Qur’oni Karim va Sunnatdagi nasx to‘rt turli bo‘ladi. Quyida mazkur turlar haqida batafsil so‘z yuritishga harakat qilamiz.
Birinchi qism
Qur’onning Qur’on bilan nasx qilinishi.
Islom ummati, xususan, musulmon ulamolarning ijmo’lari bilan Qur’oni Karimning barchasi nasx bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Chunki Qur’oni Karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning doimiy mo‘jizalari o‘laroq, abadiy davom etadi. Shu bilan birga, Qur’oni Karim barcha avvalgi shariatlarni nasx qilgan, qiyomatgacha davom etadigan Islom shariati hukmlarining asosiy manbaidir. Albatta, bu kabi tugal sifatlarga ega Kitob butunlay nasx bo‘lishi mumkin emas. Alloh taoloning O‘zi Qur’oni Karimni davomli ravishda muhofaza qilishini baralla e’lon qilib qo‘ygan.
Alloh taolo Hijr surasida marhamat qiladi:
إِنَّا نَحۡنُ نَزَّلۡنَا ٱلذِّكۡرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ٩
«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, Biz unga muhofazachimiz» (9-oyat).
Ushbu oyatning hikmatlari haqida yuqorida so‘z yuritilgan edi. Alloh taolo bergan va’dasiga binoan Kitobini O‘z himoyasiga oldi.
Musulmonlar boshlaridan og‘ir zamonlarni kechirdilar. Ular butunlay boshqalarga qaram bo‘lib qolgan vaqtlar ham bo‘ldi. Ko‘p urf-odatlari o‘zgarib ham ketdi. Ammo Qur’oni Karim o‘zgarmadi. Holbuki, Islom dushmanlarining, musulmonlar dushmanlarining asosiy maqsadi Qur’onga zarar yetkazish edi. Lekin ular maqsadlariga yeta olmadilar. Alloh va’dasiga binoan, O‘z Kitobini muhofaza qilib qoldi.
Shu bilan birga, Qur’oni Karimning ba’zi oyatlari boshqalarini nasx qilishi mumkinligiga ulamolar jumhuri ijmo’ qilganlar. Chunki bu masala Qur’oni Karimning o‘zida bayon qilingandir. Qur’oni Karimning barcha oyatlari o‘zining manbai, rivoyat qilinish kuchi, nozil bo‘lishi va sobit qolishi, ularga amal qilish vojibligi hamda ularning ichida nasx qiluvchi va nasx qilingan oyatlar borligi kabi jihatlarda barobardir.
Bu gapga faqat bir kishi qo‘shilmagan, xolos. U ham bo‘lsa, mo‘taziliylarning vakili Abu Muslim Muhammad ibn Bahr Asfihoniydir. U kishi: «Qur’oni Karim oyatlarining nasx bo‘lishi aqlga binoan joiz bo‘lsa ham, shariatga binoan joiz emas», degan. Ammo bu gapga hech kim e’tibor bermagan.
Ulamolar Qur’oni Karimning ba’zisi ba’zisini nasx qilishi uch qysmdan iborat ekanini aytganlar. Ularni keyinroq batafsil o‘rganamiz, inshaalloh.
Ikkinchi qism
Sunnatning sunnat bilan nasx qilinishi.
«Sunnat Nabyy sollallohu alayhi vasallamdan asar bo‘lib qolgan gap, ish, taqrirdir».
Sunnat bizga yetib kelishi jihatidan ikki qismga bo‘linadi:
Mutavotir sunnatning mutavotir sunnat bilan, ohod sunnatning ohod sunnat bilan nasx bo‘lishida ulamolar orasida hech qanday xilof yo‘q. Chunki bu holatda nasx qiluvchi ham, nasx bo‘luvchi ham teng quvvatga ega bo‘ladi. Xuddi shu narsa matnlarning biri ikkinchisini nasx qilishi joizligida asosiy shartlardan biridir.
Shunga binoan, ohod sunnatni mutavotir sunnat nasx qilishi birlamchi va kuchli ishlardan bo‘lib qoladi. Chunki bu holatda nasx qiluvchi nasx bo‘luvchidan kuchlidir. Ammo ohod sunnat mutavotir sunnatni nasx qilishiga kelsak, ulamolar bu holatning voqe’ bo‘lmaganiga ittifoq qilganlar.
Sunnatni sunnat nasx qilishiga misollar:
1.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Islomning ilk bosqichida ivitib tayyorlanadigan ichimlik – nabizni ba’zi qalin idishlarda tayyorlash va ichishdan qaytarganlari. Chunki bunda ba’zan ichimlik mast qiluvchi bo‘lib qolishi mumkin edi. Idishlar qalinligi sababli ichimlikning mast qiluvchi bo‘lib qolganini aniqlab bo‘lmas edi.
Keyinroq, xamrning haromligi qaror topganidan va u haqdagi bilim odamlar orasida keng tarqab bo‘lganidan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga va ummatlariga mast qiluvchi bo‘lmagan ichimliklarni barcha idishlardan ichaverishga ruxsat berdilar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Abdulqays vafdi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, u zotdan nabiz haqida so‘rashdi. Shunda u zot ularni dubboda, naqirda, muzaffat va hantamda nabiz tayyorlashdan qaytardilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Vafd – oliy martabali tomonga yuborilgan vakillar, elchilar guruhi.
Dubbo – quritib, ichi o‘yilgan qovoq.
Naqir – quritib, ichini o‘yib, idish yasalgan xurmo ildizi.
Muzaffat – zift bilan bo‘yalgan idish. Zift mesh va sanoch kabi idishlarni suv o‘tmaydigan qilib mustahkamlash uchun ishlatiladigan yelimsimon qora modda bo‘lgan.
Hantam – loy, jun va qon aralashmasidan yasaladigan xum.
Nabiz – xurmo yoki mayizni suvga solib, ivitganda hosil bo‘ladigan xushta’m, mast qilmaydigan ichimlikdir. Ammo nabiz tayyorlashda xatoga yo‘l qo‘yilsa, ichimlik xamrga aylanib qolishi ham mumkin. Shuning uchun bu ichimlik haqida savollar ko‘p bo‘ladi. Nabizning sof va shubhasiz bo‘lishida idish ham muhim o‘rin tutadi. Shu ma’noda ushbu rivoyatda zikr qilingan to‘rt xil idishda nabiz tayyorlash mumkin emas.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlarni meshlardan boshqada nabiz tayyorlashdan qaytargan edim. Endi barcha idishlarda nabiz tayyorlayvering. Mast qiluvchini ichmang», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Sulaymon ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim. Batahqiq, Muhammadga onasini ziyorat qilishga izn bo‘ldi. Bas, u(qabr)larni ziyorat qiling, chunki ular oxiratni eslatadi», dedilar».
Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan. Lafz Termiziyniki.
Johiliyat davrida qabrlarni ulug‘lash, ularga sig‘inish avj olgan edi. Allohga shirk keltirishning keng tarqalishiga sabab bo‘lgan eng asosiy omillardan biri ham aynan qabrlarga sig‘inish bo‘lgan. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomning dastlabki davrida musulmonlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edilar.
Tavhid aqiydasi kishilar ongi va qalbiga mustahkam joylashib bo‘lgandan so‘ng, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qilishga izn berdilar. Nafaqat izn berdilar, balki bu ishga amr qildilar, targ‘ib etdilar.
Ushbu hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam qabrlarni ziyorat qilishning hikmatlaridan asosiysini eslatib o‘tmoqdalar. U ham bo‘lsa, oxiratni esyaashdir. Oxiratni eslagan odam esa dunyoni qo‘yib, ko‘proq oxirat harakatini qiladi. Shuningdek, qabrda yotganlar ham ziyoratchining duosidan foyda topadilar.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir kishi o‘z qurbonligidan uch kundan ortiq yemasin», dedilar».
Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Bu hadisi sharif vaqtinchalik va ma’lum sababga ko‘ra aytilgan bo‘lib, qurbonlik qilgan kishi uch kun ichida o‘zi yemasa, qurbonlikning go‘shtini sadaqa qilib yuborishni taqozo qiladi.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim qurbonlik qilsa, uchinchi(kun)dan keyin uyida undan biror narsa bo‘lgan holida tong ottirmasin», dedilar. Kelasi yili:
«Ey Allohning Rasuli, o‘tgan yili qilganimizdek qilaylikmi?» deyildi. U zot:
«Yenglar! Taomlantiringlar! Saqlab qo‘yinglar! U yili odamlar qiyinchilikda edilar. Ularga yordam be-rishingizni xohlagan edim», dedilar».
Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan.
Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam musulmonlar ocharchilik tufayli qiyinchilikka duchor bo‘lgan yillari qurbonlikning go‘shtini uch kundan ortiq saqlab turishni man qilganlar. Mazkur holat o‘tib, to‘qchilik bo‘lganda esa ham o‘zlari yeb, ham o‘zgalarga berib, ham saqlab qo‘yishga ruxsat berganlar.
Uchinchi qism
Qur’onning mutavotir sunnat bilan nasx qilinishi.
Nasxning ushbu qismi haqida ulamolar o‘rtasida ochiq-oydin va katta xilof mavjud.
– Imom Shofe’iy, u kishining as'hoblari, zohiriylar va imom Ahmad bir ovozdan «Qur’on mutavotir sunnat bilan nasx qilinishi mutlaqo mumkin emas», deganlar.
Ular o‘zlarining bu gaplariga man qilishga dalolat qiluvchi quyidagi oyati karimalarni dalil qilib keltirganlar.
Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi:
بِٱلۡبَيِّنَٰتِ وَٱلزُّبُرِۗ وَأَنزَلۡنَآ إِلَيۡكَ ٱلذِّكۡرَ لِتُبَيِّنَ لِلنَّاسِ مَا نُزِّلَ إِلَيۡهِمۡ وَلَعَلَّهُمۡ يَتَفَكَّرُونَ٤٤
«Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zla-riga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar» (44-oyat).
Ya’ni «Seni odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishing uchun Zikr – Qur’on bilan yubordik». Bundan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarining vazifasi Qur’oni Karimni bayon qilish ekani, nasx qilish emasligi kelib chiqadi.
Qur’on mutavotir sunnat bilan nasx qilinishi mutlaqo mumkin emas, degan bu guruh nasx haqidagi oyatlarni qam o‘z gaplarining to‘g‘riligiga dalil qiladilar.
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
۞مَا نَنسَخۡ مِنۡ ءَايَةٍ أَوۡ نُنسِهَا نَأۡتِ بِخَيۡرٖ مِّنۡهَآ أَوۡ مِثۡلِهَآۗ أَلَمۡ تَعۡلَمۡ أَنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٌ١٠٦
«Oyatlardan birontasini nasx qilsak yoki unuttir-sak, undan yaxshisini yoki unga o‘xshashini keltirurmiz. Albatta, Alloh har bir narsaga o‘ta qodir ekanini bilmadingmi?» (106-oyat)
Ushbu oyatda nasx bo‘lgan oyat o‘rniga undan yaxshi oyat yoki xuddi unga o‘xshash oyat keltirilishi haqida so‘z ketmoqda, sunnatning keltirilishi haqida emas.
Alloh taolo Nahl surasida marhamat qiladi:
وَإِذَا بَدَّلۡنَآ ءَايَةٗ مَّكَانَ ءَايَةٖ وَٱللَّهُ أَعۡلَمُ بِمَا يُنَزِّلُ قَالُوٓاْ إِنَّمَآ أَنتَ مُفۡتَرِۢۚ بَلۡ أَكۡثَرُهُمۡ لَا يَعۡلَمُونَ١٠١
«Qachonki bir oyatni boshqa bir oyat o‘rniga almashtirsak, - holbuki, Alloh nimani nozil qilishni O‘zi yaxshi bilguvchidir – ular: «Albatta, sen uydirmachisan, xolos!» derlar. Yo‘q! Ularning ko‘plari bilmaslar» (101-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo «bir oyatni boshqa bir oyat o‘rniga almashtirsak» demoqda, bir oyatni boshqa sunnatga degani yo‘q. Ash’ariy va mo‘taziliylardan iborat mutakallimlarning jumhuri, faqihlardan imom Molik va imom Abu Hanifaning as'hoblari «Qur’oni Karimni mutavotir sunnat nasx qilishi aqlan joizdir», deydilar. Chunki Qur’oni Karim ham, Sunnat ham Alloh taoloning vahiysidir. Bu haqiqat Qur’oni Karimda aytilgan.
Alloh taolo Najm surasida marhamat qiladi:
وَمَا يَنطِقُ عَنِ ٱلۡهَوَىٰٓ٣ إِنۡ هُوَ إِلَّا وَحۡيٞ يُوحَىٰ٤
«U havodan nutq qilmas. U (Qur’on) yuboriladigan vahiydan o‘zga narsa emas» (3-4-oyatlar).
Ya’ni «Muhammad alayhissalom Allohning nomidan gapirganida havoi nafsidan olib gapirmaydi».
