Saudiya Arabistoni Podshohligi Makka shahridagi “Masjidul Harom”ning yuqori qavatida keksalar va ehtiyojmand ziyoratchilarga xizmat ko'rsatadigan “aqlli” golf mashinasi ishga tushirildi. “Saudi Gazette”ning Ikki Muqaddas masjid ishlari bo'yicha bosh boshqarmasiga tayanib xabar berishicha, golf aravasidan tavof qilish (Muqaddas Ka'ba atrofida aylanib o'tish) mumkin.
Departamentning ta'kidlashicha, ehtiyojmand ziyoratchilar golf aravalari joylashgan joyga “Ajad” eskalatorlari va “Qirol Abdulaziz” darvozasidagi liftlar orqali borishlari mumkin. Golf mashinasi ish vaqti 12 soat ya'ni har kuni 16:00 dan 4:00 gacha.
Qayd etilishicha, xizmat faqat tavof qilish uchun ko'rsatiladi va uning narxi bir kishi uchun qo'shilgan qiymat solig'i bilan 25 saudiya riyolini tashkil etadi. Hozirda ziyoratchilar tavof qilishi uchun 50 ta golf mashinalari mavjud, ularning har biri 10 yo'lovchiga mo'ljallangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati