Ulamolar lafziy ixtilof qilingan masalalarni muolaja qilishga va ularning natijalarini batafsil yoritishga doimo harakat qilib kelganlar. Ana shunday lafziy ixtilof qilingan masalalardan biri amal va imon masalasidir.
Abu Hanifa rahmatullohi alayh: “Amal iymondan emas” degan. Shofe’iy, Molik va Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayhlar esa: “Amal iymondandir” deyishgan.
Ulamolar mana shu masalani muolaja qilib, o‘rtadagi ixtilofni lafziy deganlar. Chunki Abu Hanifa rahmatullohi alayh o‘z davrlaridagi umumiy vaziyat e’tiboridan amal iymonning aslidan (ya’ni, shartidan) emas, balki komilligidan degan ma’noga urg‘u bergan. Ya’ni imon amalsiz ham mavjud hisoblanadi, ammo komil hisoblanmaydi, degan.
Qolgan fuqaholar ham o‘z davrlaridagi umumiy vaziyat e’tiboridan amal iymonning komilligidan emas, balki aslidan ya’ni (shartidan) degan ma’noga urg‘u berganlar. Ya’ni imon komil bo‘lishi uchun albatta, amal bo‘lishi lozim, agar amal bo‘lmasa, imon aslo komil bo‘lmaydi, deganlar.
Ikki tarafning gaplarini ham sinchiklab o‘rgangan kishi ularning gaplari har xil bo‘lsa-da aslida, bir xil ma’noni aytayotganlarini qiynalmasdan tushunadi.
Lekin shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi, nega har bir taraf narigi tarafning ham iborasini aytib qo‘ymasdan o‘zining gapida qattiq turib olgan?
Ya’ni, Abu Hanifa rahmatullohi alayh boshqa fuqaholarga o‘xshab “Amal iymondandir” deb qo‘ysalar bo‘lardi-ku? Farazan u zotga: “Shunaqa deb ayting, baribir ma’nosi bir-ku” deyilganda u zot albatta: “Yo‘q, aynan men aytgandek aytishimiz kerak” degan bo‘lar edilar. Chunki yuqorida ta’kidlaganimizdek, umumiy vaziyat aynan shunday ibora bilan aytishni, shu ma’noga urg‘u berishni taqozo qilib turgan edi. Ya’ni, Abu Hanifa rahmatullohi alayh yashagan davr xavorijlarning mavqelari yuqorilagan payt bo‘lgan. U zot Bani Umayya hukmronlik qilgan davrning oxiri va Abbosiylar davlatining boshlanish davrida hayot kechirganlar.
Bani Umayya davri xavorijilar eng kuchga kirgan davr bo‘lgan. Bundan ko‘rinadiki, Abu Hanifa rahmatullohi alayh ularning e’tiqodi musulmon jamiyatiga yoyilib ketishidan xavotir olgani uchun ushbu masalani mazkur so‘zlar bilan ifodalash kerak degan. Chunki amal qilmagan odamlarni kofirga chiqarish xavorijlarning asosiy qoidalaridan bo‘lgan. Xavorijlar ushbu qoidalarini ilk bor Ali roziyallohu anhuga nisbatan ishlatib, u zotni kofirlikda ayblaganlar. Ya’ni, “tahkim”ni qabul qilgani uchun u zotni kufr nisbatini berishgan. Keyinchalik xuddi shu ishni Muoviya roziyallohu anhuga ham qo‘llaganlar. Ular o‘zlarining bu iddolariga “Hukm faqat Allohning O‘ziga xosdir” ma’nosidagi oyatni hujjat qilishgan va shu hujjatlariga binoan amal qilmagan odamlarni kofirga chiqarganlar. Ular bu ishda shu darajada g‘uluvga ketganlarki, hatto katta va kichik gunoh qilgan odamlarni ham kofirga chiqarishga borib yetganlar. Natijada xavorijlarning ushbu g‘uluvlari musulmon jamiyati uchun o‘ta xatarli tus olgan. Chunki bunday aqidadagi kimsalar hech tap tortmasdan musulmonlarni kofirga chiqara boshlagan edilar.
Ularning holatlarini mulohaza qilgan ulamolar: “Agar 6,7 xavorijni bir joyga yig‘ib o‘z holiga tashlab qo‘ysangiz ular o‘sha joydan bir-birlarini kofirga chiqarib tarqalishlari aniq” degan xulosaga kelganlar. Chunki xavorijlar bir yo‘nalishda bo‘la turib va bir masjidda ibodat qilib turib ham ushbu uslublarini qo‘llaganlar. Shuning uchun tarixga nazar solsangiz ular avval boshda bir firqa bo‘lib, keyin o‘zaro bir birlarini kofirga chiqarganlari natijasida bir nechta firqalarga bo‘linib ketishganini ko‘rasiz.
Xavorijlarning mana shu g‘uluvdan iborat qarashlari afsuski, hozirgi kunimizgacha yetib kelmoqda. Abu Hanifa rahmatullohi alayh xavorijlarning ushbu e’tiqodlaridan kelib chiqadigan xatarning oldini olish hamda musulmonlarni o‘zaro bir-birlarini kufrda ayblab qatl qilishlaridan qaytarish maqsadida amal iymondan emas degan gaplarida qattiq turib olgan.
Demak, amal iymondandir degan gapning tafsilotini va undan qaysi ma’no nazarda tutilganini aslida avom xalq bilmaydilar. Zero avomning odati faqat gapning sarlavhasini qattiq ushlab ekani ko‘pchilikka sir emas.
Endi Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh singari amal iymondandir degan fuqaholarning nima uchun bunday deganlarin
i sinchiklab o‘rganadigan bo‘lsak, quyidagi ma’nolarni bilib olamiz: Bu muhtaram zotlar umaviylar hukmronlik qilgan davrda yashaganlar va ularni bu masalaga qarashlari o‘zgacha bo‘lgan. Ya’ni ular bu davrda qo‘zg‘algan murjia firqasining jamiyatga bo‘lgan xatarini ko‘rib, ularga qarshi o‘z ilmiy faoliyatlarini olib borganlar. Murjialar iymonga hech bir gunoh zarari bermaydi deb e’tiqod qilishgan. Ya’ni kishi modomiki mo‘min ekan, biron bir gunoh unga aslo ta’sir qilmaydi, deb e’tiqod qilishgan. Gunohi kabira, ya’ni zino, aroqxo‘rlik, nohaq odam o‘ldirish kabi gunohlarni qilgan odam bilan uni qilmagan odamning farqi faqatgina jannatdagi darajada bo‘ladi deb hisoblashgan. Shu bilan mo‘min kishi agarki ulkan gunoh sodir etgan bo‘lsa ham jahannamga kirmaydi, deb e’tiqod qilganlar. Bunday deyish dinni va uning mukallaflarga bo‘lgan buyruq va qaytariqlarini ya’ni, dinda belgilangan halol-haromni va shar’iy nasslarni inkor qilish bo‘lib qoladi. Bu buzuq e’tiqodning xatarini his qilgan ulamolar amal iymondandir ya’ni uning kamolidan yoki aslidan deb o‘z gaplariga tafsilot bermasdan qattiq turib olganlar.
Xulosa shuki, biz ushbu masalada u yoki bu fuqaholar o‘z gaplarida xato qilganlar deb aytolmaymiz. Chunki har bir taraf aytgan gapida masalaga o‘ziga xos jihatdan yondashgan. Shuning uchun ham masalaning tafsilotiga va tarixiga nazar solinsa har ikki tarafning gapi ham haq bo‘lib chiqadi.
Hozirgi kunda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning gaplarining zohiriy ma’nosini mahkam ushlab olib, u zotni murjialardan deb ayblashni o‘ziga ep ko‘radigan ayrim salafiylik da’vosidagi kimsalar uchraydi.
Aslida tarixga nazar solinadigan bo‘lsa, u zotga nisbatan bunday aybni mo‘tazilalar va xavorijlar to‘nkaganlar. Shunda beixtiyor ulamolarmizning: “Hozirda mo‘taziliyman degan odam qolmagan, lekin ularning ayrim xato e’tiqodlari saqlanib qolgan”, degan gaplari naqadar haq ekaniga yana bir karra amin bo‘lamiz…
Rustam OXUNJONOV
Abu Sano Mahmud ibn Zayd Lomishiy Hanafiy Moturidiyning “Tamhid li qovaidit-tavhid” hamda Abdulmalik ibn Abdurrohman Assa’diyning “Sharhul Aqoidin-nasafiya” asarlari asosida tayyorlandi.
Manba: https://azon.uz
Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.
Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).
Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).
ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.
Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.
Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat)
Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)
Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.
Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.
Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.
Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.
Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.
Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!
Abduqahhor domla Yunusov,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi