Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Qatag'on qurbonlari ruhlariga bag'ishlab Qur'on tilovat qilindi.

31.08.2020   2751   4 min.
Qatag'on qurbonlari ruhlariga bag'ishlab Qur'on tilovat qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.

Majmuadagi ramziy qabr yonida qatag'on qurbonlari ruhlariga bag'ishlab Qur'on tilovat qilindi. Shu erda nuroniylar, ulamo va ziyolilar bilan muloqot bo'ldi.

 

 

- Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qur'on o'qishimiz yaxshi an'ana. Ma'rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan to'ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo'yicha ko'p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi - odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni etkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga etishi uchun, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Ma'lumki, mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon bo'lgan. 1937-53 yillarda O'zbekistonda 100 ming odam qatag'onga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo'lib, bolalar etim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatag'on davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.

- Bu insonlar haqiqiy etakchilar, ilg'or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag'on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo'lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz, - dedi Prezident.

 

 

Davlatimiz rahbari qatag'onga uchragan ana shu 100 ming odamning har biri bo'yicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, o'zlari yashagan mahallalar va maktablarga nomlarini qo'yib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini ta'kidladi.

So'nggi yillarda Ishoqxon Ibrat, Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho'lpon, Abdulla Qodiriy singari ma'rifatparvarlar xotirasiga bag'ishlab muzeylar, muazzam haykallar yaratildi. Ijod maktablari bunyod etildi. Qoraqalpog'iston Respublikasida, barcha viloyatlarda Qatag'on qurbonlari muzeyining bo'limlari ochildi. Qatag'on qurbonlariga bag'ishlangan yangi-yangi kitoblar, fil'mlar, tadqiqotlar yaratilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi yurtimizni ham chetlab o'tmadi. Afsuski, bu kasallik uch yuzdan ziyod yurtdoshimizning hayotiga zomin bo'ldi.

Marosimda ushbu insonlar xotirasiga bag'ishlab ham Qur'on tilovat qilindi. Bemorlarning tezroq sog'ayishini Allohdan so'rab, duo o'qildi.

- O'z yaqinlaridan judo bo'lgan barcha oilalarga chuqur hamdardlik bildirib, sabr-toqat tilayman. Davolanayotgan bemorlarimizning dardiga shifo berishini Hudodan so'raymiz. Olti oydan beri shu balo bilan kurashyapmiz. Bu kasallik yurtimizdan tezroq ketishini so'rab duo qilamiz, - dedi davlatimiz rahbari.

 

Manba: https://president.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Sahoba munofiq bo‘ldimi?

6.02.2025   3594   2 min.
Sahoba munofiq bo‘ldimi?

Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.

Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.

Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.

Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.

Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.

Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.

Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).

Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV