O'zbekiston Bosh konsulligi tomonidan Ramazon oyi munosabati bilan tantanali kecha tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Tadbirda Sverdlovsk viloyati ma'muriyatining bir qator vakillari, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Uraldagi vakolatxonasi, Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston va bir qancha mamlakatlarning Yekaterinburgdagi konsullari va diplomatlari, shuningdek, hukumatlarning doimiy vakillari ishtirok etdi.
Tadbirga o'zbekistonlik mehnat muhojirlari tez-tez tashrif buyuradigan “Yekaterinburg” va “Verxnyaya Pishma” masjidlari imom-xatiblari ham taklif etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga O'zbekistonning ziyorat turizmi sohasidagi sayyohlik salohiyatini yoritib beruvchi videoroliklar va taqdimot havola qilindi. Hususan, mehmonlarga O'zbekistonning turli hududlarida joylashgan ziyoratgohlar haqida ma'lumot berildi.
Tadbir mehmonlariga O'zbekiston shaharlarida o'zbek hunarmandlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan badiiy hunarmandchilik mahsulotlari, mamlakatimizdagi gastronomik turizmning o'ziga xos xususiyatlari haqida ham batafsil tushuncha berildi.
Shubhasiz, respublikamizdagi ziyorat turizmi salohiyati taqdimoti tadbir ishtirokchilarida ijobiy taassurot qoldirdi. Hususan, Tataristonning Uraldagi doimiy vakili Haydar Gilfanov Yekaterinburgda O'zbekistonning Bosh konsulligi o'z faoliyatini boshlagandan keyin o'zbeklarning boy tarixi, madaniyati va qadriyatlari keng targ'ib qilinayotganini e'tirof etdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov