Bu yil Vatanimiz istiqlolga erishganiga 29 yil to'ldi. Alloh taolo bu saodatli va qutlug' ayyomni barchamizga muborak qilsin!
Mustaqillik ne'matini yaxshi anglab, qadriga etish uchun atrofga ibrat nazari bilan qarasak, ba'zi davlatlardagi notinchlik, etishmovchilik va tartibsizliklarni ko'rib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikka benihoya shukr aytamiz.
Ulamolarimizning hikmatlarida: sog'lik qadrini bilmoqchi bo'lsang – kasalga boq, farzand qadrini bilmoqchi bo'lsang – farzandsiz insonga qara, tinchlik qadrini bilmoqchi bo'lsang – notinch yurtga e'tibor qil, deganlar. Mustaqillik – hurlik, ozodlik, o'z Vatani, tili va e'tiqodiga ega bo'lish demakdir.
Mustabid tuzumi davrida ajdodlarimizdan meros bo'lib qolgan qadriyatlar, imon-e'tiqodimiz, milliy urf-odatlarimizni xalqimiz ongi va shuuridan sidirib tashlash harakat qilishdi, buyuk madaniyatimiz, diniy e'tiqodimiz va keng dunyoqarashimizni yo'qqa chiqarmoqchi bo'lishdi, ne-ne olimlar, ma'rifatimizning buyuk siymolari ularning qo'llarida shahid bo'lishgani achchiq haqiqat.
Istiqloldan so'ng xalqimiz barcha sohada emin-erkin sa'y-harakat qilish imkoniga ega bo'lgani kabi dinimiz ko'rsatmalarini xotirjam ado etish baxtiga ham muyassar bo'ldi. Minglab masjidlar ochilib, mo'min-musulmonlar ixtiyoriga topshirildi, o'nlab diniy ta'lim muassasalari barpo qilinib, u erda yoshlar diniy va dunyoviy fanlardan tahsil olmoqdalar. Aziz avliyo, ulug' alloma va fozil insonlarning maqbara va ziyoratgohlari ta'mirlandi. Har yili davlat ko'magi bilan minglab vatandoshlarimiz muborak haj va umra ziyoratiga borib kelmoqdalar. Bularning hammasi, albatta, Allohning inoyati bilan bizga berilgan istiqlolimiz sababidandir.
Shuningdek, buyuk ajdodlarimizning bebaho asarlarini o'rganib, ularni ona tilimizga tarjima qilish imkoniga ega bo'ldik. O'tgan yillar davomida Qur'on, hadis, tafsir, fiqh, islom tarixi, madaniyati va falsafasiga oid ko'plab yirik tadqiqotlar amalga oshirildi. Turli mavzudagi diniy adabiyotlar, yurtimizda yashab, ijod qilgan buyuk allomalarimiz ilmiy merosi nashr etilib, keng ommaga taqdim qilinmoqda.
Bundan tashqari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, viloyatlarda kalom, hadis, fikh, aqida va tasavvuf ilmi maktablari ochilgani hamda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazining tashkil etilgani diniy-ma'rifiy sohani rivojlantirishga bo'lgan e'tiborning yorqin namunasidir.
So'nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimizni yuksaltirish, xalq farovonligini oshirish kabi xayrli ishlar “Halq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan shior ostida amalga oshirilmoqda. Natijada xalqning vatanga bo'lgan mehri-muhabbati tobora ortib bormoqda.
Ayniqsa, davlatimiz tomonidan O'zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 150 milliard so'm mablag' ajratilishi tarixiy voqea bo'ldi. Bu yurtimizda inson omiliga bo'lgan ijobiy munosabatning isbotidir.
Har yili mustaqillik bayrami arafasida alohida shior tanlab olinadi. Bu yil mustaqillikning 29 yillik bayrami “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O'zbekiston!” shiori ostida nishonlanmoqda. Ushbu shiorlar zamirida xalqni birlashtirish, insonni tug'ilib o'sgan, kindik qoni to'kilgan vataniga muhabbatini oshirish maqsad qilingan. Haqiqatan, xalq birlashsa, katta kuchga aylanadi.
Halqimizda “Vatan ostonadan boshlanadi” degan naql bor. Har bir inson uchun kindik qoni to'kilgan tuproq, eng kichik Vatan – uyi hisoblanadi.
Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Alloh sizga uylaringizni oromgoh qildi”(Nahl surasi, 80 oyat).
