Laylatul Qadr qanday kecha? Laylatul Qadr – “belgilash kechasi”, ya'ni yil davomida qilinadigan turli amallar, topiladigan rizq, bir so'z bilan aytganda taqdirlar belgilanadigan kechadir.
Bu kecha «... ming oydan yaxshiroqdir» (Qadr surasi, 3-oyat).
1000 oy – 83 yilga teng.
83 yil – 30295 kunga teng.
Laylatul Qadr kechasi qachon bo'ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu aytadilar: “Bir a'robiy Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo'ladi?” deb so'radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so'nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Oisha roziyallohu anho onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o'n kunligidan qidiringlar”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha erda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko'p bo'ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo'lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg'ish, zaif bo'lib chiqadi”, dedilar (Ibn Huzayma rivoyati).
Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar erga tushib, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur'oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan erga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o'tkazar edilar? Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o'n kunligi kelsa, kechalari uxlamasdilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg'otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslom rivoyati).
Bu kecha qanday amallarni ado etish lozim?
Hufton va bomdod namozlarini jamoat bilan o'qing. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim xufton namozini jamoat bilan o'qisa, go'yo kechaning yarmini bedor o'tkazibdi. Kim bamdod namozini jamoat ila ado qilsa, go'yo kechaning barchasida namoz o'qibdi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Duo qiling. Oisha onamiz roziyallohu anho: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo'lsam nima deb duo qilay?” deb so'radilar.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu duoni o'qishni aytdilar:
اللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي
"Allohumma innaka a'fuvvun kariymun tuhibbul a'fva fa'fu a'nniy"
"Allohim, albatta, Sen kechirguvchisan, kechirishni yaxshi ko'rasan. Gunohlarimni kechirgin" (Imom Termiziy rivoyati).
Muhimi, bu kechani ibodat, zikr, tilovat, xayru ehson va boshqa yaxshi amallar bilan o'tkazish lozim.
Bu kecha gunohlar mag'firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o'tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag'firat qilinadi”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo bu oyda xolis niyatlar bilan tutayotgan ro'zalarimizni, kechalari qoim bo'lib ado etayotgan taroveh namozlarimizni va xatmu Qur'onlarimizni O'zining lutfu karami ila qabul qilsin. O'zi duolarni ijobat qiluvchi va gunohlarni mag'firat qiluvchi Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:
«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.
«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.
«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Keyin u zot:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:
«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».
Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.
«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».
Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.
«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».
Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.
«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».
Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.
«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».
Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.
«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».
Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.
Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi