Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Fevral, 2025   |   10 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:06
Quyosh
07:26
Peshin
12:42
Asr
16:07
Shom
17:52
Xufton
19:07
Bismillah
09 Fevral, 2025, 10 Sha`bon, 1446

Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori yuksak orden bilan mukofotlandi

29.08.2020   2088   3 min.
Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori  yuksak orden bilan mukofotlandi

Muhtaram Prezidentimiz Farmoniga asosan ko'p yillik samarali mehnati, millatlararo do'stlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi ibratli faoliyati uchun O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi direktori Minovarov Shoazim Shoislomovich «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.

Shu munosabat bilan O'zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi ko'p yillik qadrdon Shoazim Minovarovni yuksak mukofot bilan qutlab, u kishiga Alloh taolodan ulkan zafarlar va sharafli natijalar tilaydi.
Ma'lumki, mamlakatimizning Islom dini madaniyatida tutgan o'rnini va buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo'shgan hissasini namoyon etish, yurtimizda muborak dinimizning haqiqiy maqomini targ'ib qilish maqsadida, Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom tsivilizatsiyasi markaziga Shoazim Minovarov rahbarlik qilib kelmoqda.

O'tgan vaqt mobaynida Islom tsivilizatsiyasi markazi 12 ta xalqaro nufuzli xalqaro tashkilot va yirik muassasalar bilan hamkorlik o'rnatdi. Jumladan, Istanbuldagi To'pqopi muzeyi, Ibn Holdun universiteti, Islom tadqiqotlari markazi, Frantsiya islom markazi, Oksford islom tadqiqotlari markazi, Parijdagi Luvr muzeyi, Sankt-Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi va boshqa qator islom va uning tarixini o'rganish markazlari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Islom tsivilizatsiyasi markazida amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari ham o'z mevalarini allaqachon bera boshladi. “Tanlangan hadislar”, “Buyuk ajdodlarimiz”, “Iymon va e'tiqod”, “Vaqfiya”, “Pandnoma”, “Amir Temur. Tuzuklar” asarlari nashrdan chiqarildi.

“Islom Hamkorlik Tashkiloti” ma'lumotnomasi va “Islom tsivilizatsiyasi qomusiy lug'ati”ning birinchi jildi nashrga tayyorlandi. “O'zbekiston islom tsivilizatsiyasi” ilmiy jurnali chop etila boshlandi, jahonning 32 mamlakatida markazning taqdimotlari o'tkazildi.

Ta'kidlash joizki, Shoazim Minovarov Toshkent Frantsuz al'yansiga u tashkil etilgan 2015 yildan buyon rahbarlik qiladi. U – tajribali diplomat va mohir tarjimon sifatida ham e'tirof etilib, fruntsuz hukumatining «Hizmatlari uchun» kavaler ordeni bilan taqdirlangan. Shoazim Minovarov Frantsuz tili va adabiyoti ilmini mukammal egallagan tarjimon sifatida dastavval Fransua Moriakning “Ilonlar changalida”, Montesk'ening “Fors nomalari” (hamkorlikda) romanlarini, Le Klezioning “Monde va boshqa hikoyalar”ini o'zbek tiliga bevosita o'girgan bo'lsa, keyingi yillarda taniqli adibimiz Erkin A'zamning “Shovqin” romani va bir qator hikoyalarini o'zbek tilidan frantsuzchaga tarjima qilib Yevropaga tanitdi. Ushbu tarjima 2015 yil “Adieu aux contes de fées” (“Sehrli ertaklar bilan xayrlashuv”) nashr qilindi va Parijda YuNYeSKO qarorgohida uning taqdimoti bo'lib o'tdi.

Turli yillar mobaynida Shoazim Minovarov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari, O'zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimlarida ham xizmat qilgan. U – “Mustaqillikning 15 yilligi” ko'krak nishoni va “O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlangan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati Shoazim Minovarovni yuksak orden bilan qutlash barobarida Yaratgan Parvardigordan uzoq yillik qadrdonga mustahkam sog'liq, oilaviy baxtu saodat, fayzu baraka tilaydi. Haq taolodan el-yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi yo'lida olib borayotgan mehnatlarida ulkan muvaffaqiyatlar ato etishini so'raydi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Sahoba munofiq bo‘ldimi?

6.02.2025   3662   2 min.
Sahoba munofiq bo‘ldimi?

Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.

Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.

Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.

Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.

Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.

Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.

Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).

Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV