Assalomu alaykum, qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Avvalo, siz azizlarni, ko'pmillatli butun xalqimizni O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to'qqiz yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Ayni paytda ushbu tantanali marosimni joylardagi studiyalarda, shuningdek, uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik so'zlarimni eshitib turgan mo''tabar otaxon va onaxonlarimizga, munis opa-singillarimizga, aziz yoshlarimizga, barcha-barcha yurtdoshlarimga o'zimning yuksak ehtiromimni bildiraman.
Hammangizga ma'lum, pandemiya tufayli bu yil Mustaqillik bayramini har doimgidek katta tantana va sayillar bilan nishonlay olmayapmiz.
Halqimizning salomatligini o'ylab, bayram tadbirlarini ixcham shaklda, onlayn rejimida o'tkazmoqdamiz. Lekin, har yilgidek, mashhur san'atkorlarimiz ushbu qutlug' sanaga atab katta-katta kontsertlar, badiiy dasturlar tayyorlashgan va ular televideniye orqali xalqimizga taqdim etiladi.
Hech shubhasiz, barchamiz uchun eng ulug' va muqaddas bo'lgan bu bayram shukuhi oilalarimiz davrasida, qalblarimizda, yuraklarimizda davom etadi.
Hurmatli do'stlar!
Bashariyat tarixi shundan dalolat beradiki, har bir xalq faqat erkin va ozod bo'lgan taqdirdagina, o'z hayoti va kelajagini mustaqil barpo etish huquqiga ega bo'ladi. “Haq berilmas, haq olinur!” deb millat ozodligi yo'lida jonini fido qilgan ulug' ajdodlarimizning buyuk maqsadi ham shu edi.
Halqimizning beqiyos jasorati va matonati bilan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug'aniyevich Karimov boshchiligida qo'lga kiritilgan davlat mustaqilligi ana shu asriy orzumizni amalda ta'minlagan olamshumul voqeadir.
Biz qanday tahlikali va suronli davrlarni boshimizdan kechirmaylik, qanday yutuq va natijalarga erishgan bo'lmaylik, mustaqillik g'oyasi, istiqlol ruhi bizga doimo tog'dek tayanch bo'lmoqda.
Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, donishmand xalqimizning uzoqni ko'ra olishi, birdamligi va fidoyi mehnati bilan barcha sinovlardan munosib o'tib kelmoqdamiz.
Shu nuqtai nazardan, bizning insoniy qadr-qimmatimizni, g'urur va sha'nimizni, dinu diyonatimizni, milliy davlatchiligimizni tiklab bergan Mustaqillik kuni Vatanimizning shonli tarixida hamisha eng yorqin sahifa bo'lib qoladi.
Bugun jahon miqyosida yurtimiz haqida so'z ketganda “Yangi O'zbekiston” iborasi tilga olinmoqda. Bu keyingi yillarda taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo'yganimiz, erishayotgan zalvorli yutuqlarimizning e'tirofidir.
Halqimizning ulug'vor qudrati jo'sh urgan hozirgi zamonda O'zbekistonda yangi bir uyg'onish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda, desak, ayni haqiqat bo'ladi. Chunki bugungi O'zbekiston – kechagi O'zbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas.
Istiqlol yillarida bosib o'tgan shonli yo'limizga nazar tashlab, ertangi kunimizga, o'z kuch va imkoniyatlarimizga bo'lgan ishonchimiz yanada ortmoqda. Mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarda amalga oshirayotgan islohotlarimiz bu borada hal qiluvchi omil bo'lmoqda.
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan da'vatkor g'oya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Biz ayni shu asosda xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni ta'minlash, innovatsion taraqqiyot borasida muhim qadamlarni qo'ymoqdamiz.
Keng jamoatchilik, el-yurtimiz barcha ijobiy o'zgarishlarning tashabbuskori va bunyodkoriga aylanmoqda. Mamlakatimiz fuqarolari qayerda bo'lmasin, davlat himoyasida ekanini, qonun va adolat kuchini his etib yashamoqda.
Bugun bir haqiqatni qat'iy ishonch bilan aytish mumkin: dunyoda turli xavf-xatarlar, manfaatlar to'qnashuvi kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali vaziyatda O'zbekistonda shakllangan yangi tizim o'zini to'la oqlamoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarga ma'lumki, shu yil boshida 2020 yil uchun ulkan reja va maqsadlarni belgilab olgan edik. Biroq jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro'y bergan tabiiy va texnogen ofatlar barchamizning irodamizni jiddiy sinovdan o'tkazdi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib toblangan xalqimiz bu og'ir kunlardan ham o'zining sabr-matonati, mehr-oqibati va mehnatkashligi bilan yanada kuchli bo'lib o'tmoqda.
Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun g'oyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Ya'ni, biz aholimizning sog'lig'i va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning o'zida hal etmoqdamiz.
Pandemiya davrida xalqimiz tom ma'noda qudratli kuchga aylandi. Buni “Saxovat va ko'mak” umumxalq harakati yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Bu ezgu tashabbus ishbilarmon va tadbirkorlarni, fidoyi yoshlarimizni, barcha-barcha vatandoshlarimizni olijanob maqsad yo'lida birlashtirdi.
Hazrat Alisher Navoiyning:
Davron elining jismida jon bo'lg'il,
Ham jonlariga moyai darmon bo'lg'il, –
degan so'zlari bugun yanada teran ma'no bilan yangramoqda.
Chindan ham, hozirgi davr har birimizni saxovat va himmat ko'rsatib, xayrli ishlarimiz bilan el-yurt dardiga darmon bo'lishga undamoqda.
Ayni vaqtda koronavirus mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun ham jiddiy sinov, ham ulkan tajriba maktabi bo'ldi.
Bu baloga qarshi kurashish bo'yicha so'nggi olti oy davomida misli ko'rilmagan ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, ko'plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qo'shimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi. Eng ilg'or xorijiy amaliyot va o'zimizda to'plangan tajriba asosida davolash usullari takomillashtirib borilmoqda. Koronavirusga qarshi kurashda tunu kun metin iroda bilan faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlarining fidokorona mehnatini munosib qadrlash doimiy e'tiborimizda turibdi. Bunday chora-tadbirlarimiz natijasida minglab bemorlar shifo topib, oilasi bag'riga qaytmoqda.
Chet davlatlarga mehnat qilish va o'qishga ketib, pandemiya tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizni o'z uylariga qaytarish, tegishli yordam ko'rsatish bo'yicha amalga oshirgan katta ishlarimiz davom ettirilmoqda.
Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo'lmasin, qancha mablag' va imkoniyat talab etilmasin, O'zbekistonning bironta fuqarosi o'z holiga tashlab qo'yilmaydi.
Barchangizga yaxshi ma'lum, dunyoda ikki soha vakillari o'z kasbiga sadoqat borasida qasamyod qabul qiladi: bular – Vatan himoyachilari bo'lgan harbiylar va inson salomatligiga mas'ul shifokorlar. Buning bejiz emasligini bugun hayotning o'zi tasdiqlamoqda. Muqaddas qasamyodiga sodiq bo'lgan shifokorlarimiz hozirgi murakkab vaziyatda, kerak bo'lsa, aziz jonlarini fido qilib, qahramonlarcha mehnat qilmoqdalar.
Halqimiz, davlatimiz sizlarning matonat va jasoratingizni hech qachon unutmaydi.
Biz nechog'lik harakat qilmaylik, afsuski, bu xavfli kasallik bir qancha vatandoshlarimizning umriga zomin bo'ldi. Bu og'ir yo'qotishlar yuraklarimizni larzaga soldi. Negaki, bu insonlarning har biri bizning jigarlarimiz edi.
Shu o'rinda yaqinlaridan judo bo'lgan yurtdoshlarimizga chuqur hamdardlik bildirib, ularga Yaratgandan sabr-toqat va bardosh tilayman.
Qadrli vatandoshlar!
Halqimizda “Oqqan daryo – oqaveradi” degan hikmatli gap bor. Buni bugungi murakkab vaziyatda amalga oshirayotgan ulkan ishlarimiz isbotlab turibdi.
Jahon banki, Halqaro valyuta jamg'armasi kabi nufuzli moliya tashkilotlari dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida O'zbekistonda iqtisodiyotning pasayishiga yo'l qo'yilmaganini ta'kidlamoqda va keyingi yillarda sezilarli o'sish kutilayotganini prognoz qilmoqda. Bu albatta o'z vaqtida ko'rgan tezkor choralarimizning samarasidir.
Karantin cheklovlariga qaramasdan, sanoat va qishloq xo'jaligini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish bo'yicha boshlagan keng ko'lamli ishlarimizni izchil davom ettirmoqdamiz.
Aholimizning asosiy qismi o'zining daromad manbalari va turmush darajasini saqlab qolishiga erishdik. Karantin talablari joriy etilishi natijasida 72 ming 500 ta sanoat korxonasidan 16 ming 700 tasi o'z faoliyatini vaqtincha to'xtatgan edi. Bu borada qilgan tizimli ishlarimiz hisobidan 16 ming 600 ta korxonada ishlab chiqarish jarayoni tiklandi.
Mamlakatimiz korxonalari mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish bo'yicha belgilangan rejalar ham bajarilmoqda. Yil boshidan buyon 9 milliard dollarlik mahsulotni eksport qilishga erishganimiz ham buni tasdiqlab turibdi.
Shu o'rinda bir raqamga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Bu yil respublikamizda birgina sanoat sohasida umumiy qiymati 11 milliard dollar bo'lgan loyihalar ishga tushiriladi.
Ana shunday yirik loyihalar qatorida yangi Toshkent metallurgiya zavodini alohida qayd etish zarur. Germaniya va Italiyaning zamonaviy texnologiyalari o'rnatilgan ushbu korxona ekologik jihatdan eng toza va xavfsiz bo'lib, yiliga 500 ming tonna metall prokati ishlab chiqaradi.
“Navoiyazot” korxonasida yiliga 500 ming tonna azot kislotasi va 100 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqaradigan zavodlar foydalanishga topshirildi. Yil oxiriga qadar bu erda yiliga 660 ming tonna ammiak va 577 ming tonna karbamid ishlab chiqaradigan zavodlar ham faoliyat boshlaydi. Yangitdan barpo etilayotgan “O'zbekiston JTL” zavodida “Sho'rtangazkimyo” kompleksining metan gazi asosida yiliga 1,5 million tonna sintetik yoqilg'i olish yo'lga qo'yilmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar tayyorlashni uch barobar ko'paytirishga doir, shuningdek, neft', kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari sanoati, farmatsevtika, to'qimachilik, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlar bo'yicha ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Iqtisodiy sohadagi ana shunday keng ko'lamli islohotlar tufayli xalqaro valyuta zaxiralarimizning hajmi qariyb 5,5 milliard dollarga oshib, jami 34 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda. Bu, hech shubhasiz, katta yutug'imizdir.
Iqtisodiyotimizda barqaror o'sish sur'atlarini ta'minlashda qishloq xo'jaligi alohida rol' o'ynamoqda. Sohani modernizatsiya qilish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlarining mablag'lari hisobidan qiymati 1 milliard 200 million dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, har bir hududda zamonaviy agroxizmat markazlarini tashkil etish uchun Jahon bankining 500 million dollarlik mablag'i jalb etildi.
Biz keyingi yillarda qishloq xo'jaligini rivojlantirishga birinchi marta shunday ulkan moliyaviy resurslarni yo'naltirmoqdamiz.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz bu yilgi murakkab sharoitda fidokorona mehnat qilib, g'alladan olti yarim million tonnaga yaqin hosil etishtirdilar. Chorvachilik, parrandachilik, bog'dorchilik, sabzavot va poliz ekinlari etishtirish bo'yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
Imkoniyatdan foydalanib, rizq-ro'zimiz bunyodkori bo'lgan dehqon va fermerlarimizga, erning haqiqiy egasiga aylanayotgan klaster xo'jaliklari xodimlariga, barcha dala mehnatkashlariga samimiy minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.
Hurmatli do'stlar!
Hususiy tadbirkorlik va kichik biznes sohasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Pandemiya davrida tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash hamda ular o'z faoliyatini davom ettirishi uchun biznes sub'ektlariga turli imtiyoz va engilliklar berilgani sizlarga yaxshi ma'lum.
Bu yil “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 4 trillion so'mdan ziyod mablag' yo'naltiriladi.
Ishonchim komil, ana shunday tizimli ishlarimiz orqali yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlarining uzluksiz faoliyatini va iqtisodiyotimiz barqarorligini albatta ta'minlaymiz.
Ulkan qurilish maydoniga aylangan mamlakatimizda ko'plab yangi-yangi korxona va turar-joylar, yo'l va ko'priklar, infratuzilma ob'ektlari, ilm-fan, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Hozirgi vaqtda birgina ijtimoiy sohaning o'zida 2 ming 400 ga yaqin ob'ektda qurilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Poytaxtimizdagi kuni kecha foydalanishga topshirilgan yangi er osti va er usti metro liniyalari, G'alaba bog'i, Adiblar xiyoboni singari muhtasham majmualar, barcha hududlarimizda qad ko'tarayotgan zamonaviy bino va inshootlar xalqimizning ulkan bunyodkorlik salohiyatidan yorqin dalolatdir.
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Ma'lumki, milliy mustaqilligimizning bosh maqsadi yurtimizdagi har bir insonning izzat-hurmati va qadr-qimmatini joyiga qo'yishdan iboratdir.
Biz ana shu ezgu ishni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash, kambag'allikni kamaytirishni davlat siyosati darajasiga ko'tardik. Jumladan, ijtimoiy nafaqa bilan ta'minlanadigan aholi soni qariyb 1,5 barobar oshirildi. Yil yakuniga qadar ularning soni hozirgi 774 mingdan 1 million 200 ming nafarga etkaziladi. Ushbu toifani qo'llab-quvvatlash va iqtisodiyotimizni tiklash uchun davlat byudjetidan o'n ikki yarim trillion so'm mablag' ajratildi.
Keyingi paytda uyma-uy yurib o'rganish orqali aholini ijtimoiy himoya qilish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashning o'ziga xos yangi tizimi shakllantirildi. Shu asosda, umumiy hisobda, moddiy yordam ko'rsatish uchun 417 milliard so'm mablag' ajratildi. Shuningdek, sentyabr' oyida moddiy yordam va ko'makka muhtoj, boquvchisini yo'qotgan oilalarning farzandlarini va nogironligi bo'lgan bolalarni qishki kiyim-bosh to'plamlari, maktab formasi va o'quv qurollari bilan ta'minlash maqsadida 426 milliard so'mga yaqin moddiy yordam ko'rsatiladi.
O'zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo'yicha bunday keng ko'lamli ishlar ilgari hech qachon bo'lmagan.
Bugungi qutlug' ayyomda Vatanimiz kelajagi bo'lgan yoshlarimizning kamoli yo'lida qilayotgan ishlarimizni esga olishimiz tabiiydir.
So'nggi to'rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 121 taga etdi. Bu yil oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam o'tgan yilga nisbatan 40 foiz ko'p demakdir.
Ushbu ko'rsatkichlar, avvalo, farzandlarimiz va ularning ota-onalari qalbidagi ertangi kunimizga, kelajakka bo'lgan katta orzu-umid va ishonchdan darak beradi.
Ana shu o'g'il-qizlarimiz yaqinda kirish imtihonlarini topshiradi. Kelinglar, bo'lg'usi sinovlarda hamma farzandlarimizga omad va zafarlar tilaylik!
Yosh avlod tarbiyasida hal qiluvchi o'rin tutadigan bog'chalar va maktablar tizimida ham ulkan o'zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etish, “Zamonaviy maktab” dasturini joriy etish borasidagi ishlarimiz ham uzluksiz davom ettirilmoqda.
Yurtimizda Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar masalalari bo'yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda “Loyihalar fabrikasi” ish boshladi.
“Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor o'g'il-qizlarimizning 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga qariyb 1,7 trillion so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Farzandlarimizning iste'dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to'liq ro'yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o'rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz bo'lib qoladi.
Oila, onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari, ayollarning mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, gender tenglikni ta'minlash borasidagi ishlarimiz ham izchil davom ettirilmoqda.
Habaringiz bor, kam ta'minlangan oilalarda kamol topayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish uchun bu yil yangi tizim joriy etdik. Unga muvofiq, ushbu o'quv yilida oliy ta'lim dargohlarining kunduzgi bo'limlariga bunday qizlarimiz uchun davlat granti asosida 940 ta qo'shimcha o'rin ajratildi.
Aziz vatandoshlar!
Hozirgi paytda dunyo miqyosida raqobat qanday keskin tus olib borayotganini hammamiz ko'rib turibmiz. Bu shiddatli raqobatga faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish orqali munosib javob bera olamiz. Shuning uchun ham ushbu strategik vazifa bizning faoliyatimizda ustuvor yo'nalishga aylanmoqda.
So'nggi yillarda O'zbekiston olimlari fundamental fan va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator yutuqlarni qo'lga kiritmoqdalar. Hususan, matematika, fizika, kimyo, biologiya, astronomiya, farmatsevtika, geologiya, seysmologiya va boshqa sohalarda jiddiy amaliy natijalarga erishilmoqda. Matematika, kimyo, biologiya fanlarini rivojlantirish va ularni o'qitish borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko'tarilmoqda.
O'ylaymanki, Muhammad al-Horazmiy nomidagi xalqaro mukofotni ta'sis etganimiz matematika sohasida yosh iqtidor egalarini rag'batlantirishda yana bir muhim omil bo'ladi.
Ma'lumki, har qanday mustaqil davlat mustahkam ma'naviy poydevorga ega bo'lgandagina yuksak taraqqiyotga erisha oladi.
Shu maqsadda biz “Uzluksiz ma'naviy tarbiya kontseptsiyasi” doirasida umumta'lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanini joriy etmoqdamiz.
Milliy davlatchiligimiz va o'zligimiz timsoli bo'lgan ona tilimizni rivojlantirish bu borada eng muhim yo'nalish bo'lib qoladi. Hudo xohlasa, bu yil 21 oktyabr' – O'zbek tili bayrami kunini butun mamlakatimiz miqyosida keng nishonlaymiz.
Keyingi paytda qabul qilingan farmon va qarorlar asosida madaniyatimiz va san'atimiz rivoji yangi bosqichga ko'tarilmoqda.
Mamlakatimizda diniy-ma'rifiy sohalar rivojiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Ushbu betakror majmua xalqimizning asrlar davomida jahon tsivilizatsiyasiga qo'shgan ulkan hissasini namoyon etadi. Yaqinda Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish borasida boshlagan sa'y-harakatlarimiz ham mana shu xayrli ishlarning uzviy davomidir.
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha ham katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi sessiyasida Sud-huquq tizimida O'zbekiston erishayotgan amaliy natijalarning e'tirof etilgani bu boradagi faoliyatimizga berilgan xolis bahodir.
Yurtimizda birinchi marta “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” qabul qilindi.
Shu yil avgust oyida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlab Samarqand veb-forumi o'tkazildi. U nafaqat mamlakatimiz, balki jahon yoshlari hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda sud-huquq tizimini takomillashtirish, jinoyatga oid qonunchilikni liberallashtirish, to'g'ri yo'ldan adashgan insonlarni sog'lom hayotga qaytarish yuzasidan ham tarixiy qadamlar tashlandi.
So'nggi paytda jazoni o'tayotgan shaxslarga nisbatan afv instituti keng qo'llanayotgani xalqimizga xos bag'rikenglik va insonparvarlikning amaliy ifodasidir. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida Mustaqillik bayrami arafasida yana bir Farmonga imzo chekdim. Unga ko'ra, qilmishiga chin dildan pushaymon bo'lib, qat'iy tuzalish yo'liga o'tgan 73 nafar shaxs jazoni o'tash muassasalaridan ozod qilinib, o'z oilasi bag'riga qaytarildi. Shuningdek, 40 nafar fuqaroning jazo muddatlari qisqartirildi.
Inson huquqlarining eng muhim sharti bo'lgan shaxsning fuqaroligini tiklash bo'yicha ham salmoqli qadamlar qo'yildi. Ko'p yillar davomida yurtimizda yashab kelayotgan bo'lsa-da, fuqarolik ololmay yurgan, bu yuksak maqomni uzoq vaqt intiqib kutgan 50 mingdan ziyod kishiga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi berildi.
Taraqqiyot kushandasi bo'lmish illat – korruptsiyaga qarshi mamlakatimizda keng ko'lamda kurash olib borilmoqda. Shu borada yangi tuzilma – Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etganimiz bu masalaning dolzarbligi va doimiy e'tiborimizda bo'lishidan dalolat beradi.
Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, so'z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror topdirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o'rnatish bo'yicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta'kidlamoqchiman.
Barchangiz xabardorsiz, hozirgi murakkab sharoitga qaramasdan, biz zimmamizga olgan barcha xalqaro majburiyatlar va kelishuvlarni to'liq bajarib kelmoqdamiz. Horijiy sheriklarimiz bilan o'zaro manfaatli hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, koronavirusga qarshi kurashda bizga amaliy ko'mak bergan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga, shuningdek, Hitoy, Rossiya, AQSh, Turkiya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Germaniya, Yaponiya va boshqa hamkor davlatlarga xalqimiz nomidan samimiy tashakkur izhor etaman.
Halqaro valyuta jamg'armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalar banki va boshqa tashkilotlarga qo'shma dastur va loyihalarni qo'llab-quvvatlash hamda pandemiya oqibatlarini yumshatish borasida ko'rsatgan yordamlari uchun minnatdorlik bildiraman.
Ayni vaqtda bizni Mustaqillik bayrami bilan qutlayotgan barcha uzoq-yaqin davlatlarning xalqlariga, chet ellik do'stlarimiz va hamkorlarimizga tinchlik-omonlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugungi og'ir vaziyat har birimizdan o'z faoliyatimiz va mas'uliyatimizni yanada kuchaytirishni talab etmoqda.
Halqimizda “Ko'z – qo'rqoq, qo'l – botir”, degan chuqur ma'noli ibora bor. Bugungi sharoitda bizning ko'zimiz ham, qo'limiz ham, yuragimiz ham botir bo'lishi kerak. Belimizni mahkam bog'lab, pok niyat bilan mehnat qilsak, shubhasiz, ko'zlagan marralarimizga erishamiz.
Muqaddas kitoblarda aytilganidek, har qanday qiyinchilik ortidan albatta bir engillik keladi. Barchamiz bunga ishonamiz va qodir Ollohdan shuni so'raymiz.
Hali ko'p Navro'z va Hayit ayyomlarini, tarixiy sanalar va umumxalq bayramlarini hammamiz birgalikda shodu xurramlik bilan o'tkazamiz, inshoolloh.
Mana, kelgusi yili davlatimiz mustaqilligiga o'ttiz yil to'ladi. Mamlakatimiz tarixidagi ushbu unutilmas shonli sanani har tomonlama munosib nishonlashni niyat qilganmiz. Ilohim, shu kunlarga sog'-omon, yorug' yuz bilan etish hammamizga nasib etsin.
Ma'lumki, bugungi bayram arafasida turli soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning katta bir guruhi davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularning barchasini qizg'in tabriklab, ijtimoiy faoliyatlari va shaxsiy hayotlarida yangi-yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, o'z insoniy burchi va fuqarolik mas'uliyatini chuqur anglab, istiqlolimizni mustahkamlash uchun fidokorona mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarga, quruvchi va tadbirkorlarga, fermer va dehqonlarga, navqiron yoshlarimizga yana bir bor samimiy rahmat aytaman.
El-yurt manfaati yo'lida o'zini ayamasdan xizmat qilayotgan hurmatli deputatlar va senatorlarimizga, hokimiyat idoralari xodimlari va mahalla faollariga, harbiy libos kiygan o'g'lonlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarga, muhtaram nuroniylarimizga, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillariga chin qalbimdan tashakkur izhor etaman.
Men turli sinov va kurashlarda toblangan, iymon-irodasi mustahkam xalqimizning aql-zakovati va azmu shijoatiga ishonaman.
Mana shunday buyuk insoniy fazilatlar sohibi bo'lgan, ayniqsa, bugungi sinovli kunlarda o'zining matonati va hamjihatligi bilan chinakam jasorat ko'rsatayotgan qahramon xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan bosh egib ta'zim qilaman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Sizlarni O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to'qqiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin dildan tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va omad yor bo'lsin!
Farzandlar, nabiralar kamolini ko'rib yurish hammamizga nasib etsin!
Go'zal va betakror yurtimiz hamisha tinch va farovon bo'lsin!
Mehnatkash va olijanob, bag'rikeng xalqimiz doimo sog'-omon bo'lsin!
Yaratganning o'zi barchamizni panohida asrasin!
Mustaqilligimiz abadiy bo'lsin!
president.uz
«Nikoh» so‘zi, avval ham aytib o‘tganimizdek, lug‘atda «qo‘shilish», «jamlanish», «yaqinlashish» ma’nolarini anglatadi.
Shariatda esa: «Nikoh bahralanish egaligini hosil qiluvchi bog‘lanishdir».
Boshqa fiqhiy mazhablar ta’rifida: «Nikoh er-xotin orasida shar’iy yo‘l bilan huzurlanish halolligini ifoda qiluvchi va o‘sha huzurlanishni muboh qiluvchi aqddir».
Shayx Muhammad Abu Zahra quyidagi ta’rifni ixtiyor qilgan:
«Nikoh erkak va ayol orasidagi yaqinlikni, ikkisining o‘zaro hamkorligini ifoda qiluvchi hamda ikkisining huquq va majburiyatlarini chegaralovchi aqddir».
Nikohning shariatga kiritilishi hikmatlari:
1. Nikohdagi shaxs va uning jufti halolining haromdan saqlanishi.
2. Inson sulolasini inqirozga uchrab yo‘q bo‘lib ketishdan himoya qilish.
3. Naslu nasabning boqiy qolishi va muhofaza qilinishi.
4. Jamiyat qurishning asosi bo‘lgan oilani barpo qilish.
5. Oila va jamiyat a’zolari orasida o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va ularni rivojlantirish.
Alloh taolo insonni tabiatan jamoatchilikda yashashga moyil qilib yaratgan. Inson zoti bu dunyoda yashar ekan, uning o‘ziga o‘xshash insonlar bilan aloqa qilishga hojati tushadi va busiz yashab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham turli insoniy aloqalar mavjud va ularsiz dunyo hayoti obod bo‘lmaydi.
Ammo barcha insoniy aloqalar ichida eng muqaddasi nikoh aloqasidir. Barcha insoniy aloqalar o‘z-o‘zidan o‘rnatilib va yuritilib ketaversa ham, nikoh aloqasi alohida e’tiborga sazovordir. Shuning uchun ham Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini, Qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini, barcha zamonlar va makonlarda insoniyatga ikki dunyo saodat yo‘lini ko‘rsatib beruvchi dini – Islom nikoh aloqasini insoniy aloqalar ichida eng e’tiborli va eng muqaddas aloqaga aylantirgan. Bu aloqa, Islom ta’limotiga binoan, Alloh taoloning amri bilan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan va mo‘min-musmonlarning guvohligi bilan quriladigan aloqaga aylantirilgan. Nikoh aloqasi haqida Qur’oni karimda oyatlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida ko‘plab ta’limotlar hamda Islom fiqhida qator hukmlar kelgan.
Mazkur muqaddas aloqaning mohiyatini, negizini va asosini ushbu bobda zikri kelayotgan «nikohlanish», bizning urfimizda «nikoh o‘qitish» deb ataladigan marosim tashkil etadi. Ba’zi odamlarning bilimsizligi va beparvoligi oqibatida aynan oila qurishning javhari bo‘lgan mana shu ishni unutib qo‘yadiganlar ham yo‘q emas.
Bundan bir necha yil avval ikki-uch kishi muhim savollari borligini aytib, oldimga kelishdi. Kirib, bir yaqinlari o‘g‘lini uylantirayotgani, hamma narsa tayyor bo‘lganida bola: «Nikoh o‘qilmasa bo‘lmaydi» deb turib olganini, ota-onasi esa: «Eskicha nikohning nima keragi bor?» degani va orada kelishmovchilik chiqqanini aytib, ulardan qay birlari haq ekanini so‘rashdi.
Ming afsuski, hozirgacha musulmonlar orasida nikohning asli, oila poydevori, haromni halol qiladigan, boshqalar uchun shunchaki odat bo‘lgan er-xotinlik aloqasini ibodat darajasiga ko‘taradigan asosiy omil bo‘lmish nikoh aqdiga unchalik ahamiyat bermaydigan, unga «eskicha odat» deb qaraydiganlar bor.
Bu o‘ta noxush holatga chek qo‘yishimiz kerak. Aynan shar’iy nikoh saodat manbai ekanini anglab yetishimiz va uni qadrlay bilishimiz lozim. Shariatning har bir musulmon uchun farz bo‘lgan ushbu hukmini yaxshilab o‘rganishimiz zarur.
Keling, bizda «nikoh o‘qitish» deyish odat tusiga aylanib qolgan «aqdi nikoh»ning shariatdagi hukmlarini diqqat bilan o‘rganib chiqaylik.
Shar’iy nikohning to‘g‘ri bo‘lishi shartlari:
1. Iyjob va qabul.
Nikoh tuguni iyjob va qabul ila bog‘lanadi.
Ya’ni er-xotinlik aloqasi nikohlanmoqchi bo‘lgan ikki tarafdan birining nikohlanish rag‘batini bildirishi va ikkinchisining o‘sha rag‘batni qabul qilishi ila yuzaga chiqadi.
«Iyjob» – aqdi nikohda ishtirok etadigan ikki tomonning biridan shu masalada rag‘bat sodir bo‘lganini anglatadigan narsa, «qabul» esa, ikkinchi tomondan ana shu rag‘batni qabul qilganini bildirish uchun sodir bo‘lgan narsadir.
Bizning voqeligimizda nikoh o‘qiyotgan domla kelindan «Falonchiga turmushga chiqishga rozimisiz?» deb so‘raganda kelinning «Ha» yoki «Roziman» deyishi iyjob bo‘ladi. Domla kuyovdan «Falonchini jufti halollikka qabul qildingizmi?» deb so‘raganda kuyovning «Qabul qildim» deyishi «qabul» bo‘ladi.
Shuningdek, bir erkak ayol kishiga: «Menga xotin bo‘lishga rozimisan?» desa, bu «iyjob» bo‘ladi. Ayol unga «Roziman», deb javob bersa, bu «qabul» bo‘ladi. Yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Ba’zi vaqtlarda valiylar yoki vakillar orqali ham «iyjob-qabul» bo‘lishi mumkin.
Hanafiy mazhabida faqat iyjob va qabulgina nikohning rukni hisoblanadi.
Iyjob va qabul, ya’ni rozi-rizolikni alohida va jamoatchilik oldida so‘rashni joriy qilishda yoshlarga o‘z erklari bilan oila qurayotganliklarini yana bir bor namoyon qilish ma’nosi ham bordir. Agar ichkarida odamlarning xabarisiz qiyin-qistov bo‘layotgan bo‘lsa, yana bir imkon yaratib, ochig‘ini e’lon qilish uchun yigit va qizga fursat beriladi.
2. Iyjob va qabulda ishlatilgan iboralar abadiylikni ifoda qilishi shart.
Agar bu iboralar vaqtinchalikni ifoda qilsa, nikoh bog‘lanmaydi. Vaqtini tayin qilib «falon oyga, falon yilga nikohlandik» deyilsa, nikoh botil bo‘ladi. Shuning uchun ham muvaqqat nikoh va mut’a nikohi harom hisoblanadi.
Iyjob va qabulning lafzi «Nikohlanishga rozi bo‘ldim va nikohlandim» kabi o‘tgan zamon fe’li yoki «Menga nikohlan» deganda «Nikohlandim» deyish kabi buyruq va o‘tgan zamon fe’li ila ifoda etiladi.
Yoki bir taraf nikoh rag‘batini bildirganda ikkinchi taraf «Qabul qildim», desa ham, iyjob-qabul sobit bo‘ladi.
Nikoh va uylanish ma’nolari Qur’oni karimda kelganligi uchun mazkur ikki lafzni ishlatish afzaldir. Odatda «nikoh» va «uylanish» lafzlarining ishlatilishi hammaga ma’lum va mashhur.
3. Kelin-kuyov bir-birlarining iyjob va qabul haqidagi lafzlarini eshitishlari shart.
Chunki ovozi eshitilmagan shaxs g‘oyib shaxs bilan barobardir.
Shuningdek, kuyov-kelinning iyjob va qabul haqidagi lafzlarini o‘sha yerda hozir bo‘lgan guvohlar ham eshitishlari shart.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Valiysiz va ikki odil guvohsiz nikoh yo‘qdir», dedilar (Ahmad va Bayhaqiy rivoyat qilganlar).
4. Valiyning bo‘lishi.
Valiyni hanafiy mazhabi «nikohning shartlaridan biri» desa ham, boshqa mazhablar «nikohning ruknlaridan biri» deganlar. Shunga binoan, «valiy» nikohning to‘g‘ri bo‘lishi unga bog‘liq shaxs bo‘ladi.
Odatda, ota yoki uning o‘rniga qolgan shaxs valiy bo‘ladi. Valiylar tartibi, ota yo‘q bo‘lsa, bobo, tug‘ishgan aka‑uka, ota bir aka-uka, ona bir aka-uka, amaki bo‘lib ketaveradi.
Hanafiy mazhabida: «Odam ajratishni bilmaydigan, aldanib qoladigan kishi ham valiy bo‘lmaydi», – deyilgan.
Valiy nikohda o‘zining o‘rniga vakil tayin qilishi joizdir.
5. Ikki adolatli guvoh.
Iyjob va qabulsiz nikoh bo‘lmaganidek, kamida ikki er kishi yoki bir er va ikki ayol kishi guvohligisiz ham nikoh bo‘lmaydi.
Yangi qurilgan oila jamiyatning yangi a’zosi bo‘ladi. Shuning uchun ham jamiyatning vakillari bo‘lmish guvohlar ularning halol-pok oila qurayotganlariga jamiyat nomidan shohid bo‘ladilar.
Shohidsiz nikoh bo‘lmaydi. Ana o‘sha guvohlar ikki shaxsning halol-pok yo‘l, nikoh yo‘li bilan oilaviy turmush qurishganiga shohid bo‘ladilar va buni boshqa kishilarga ham yetkazadilar. Shuningdek, er-xotin orasida nikoh masalasida da’volashuv bo‘lib qolsa, qozining oldida guvohlik ham beradilar. Ushbu e’tibordan nikoh guvohsiz bo‘lishi mumkin emas.