Uyimiz bizga omonlik, xotirjamlik maskani, tinchlik-osoyishtalik markazidir. Unda xotirjamlik bo'lishi uchun yurtda tinchlik qaror topishi lozim. Oqibatda jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro'y beradi. Odamlarning o'zaro bir-biriga bo'lgan ishonch va sadoqati, mehr va muruvvatining samimiy bo'lishi ham asosan tinchlik va xotirjamlikka bog'liqdir.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne'mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Allohga hamd bo'lsin”, desa, shunda u o'sha ne'matdan ham afzalroq narsaga erishgan bo'ladi” (Imom Ibn Moja rivoyati) deganlar.
Demak, mustaqillik, tinchlik, xotirjamlik va salomatlik kabi ne'matlar – Alloh tomonidan bizga ato qilingan ulug' ne'matdir. Hadisga muvofiq, biz shukr qilsak, bu ne'matlar qadriga etsakkina, ziyoda bo'ladi. Aks holda qiyomat kuni ne'matlar borasida so'ralishimizni ham unutmaslik lozim.
Alloh bizlarni har bir ne'matning qadriga etuvchi, unga shukr qiluvchi bandalaridan qilsin!
Ubaydulloh ABDULLAYeV,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kun avval uxlashga kech yotganim uchunmi, saharda vaqtli uyg‘onishim qiyin bo‘ldi. Masjidda jamoat bilan bomdod namozini ado etganimdan so‘ng, uyga qaytdim. Biroz mizg‘ib olay deb, boshimni yostiqqa qo‘yganimni bilaman, kimdir darvozamizni qattiq taqillatib qoldi. Tezda borib, eshikni ochdim. Qarasam: qo‘shnimiz. Ko‘zlari bejo. Sochlari hurpayib ketgan. Qo‘l-oyoqlari qaltirayotgani bilinib turibdi.
– Qo‘shni, – dedi u titragan ovozda. – Shaharni dushmanlar egallabdi. Hammasi qurollangan emish. Narigi mahalladagi xonadonlarning har biriga kirib, erkaklarni bir mashinaga, keksalar, ayol va bolalarni avtobusga bosib olib ketishayotganmish. Qarshilik qilganlarni joyida otib tashlashayotganmish...
– Subhanalloh. Nimalar deyapsiz? Qanaqa dushmanlar? Kim aytdi bu gaplarni sizga?
– Hozir ukam telefon qildi. Maktablarga, shifoxonalarga ham hujum qilishibdi. Shahar markazida harbiylar bilan dushmanlar o‘rtasida otishmalar bo‘layotganmish...
Shunday deya qo‘shnimiz nari ketib, uydagilariga «Bo‘laqolinglar, mashinaga o‘tiringlar, shahardan tezroq chiqib ketish kerak», deb baqira ketdi.
Nimalar bo‘layotganini tushunmay garang bo‘lib turganimda, qo‘shnim mashinasini yurgizib, ikki-uch marta signal berdi.
Shu payt uyg‘onib ketdim... Xayriyat, tush ko‘rayotgan ekanman. Astag‘firulloh. Bunaqa holatlardan o‘zing asragin, ey Allohim. Turib, tahorat qildim. Ikki rak’at namoz o‘qib, Yaratganga hamdu sanolar, shukronalar aytgan holda U Zotdan yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo saqlashini so‘rab duo qildim. To‘g‘ri, bu bir tush, lekin xuddi shu holat hozir dunyoning qaysidir burchagida haqiqatda sodir bo‘lmayaptimi?! Tan olish lozim: ko‘pchiligimiz bugun mamlakatimizda hukm surib turgan xotirjamlikning qadriga yetmayapmiz.
Alloh taolo tomonidan insonga berilgan ne’matlarning son-sanog‘i yo‘q. Shunday ne’matlardan biri xotirjamlikdir. Xotirjamlik – o‘zbek tilining izohli lug‘atida «ruhan tinch bo‘lish», «bamaylixotirlik», «osoyishtalik» ma’nolarini bildirishi aytilgan. Istilohda inson uchun unga biron kimsa yoki biror narsa halaqit qilmaydigan qilib berilgan tinch sharoitga xotirjamlik deyiladi. Xotirjamlikning aksi – bezovtalik, ko‘ngli g‘ashlik, betoqatlik, tashvishlanish. Zero, odatdagi oromi, tinchi buzilgan har qanday kishi hayajon va iztirobga tusha boshlaydi, halovati buziladi.
Hadisda: «Munofiqning alomati uchta: gapirsa, yolg‘on gapiradi, va’dasiga vafo qilmaydi, agar unga omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», deyilgan (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Afsuski, ko‘pchiligimiz, bilib-bilmay ba’zida bizga berilgan bu omonatga xiyonat qilib qo‘ymoqdamiz. Alloh tomonidan bizga berilgan tinchlik, xotirjamlik ne’matining qadriga yetmayapmiz. Yer yuzining ba’zi nuqtalarida ro‘y berayotgan mash’um voqealardan to‘g‘ri xulosa chiqarmayapmiz...
Darhaqiqat, bugun jahonning ayrim davlatlaridagi ahvol achinarli ko‘rinish olmoqda. Odamlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqadi. Bolalar tahlikali holatda yashamoqda. Otilgan o‘qlar, portlashlar shovqinidan cho‘chib uyg‘onmoqda. Ta’lim olish, hordiq chiqarish, to‘yib yeb-ichish – ular uchun orzu.
Alhamdulillah, yurtimizda tinchlik hukmron. Ko‘chada xotirjam yurishimiz, ishlab, halol rizq topishimiz, farzandlarimizni qo‘rqmay, bemalol maktabga, bog‘chaga jo‘natishimiz – katta ne’mat.
Bolaligimizda nuroniy otaxonlarimiz, yoshi ulug‘ onaxonlarimiz «Tinchlik-xotirjamlik bo‘lsin, yurtimizni yomon ko‘zdan asrasin, barchamizni salomat qilcin, xonadonlarimizdan osoyishtalik arimasin, ilohim» deb duo qilsalar, ushbu so‘zlar ma’nosini yaxshi anglamas edik. Keyinchalik bu kalomlar naqadar qimmatli ekanini tushunib yetdik.
Urush bu – vahshiylik, bosqinchilik, vayronagarchilik, qon to‘kilishi. Urush bu – ochlik, judolik, tanazzul, inqiroz. Uning oqibatlarini aytib ado etib bo‘lmaydi. Shunday ekan, osmonimizni musaffo qilib turgan Alloh taologa shukr qilaylik. Qur’oni Karimda marhamat qilinadi:
«Sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. Qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!» (A’rof surasi, 10-oyat).
G‘oyat qisqa iboralardan tashkil topgan ushbu oyati karima cheksiz haqiqatni, voqelikni mujassam qilgandir. Yer yuzida insonga yashash muhitini yaratib berish oson ish emas. Bu imkonni yaratish uchun qanchadan-qancha bir-biriga bog‘liq ishlar amalga oshirilgan. Avvalo, olam inson hayotiga moslangan, keyin inson bu dunyoda yashashga moslashtirilgan. Bu ikki taraflama moslashishning vujudga kelishiga sababchi ishlar haqida olimlar qanchadan-qancha kitoblar yozganlar va yozmoqdalar ham. Inson aqlini ishlatib, dunyoda uning uchun yaratilgan yashash muhitlaridan aqalli bir yoki ikkitasini o‘ylab ko‘rsa, tushunib yetadiki, Allohga har qancha shukr qilsa ham oz ekan.
O‘tgan asrning 70-yillarida Shveysariya statistika markazi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, insoniyatning 5000 yillik tarixi davomida Yer kurrasida atigi 292 yil urushsiz o‘tgan ekan. 15 500 dan ortiq urush, jangu jadallarda 3 milliard 640 million kishi hayotdan ko‘z yumgan (Lixtenshteyn Ye., «Fan haqida so‘z» (Slovo o nauke), M.: «Znaniye», 1976 y., 117-bet).
Shu o‘rinda bu urushlarning aksariyati turli xildagi fitnayu fasodlar, ig‘voyu gijgijlashlar (provokatsiyalar) oqibatida yuzaga kelishini aytib o‘tish lozim. Shunday ekan, har birimiz o‘zimizni, farzandlarimizni, yaqinlarimizni – fitna urug‘ini sochuvchilarning, yo‘q joydan janjal-nizo ko‘taruvchilarning domiga tushib qolishdan, ularning hiyla-nayranglariga uchishdan saqlashimiz darkor.
Alloh barchamizni urush, tuhmat, ofat kabi balo-qazolardan saqlasin. Dorilomon kunlarimiz bardavom bo‘lsin!
Shuhrat Xo‘jayev