Imom Ahmad ibn Hanbal qilgan rivoyatda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu shunday deganlar:
«Nabiy alayhissalomdan nimani eshitsam, yodlayman, deb yozib yurardim. Quraysh qabilasidagilar: «Sen Nabiy alayhissalomdan nimani eshitsang, yozib olasan, u kishi ham odam, achchikdari chiqqanda ham gapiradilar», deyishgan edi, yozmay qo‘ydim. Bir kuni bu ishni Rasulullohga aytgan edim, u zot: «Yozaver, Allohga qasamki, mendan haq gapdan boshqa gap chiqmaydi», dedilar».
Faqat Qur’oni Karim tilovat qilinadigan vahiy bo‘lsa, Sunnat tilovat qilinmaydigan vahiydir. Ikki vahiy bir-birini nasx qilishi mumkin. Qur’oni Karimda mujmal lafz kelsa va uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tafsir qilsalar, o‘sha gapga amal qilish xuddi Qur’oni Karimga amal qilishdek vojib bo‘lishiga hamma ijmo’ qilgani buning dalilidir. Shu bilan birga, «Qur’oni Karimni Sunnat nasx qilishi aqlan mumkin», deganlarning o‘zlari, fe’lan – amalda bo‘lganmi, degan masalada ixtilof qilganlar. Ulardan «Voqe’likda bunday nasx bo‘lgan», deganlar bunga misol qilib, Moida surasidagi «vasiyat» oyatini keltiradilar.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ شَهَٰدَةُ بَيۡنِكُمۡ إِذَا حَضَرَ أَحَدَكُمُ ٱلۡمَوۡتُ حِينَ ٱلۡوَصِيَّةِ ٱثۡنَانِ ذَوَا عَدۡلٖ مِّنكُمۡ أَوۡ ءَاخَرَانِ مِنۡ غَيۡرِكُمۡ إِنۡ أَنتُمۡ ضَرَبۡتُمۡ فِي ٱلۡأَرۡضِ فَأَصَٰبَتۡكُم مُّصِيبَةُ ٱلۡمَوۡتِۚ
«Ey iymon keltirganlar! Birortangizga o‘lim kelganda – vasiyat chog‘ida o‘zingizdan bo‘lgan ikki adolatli kishi, agar yer yuzida kezib yurgan bo‘lsangiz-u, sizga o‘lim musibati yetsa, o‘zgalardan ikki kishi o‘rtangizda guvoh bo‘lsin...» (106-oyat).
Ularning fikricha, ushbu oyatni «Merosxo‘rga vasiyat qilish yo‘q» hadisi nasx qilgan. Ammo aslida ushbu «vasiyat oyati»ni mazkur hadis emas, balki «meroslar oyati» nasx qilgandir. Mazkur hadis esa ushbu oyatni bayon qilib va quvvatlab kelgan, xolos. Yana shuni ta’kidlash lozimki, bu hadis ohod hadislardan bo‘lib, u mutavotir bo‘lgan Qur’onni nasx qilishi mumkin emas. Zotan, Qur’oni Karimni ohod hadis nasx qila olmasligiga hamma ulamolar bir ovozdan ittifoq qilganlar.
«Qur’oni Karimni Sunnat nasx qilishi aqlan mumkin», deydiganlar yana «Qur’oni Karimda sobit bo‘lgan zinokorga darra urish haqidagi oyat Sunnat ila sobit bo‘lgan oila ko‘rgan zinokorni toshbo‘ron qilish haqidagi hadis bilan nasx bo‘lgan», deydilar. Ammo bu hadis ham xuddi avvalgi misoldagi kabi, ohod hadisdir. U mazkur oyatni nasx qilmagan, balki xoslagandir.
Ko‘rib o‘tilgan misollardan ma’lum bo‘ladiki, Qur’onning Sunnat ila nasx bo‘lishi haqidagi ran lafziy va aqliy tortishuvdan boshqa narsa emas.
To‘rtinchi qism
Sunnatning Qur’on bilan nasx qilinishi.