Nikohda guvohlar ikki er kishi bo‘lishi kerak. Hanafiy mazhabida ikki er kishi bo‘lmasa, bir er kishi va ikki ayol kishi bo‘lsa ham, bo‘laveradi. Ammo faqat ayol kishilarning yolg‘iz o‘zlarining guvohligi kifoya qilmaydi.
Guvohlarda quyidagi shartlar bo‘lishi lozim:
1. Aql. Majnun kishi guvoh hisoblanmaydi.
2. Balog‘atga yetganlik. Yosh bola guvoh hisoblanmaydi.
3. Hur. Qul guvoh bo‘lmaydi.
4. Musulmonlik. Nomusulmon kishi guvoh bo‘lmaydi.
5. Ikkala guvoh ham nikohlanuvchi ikki tomonning gaplarini eshitishlari kerak.
6. Guvoh adolatli (diniy jihatdan to‘liq, odil odam) bo‘lsa, yaxshi bo‘ladi. Bo‘lmasa, adolati surishtirilmagan, yolg‘onchiligi, fosiqligi ma’lum bo‘lmagan kishi ham bo‘laveradi. Hanafiy mazhabida bu masala boshqa mazhablarga qaraganda bir oz kengroq olingan.
Nikoh ikki fosiqning huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Lekin ularning guvohliklarining ta’siri da’vo paytida o‘tmaydi.
Fosiq – shariatga xilof ish qiladigan odam. Boshqa mazhablarda fosiqning guvohligi o‘tmaydi. Ammo Hanafiy mazhabida yuqorida zikr qilingan shart ila uning nikohdagi guvohligi qabul qilingan.
Nikoh ikki tarafning ikki o‘g‘li yoki bir tarafning ikki o‘g‘li huzurida ham to‘g‘ri bo‘ladi. Misol uchun, ajrashib ketgan er-xotin o‘zlarining ikki o‘g‘li guvohligida yoki birlarining ikki o‘g‘li huzurida qayta yarashsalar bo‘ladi.
Ularning guvohligi o‘zining yaqini foydasiga qabul qilinmaydi. Misol uchun, erning ikki o‘g‘li guvohligida nikoh qilindi. Keyin er-xotin orasida nizo chiqib, qoziga murojaat qilindi. Ikki o‘g‘ilning guvohligi otaning foydasiga qabul qilinmaydi. Ammo erning xuddi o‘sha o‘g‘illarining guvohligi xotinning foydasiga qabul qilinadi. Chunki ular bilan xotinning orasida qarobat – yaqin qarindoshlik yo‘q.
Nikoh ikki zimmiyning guvohligida to‘g‘ri bo‘ladi va ularning guvohligi musulmonning ziddiga o‘tmaydi.
Zimmiy – Islom davlati soyasida yashayotgan g‘ayridin shaxs. Agar musulmon odam zimmiy ayolga uylanayotgan bo‘lsa, ikki zimmiy erkakning guvohligida qilingan nikoh to‘g‘ri bo‘ladi. Ammo keyinchalik mazkur er-xotinning orasida nizo chiqib qolsa va ishlari mahkamada ko‘riladigan bo‘lsa, zimmiylarning musulmonning ziddiga bergan guvohligi qabul qilinmaydi.
Agar vakil qiluvchining o‘zi hozir bo‘lsa, uning vakili guvoh bo‘la oladi. Shuningdek, balog‘atga yetgan, o‘ziga boshqa odam valiy qilingan qiz hozir bo‘lsa, uning valiysi ham guvoh bo‘la oladi.
Ammo vakil qiluvchi va valiy qiluvchi hozir bo‘lmasa, vakil ham, valiy ham guvoh bo‘la olmaydi. Chunki bu holatda ularning har biri aqdi nikohning bir tarafi bo‘ladi. Nikohdan o‘tuvchining o‘zi aqd paytida hozir bo‘lsa, uning o‘zi aqdning bevosita egasi bo‘ladi hamda vakil va valiyning guvoh bo‘lishlari imkoni tug‘iladi.
Xuddi shu nikoh aqdini bog‘lash paytida guvohlarning oldida nikohning asl va muhim amallaridan biri – mahr masalasini ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bizning hozirgi sharoitimiz shuni taqozo qiladi. Chunki mahr nimaligini bilmaydiganlarimiz bor. Agar nikoh o‘qiyotgan olim kishi bu masalani tushuntirib, amalga oshirib qo‘ymasa, bu o‘ta muhim narsa umuman esga kelmay, shariatning hukmlaridan biri poymol bo‘lishi, ikki tarafning gunohkor bo‘lishi hech gap emas.
Nikohga oid ma’lumotlarni turli munosabatlar bilan odamlarga bayon qilganimizda, jumladan, mahr masalasini tushuntirganimizda, «Biz oila qurganimizda bu kabi gaplar bo‘lmagan edi», «Mahr nimaligini bilmay, oila qurgan ekanmiz, endi nima bo‘ladi?» degan odamlar bo‘ldi. Ana shu e’tibordan, muhtaram ulamolarimiz nikoh o‘qish paytida ushbu masalani o‘rtaga tashlab, bayon qilib, hal etib qo‘yishlari juda yaxshi ish bo‘ladi.
"Baxtiyor oila" kitobidan