Asr namoziga azon aytilsa, sahobalar masjidda jamlanishini kutib turardi va asrdan oldin to‘rt rak’at nafl namoz o‘qishga targ‘ib qilib:
« رَحِمَ اللَّهُ امْرَأً صَلَّى قَبْلَ الْعَصْرِ أَرْبَعًا »
«Asrdan oldin to‘rt rak’at namoz o‘qigan kishini Alloh rahm qilsin (ya’ni rahmatiga olsin)», – der edilar[1].
Odamlar yig‘ilgach, masjidga chiqar va ularga namozni o‘qib berardilar. Asrni avvalgi vaqtida o‘qir edilar. Qiroatni peshindagi qiroatning yarmicha qilardilar. Namozdan forig‘ bo‘lgach, aytadigan so‘zlari bo‘lsa aytar, bo‘lmasa sahobalar tarqalib ketishardi.
Bir kuni asrni o‘qib bo‘lgach, sahobalarga qarab: «Bilmadim, bir narsani sizlarga aytsammikin yoki aytmasammikin? O‘ylanib turibman», – dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning rasuli, agar yaxshi narsa bo‘lsa ayting. Agar unday bo‘lmasa, Alloh va Rasuli biluvchidir», – deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
«مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَتَطَهَّرُ فَيُتِمُّ الطُّهُورَ الَّذِى كَتَبَ اللَّهُ عَلَيْهِ فَيُصَلِّى هَذِهِ الصَّلَوَاتِ الْخَمْسَ إِلاَّ كَانَتْ كَفَّارَاتٍ لِمَا بَيْنَهَا»
«Bir musulmon kishi tahorat olib, Alloh farz qilgan tahoratni mukammal qilsa va mana shu besh vaqt namozni ado etsa, bu ishi o‘sha namozlar orasidagi xato va gunohlarini o‘chiradi», – dedilar»[2].
Yana bir kuni asrni o‘qib bo‘lgach, sahobalarga yuzlanib:
«Qay biringiz tahorat olsa va uni mukammal qilsa, so‘ng: «Ashhadu an laa ilaha illalloh va anna Muhammadan abdullohi va rusuvluhu», – desa unga jannatning sakkiz eshigi ochiladi va u xohlagan eshigidan kiradi», – dedilar[3].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning asrdan keyingi ma’ruzalari Peshindan keyin qilinadigan ma’ruzaga qaraganda anchagina qisqa bo‘lardi. Chunki sahobalar asrda ishlarini tugatish va boshqa hojatlarini nihoyasiga yetkazish uchun ketishga shoshilishardi.
Hech qachon qavmni malollantiradigan darajada uzundan uzoq ma’ruza qilmasdilar. Tinglovchilarning holati va shavqiga qarab ma’ruza qilardilar. Asrni o‘qib bo‘lgach, ma’ruzalari doimiy emasdi.
Asrni o‘qigach, har bir onamizning uylariga kirib, ular bilan biroz suhbatlashar, bag‘rlariga bosib ko‘ngillarini so‘rardilar. Har bir onamizni uylariga kirib chiqqach, oxirida navbati kelgan onamizning uylarida qolardilar.
Ko‘pincha onalarimizning hammalari navbati kelgan onamizning uylarida yig‘ilishib o‘tirishar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ular bilan suhbatlashardilar.
Bir kuni onalarimiz Oisha onamizning uylarida yig‘ilishdi. Zaynab onamiz ham Oisha roziyallohu anhoning uylariga keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyga kirgach, qo‘llarini Zaynab onamizga uzatdilar. Oisha onamizning jahllari chiqib: «Bu Zaynabku!» – dedilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini tortib oldilar. Zaynab onamiz bilan Oisha onamiz tortishib qoldilar hatto ovozlari ko‘tarilib ketdi. Namozga qomat aytildi. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘tib keta turib, onalarimizning ovozlari ko‘tarilganini eshitdilar va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning rasuli, namozga chiqasizmi? Bularning og‘ziga tuproq seping», – dedilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidga chiqdilar. Oisha onamiz: «Hozir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam namozni o‘qib bo‘ladilar va otam kelib mening dodimni beradi», – dedilar. Namoz tugagach, Abu Bakr roziyallohu anhu kelib, Oisha onamizni qattiq urushdilar va: «Shunday ham qilasanmi?!» – deb koyidilar[4].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xonadonlarida oilaviy suhbatdan tashqari ilmiy suhbatlar ham bo‘lardi. Onalarimiz tomonlaridan beriladigan savollarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam javob berib din ishlarini o‘rgatardilar.