Nasxning bu qismi bo‘yicha bir oz xilof bo‘lib, mazkur xilof imom Shofe’iyga nisbat beriladi. Ammo ko‘pchilik Shofe’iy mazhabidagilar ham jumhurga qo‘shilib, bu turdagi nasx aqlda ham, amalda ham bor, deydilar. Chunki Qur’oni Karim hamma tarafdan Sunnatga nisbatan yuqori turishi borasida hech kim xilof qilmagan va qilmaydi ham. Shu bilan birga, voqe’likda ushbu turdagi nasxning misollari juda ham ko‘pdir. Bu esa nubuvvat maqomiga zinhor futur yetkazmaydi. Balki nubuvvatning vazifasining o‘zi shuni taqozo qiladi. Zotan, avval ham aytib o‘tilganidek, Qur’oni Karim ham, Sunnat ham vahiydir va ularning biri ikkinchisini, kuchlisi o‘zidan kuchsizrog‘ini nasx qilishi mumkinligi hammaga ayon.
Sunnatning Qur’on bilan nasx bo‘lganiga misollar:
Alloh taolo Baqara surasida marhamat qiladi:
قَدۡ نَرَىٰ تَقَلُّبَ وَجۡهِكَ فِي ٱلسَّمَآءِۖ فَلَنُوَلِّيَنَّكَ قِبۡلَةٗ تَرۡضَىٰهَاۚ فَوَلِّ وَجۡهَكَ شَطۡرَ ٱلۡمَسۡجِدِ ٱلۡحَرَامِۚ وَحَيۡثُ مَا كُنتُمۡ فَوَلُّواْ وُجُوهَكُمۡ شَطۡرَهُۥۗ وَإِنَّ ٱلَّذِينَ أُوتُواْ ٱلۡكِتَٰبَ لَيَعۡلَمُونَ أَنَّهُ ٱلۡحَقُّ مِن رَّبِّهِمۡۗ وَمَا ٱللَّهُ بِغَٰفِلٍ عَمَّا يَعۡمَلُونَ١٤٤
«Goho yuzingning osmonga tez-tez qayrilganini ko‘rurmiz. Bas, albatta, seni o‘zing rozi bo‘lgan qiblaga bururmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo‘lsangiz ham, yuzingizni u tomon buring...» (144-oyat).
Ansoriylardan Qays ibn Sirma roziyallohu anhu kunduzi ro‘za tutib, xurmo bog‘ida ishlab, charchab, iftor paytida xotinining huzuriga kelib: «Taoming bormi?» dedi. Xotini: «Yo‘q, hozir borib, biron narsa topib kelaman», deb chiqib ketdi. Qays kunduzi ishlagani uchun charchab, uxlab qoldi. Xotini kelib, erining uxlab yotganini ko‘rib, «Voy, sho‘ring qurisin», dedi-yu, uyg‘otmadi. Ertasiga kunning yarmida Qays roziyallohu anhu hushidan ketib yiqildi. Bu hodisa Nabiy alayhissalomga yetdi. So‘ngra Alloh taolo Baqara surasidagi quyidagi oyatni tushirib, Sunnat bilan joriy bo‘lgan avvalgi shar’iy hukmni nasx qildi.
أُحِلَّ لَكُمۡ لَيۡلَةَ ٱلصِّيَامِ ٱلرَّفَثُ إِلَىٰ نِسَآئِكُمۡۚ هُنَّ لِبَاسٞ لَّكُمۡ وَأَنتُمۡ لِبَاسٞ لَّهُنَّۗ عَلِمَ ٱللَّهُ أَنَّكُمۡ كُنتُمۡ تَخۡتَانُونَ أَنفُسَكُمۡ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡ وَعَفَا عَنكُمۡۖ فَٱلۡـَٰٔنَ بَٰشِرُوهُنَّ وَٱبۡتَغُواْ مَا كَتَبَ ٱللَّهُ لَكُمۡۚ وَكُلُواْ وَٱشۡرَبُواْ حَتَّىٰ يَتَبَيَّنَ لَكُمُ ٱلۡخَيۡطُ ٱلۡأَبۡيَضُ مِنَ ٱلۡخَيۡطِ ٱلۡأَسۡوَدِ مِنَ ٱلۡفَجۡرِۖ ثُمَّ أَتِمُّواْ ٱلصِّيَامَ إِلَى ٱلَّيۡلِۚ
«Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindm. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul qildi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida sizga oq ip qora ipdan oydinlashguncha yeb-ichavering. So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling» (187-oyat).
KЕYINGI MAVZU:
Qur’onning Qur’on bilan nasx bo‘lishining qismlari
Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].
O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.
O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang.
Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].
Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.
Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.
Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!
Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz. Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.
Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2] Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4] Imom Tabaroniy rivoyati.