Pandemiya sharoitida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2020-2021 o‘quv yili uchun qabul imtihonlarini ochiq maydonlarda o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarida qabul imtihonlarini karantin talablariga qat’iy amal qilish, ijtimoiy masofani saqlash, abituriyentlarning uzoq vaqt bir joyda o‘tirib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, qabul imtihonlari uchta fandan ikkita fanga o‘tkazildi, ijodiy imtihonlar qisqartirildi. Qabul imtihonlarini karantin talablaridan kelib chiqqan holda ochiq maydonlarda o‘tkazish belgilandi.
Hadis ilmi maktabi bo‘yicha:
Imtihon o‘tkazish joyi – Toshkent islom instituti binosi ayvon qismi.
Imtihon o‘tkazish joyi – Toshkent islom instituti binosi hovlisi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti bo‘yicha:
Imtihon o‘tkazish joyi – Hazrati Imom majmuasi ochiq maydon qismi.
Mir Arab oliy madrasasi bo‘yicha:
Imtihon o‘tkazish joyi – Mir Arab oliy madrasasi binosi ochiq ayvon qismi.
Abituriyentlar karantin talablaridan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda qabul imtihonlariga kiritiladi:
- dizenfeksiya tonnelidan o‘tkaziladi;
- tana harorati masofadan o‘lchash qurilmasi orqali o‘lchanadi;
- tibbiy niqob, qo‘lqop va kepka bilan ta’minlanadi.
Abituriyentlarni test sinovlari o‘tkaziladigan joyga kiritish ertalab soat 6:00 dan 6:30 gacha davom etadi, 6:30 dan 7:00 gacha savollar kitobchalari va javoblar varaqasini tarqatish, javoblar varaqasini to‘ldirish tartibi tushuntiriladi.
Test sinovlari ertalab 7:00 dan 9:20 gacha davom etadi, test sinovlari boshlangandan keyin kelgan abituriyent imtihonlarga kiritilmaydi.
Abituriyentlar qabul imtihonlariga shaxsini tasdiqlovchi pasporti va imtihonga kirish ruxsatnomasi bilan kelishi shart. Mazkur hujjatlardan biri bo‘lmagan taqdirda abituriyent imtihonlarga qo‘yilmaydi.
Imtihonga kirish ruxsatnomasi qabul.muslim.uz portali orqali abituriyent tomonidan chiqarib olinadi.
Eslatib o‘tamiz, qabul imtihonlari o‘tkaziladigan joylarda abituriyentalarning ota-onalari va yaqinlari uchun alohida joylar tayyorlanmaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.