. Ularga ishonib Payg'ambar alayhissalom To'mani odamlar oldida himoya qiladilar va uni o'g'ri deganlarga qarshi gapiradilar. Shunda yuqoridagi oyatlar nozil bo'lgan.

         Savollarga javob tariqasida kelgan oyatlarga misollar juda ham ko'p bo'lib, ulardan ba'zilarini namuna uchun keltiramiz:

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْيَتَامَى قُلْ إِصْلَاحٌ لَهُمْ خَيْرٌ وَإِنْ تُخَالِطُوهُمْ فَإِخْوَانُكُمْ

ya'ni: Sizdan, shuningdek, etimlar to'g'risida so'ramoqdalar. Ayting: Ularni isloh qilish yaxshidir. Agar (mollaringizga) ularning mollarini qo'shib yuborsangiz (zarari yo'q), zero, ular (bamisoli) o'z birodarlaringizdir(Baqara surasi, 220-oyat).

وَيَسْأَلُونَكَ عَنِ الْمَحِيضِ قُلْ هُوَ أَذًى فَاعْتَزِلُوا النِّسَاءَ فِي الْمَحِيضِ وَلَا تَقْرَبُوهُنَّ حَتَّى يَطْهُرْنَ فَإِذَا تَطَهَّرْنَ فَأْتُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ أَمَرَكُمُ اللَّهُ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ

ya'ni: Sizdan hayz to'g'risida so'ramoqdalar. Ayting: U (er va xotin uchun) aziyatdir. Bas, hayz paytida xotinlaringizdan chetlaningiz va to poklanmagunlaricha, ularga yaqinlashmangiz! Poklanganlaridan keyin ularga Alloh buyurgan ravishda kelaveringiz (qovushaveringiz). Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo'l qo'ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi(Baqara surasi, 222-oyat).

وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: “Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur” (Niso surasi, 127-oyat).

يَسْأَلُونَكَ عَنِ الْأَنْفَالِ قُلِ الْأَنْفَالُ لِلَّهِ وَالرَّسُولِ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) o'ljalar haqida so'raydilar. Ayting: “O'ljalar Alloh va Payg'ambarnikidir” (Anfol surasi, 1-oyat).

         Qur'on kamdan-kam holatda hech qanday savolsiz, hech qanday voqea-hodisasiz nozil bo'lar edi. Biroq, gohida birorta savolga javob bo'lib yoki birorta voqeaning hukmini bayon qilib nozil bo'lgan oyatga bog'liq bo'lgan boshqa hukm ham kelar edi. Bunga misol tariqasida shuni keltirish mumkin:

وَيَسْتَفْتُونَكَ فِي النِّسَاءِ قُلِ اللَّهُ يُفْتِيكُمْ فِيهِنَّ

ya'ni: “Sizdan (ey, Muhammad!) ayollar to'g'risida fatvo so'raydilar. Ayting: “Ular to'g'risida sizlarga Alloh fatvo berur” (Niso surasi, 127-oyat). Ushbu oyatdagi savol etim ayollarga uylanishning hukmi haqida edi. Oyatda so'ralgan fatvoga javob nozil bo'lish bilan birga bolalarga yaxshilik qilish, etimlarga nisbatan adolatli bo'lish haqida qo'shimcha hukmlar ham nozil bo'ldi.

         Shuningdek,

وَلَا تُنْكِحُوا الْمُشْرِكِينَ حَتَّى يُؤْمِنُوا وَلَعَبْدٌ مُؤْمِنٌ خَيْرٌ مِنْ مُشْرِكٍ وَلَوْ أَعْجَبَكُمْ

ya'ni: “Mushrik erkaklarga ham, to imon keltirmagunlaricha, (mo'mina qizlarni) nikohlab bermangiz. Zero, hur mushrikdan ko'ra imonli qul yaxshiroqdir, garchi u (mushrik) sizlarga manzur tuyulsa ham” (Baqara surasi, 221-oyat) oyati yuqorida zikr qilingan Marsad al-G'anaviy haqida nozil bo'lgan oyat bilan birga tushurilgandir.

 

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining

birinchi o'rinbosari Homidjon Ishmatbekov.

https://t.me/tuhur


 

Birinchi maqola: Muhammad alayhissalomning ilk payg'ambarlik davrlarida arablarning holati

Ikkinchi maqola: Madinai munavvaradagi qonunchilik 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

29.12.2024   18766   6 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi murojaati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa cheksiz hamdu sanolarimiz, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga mukammal salavotu salomlarimiz bo‘lsin.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Allohga shukrki, go‘zal diyorimizda har tongni tinchlik, xotirjamlik bilan qarshi olmoqdamiz. Ushbu ulug‘ ne’mat sababli, har sohada yutuqlar, yuksalishlar bo‘lmoqda, ne’matlar kundan-kun ziyoda bo‘lib bormoqda. Bu yurtda inson aziz, uning qadri yuksak ekani, o‘zining hayotiy ifodasini topib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, nogironligi bo‘lgan insonlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

Shubhasiz, oxirgi yillarda kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, yordamga muhtoj fuqarolar bilan manzilli ishlash bo‘yicha qonuniy asoslar va xalqparvar tizim yaratildi.

Siz aziz yurtdoshlarimizga murojaat qilar ekanmiz, shuni alohida ta’kidlashni xohlardikki, ijtimoiy himoya masalasida Prezidentimizga kamarbasta bo‘lish barchamiz intilayotgan farovon kelajak, farzandlarimiz baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim shartidir.

Islom dinida muhtojlarga yordam berish, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish eng savobli amallardan hisoblanadi. Muborak dinimiz xayr-saxovatga buyurar ekan, uni o‘z o‘rniga sarflashga amr etadi. Muhtoj insonlar haqqiga xiyonat qilish esa og‘ir gunoh sanaladi.

Yurtimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi xalqimiz qalbidagi ezgu ish bo‘ldi. Agentlik og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlayotgani, xayru ehsonlarni o‘z egalariga yetkazayotgani xalqimizni mamnun etmoqda, qalbiga xursandchilik ulashmoqda. Albatta, mana shunday mehrga muhtoj insonlarning duosi bilan yurtimiz yanada obod bo‘ladi.

 

Hurmatli yurtdoshlarimiz!

 

Yaratganga shukr, tarbiyaning asosiy poydevori bo‘lgan maktabga, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilishga davlatimiz tomonidan doimiy e’tibor qaratilmoqda. Yangidan yangi maktablar, bog‘chalar qurilmoqda. Yurtimizda o‘rta hisobda yiliga bir million bola tug‘ilmoqda. Bu degani, yetti yildan keyin bir necha ming maktabga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shunday ekan, saxovatpesha kishilarimiz maktab qurish yoki ta’mirlash ishlariga ham katta e’tibor qaratishlarini tavsiya etamiz. Zotan, ma’rifat, ziyo maskani bo‘lgan ta’lim dargohlarini qurish, obod qilish ajri ulug‘ amallardan hisoblanadi. Shuningdek, ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarni moddiy tarafdan ta’minlash, ularni kontrakt-shartnomalarini to‘lab berish, o‘quv qurol va darsliklarini olib berish savobi doimiy yozilib turadigan sadaqai joriya bo‘ladi.

 

Aziz vatandoshlar!

Taassufki, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar, ulardagi bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda. 

Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh! 

 

Qadrli ulamolar va imom-domlalar!

 

Ijtimoiy himoya bo‘yicha Yurtboshimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – din peshvolari quyidagi 7 ta vazifani amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:

Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat – qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.

Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.

Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.

To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.

Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.

Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.

Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish. 

 

Aziz yurtdoshlar!

 

Xayrli va savobli ishga hissa qo‘shgan, yetim-yesir, beva-bechoraning boshini silagan odamning amal daftariga qiyomatgacha sadaqai joriya savobi to‘xtamasdan yozilib turishini, bunday odam xalq ichida, el orasida doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini unutmaylik!

Alloh taolo ezgu ishlarimizni O‘zi mukofotlasin, omin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi raisi, 

muftiy Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR

Toshkent shahri 

2024 yil 26 dekabr

O'zbekiston yangiliklari