Bir kuni Oisha onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam da’vat yo‘lida chekkan aziyatlarining eng shiddatlisini bilmoqchi bo‘lib: «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» – deb so‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Menga qavmingdan yetadigani yetdi. Ulardan menga yetgan narsalarning eng qattig‘i Aqoba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abduyalil ibn Abdukulolga meni (himoyasiga) olishni taklif etgan edim. Biroq u men istagan narsani qabul qilmadi. Tashvishli holda boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Qarnus-sa’olibga[5] kelgandagina o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, bir bulut menga soya solib turibdi. Nazar solsam, unda Jabroil bor ekan. U menga nido qilib: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot ular haqida istagan narsangni buyurishing uchun huzuringga tog‘ farishtasini yubordi», – dedi. Shunda tog‘ farishtasi menga nido qilib, salom berdi. So‘ngra: «Ey Muhammad! Nimani istasang, shu. Agar ularning ustiga «ikki Axshab»ni[6] to‘ntarib tashlashimni istasang (shunday qilaman)», – dedi.
Shunda men: «Yo‘q! Alloh ularning pushtikamaridan yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan kishilarni chiqarishini umid qilaman», – deganman»[7].
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam onalarimizning dunyoviy hojatlarini qondirish bilan birga ularni oxiratga ham tayyorgarlik ko‘rishga targ‘ib qilardilar.
Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga:
« لَيْسَ أَحَدٌ يُحَاسَبُ إِلَّا هَلَكَ »
«Hisob‑kitob qilinadigan har bir kishi halok bo‘lmay qolmaydi[8]», – dedilar. Oisha onamiz aniqlik kiritish maqsadida: «Ey Allohning Rasuli, Alloh meni fidoyingiz qilsin! Axir Alloh azza va jalla:
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ، فَسَوْفَ يُحَاسَبُ حِسَابًا يَسِيرًا [الانشقاق: 7-8 [
«Ammo kimning kitobi o‘ngidan berilsa, u albatta, yengilgina hisob‑kitob qilinadi», – demaydimi?» – deb so‘radilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Ana o‘sha namoyon etish bo‘lib, (amallari) ularga namoyon etiladi[9]. Biroq kimning hisob‑kitobi munoqasha qilinsa, halok bo‘ladi», – dedilar»[10].
Yana bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hafsa onamizga: «Badr[11] va Hudaybiya[12]da ishtirok etgan biror kishi do‘zaxga kirmasligidan umid qilaman», – dedilar. Hafsa onamiz: «Ey Allohning rasuli, axir Alloh: «Sizlardan har biringiz unga (jahannamga) tushuvchidirsiz. (Bu) Rabbingiz (irodasiga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir», – demaganmi?» – deb so‘radilar. U zot: «Alloh taoloning: «So‘ngra taqvodor bo‘lganlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz», – deganini eshitmaganmisan», – dedilar[13].
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Men ummat g‘ami bilan ovoraman», – deb oilalarini unutmagan edilar. Ular bilan ham dunyo, ham oxirat borasida suhbatlashar, hazillashib ko‘nglini ko‘tarar, uy yumushlarida yordam berib, oilaviy chiroyli hayotni ham kechirardilar.
Ba’zida asr namozidan keyin sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan birga ishtirok etishlarini yoqtirishadigan ishlarga u zotni chaqirishar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning chaqirig‘iga javob berib, taklif qilingan joyga borardilar.
Bir kuni asr namozini o‘qib bo‘lishgach, Bani Salama qabilasidan bir kishi kelib: «Ey Allohning rasuli, biz jonliq so‘yishni xohladik. Siz ham o‘sha yerda biz bilan bo‘lishingizni istardik», – dedi. U zot: «Xo‘p», – deb sahobalar bilan yo‘lga tushdilar. Aytilgan joyga yetib kelishsa, hali jonliq so‘yilmagan ekan. Jonliqni so‘yib, go‘shti maydalandi va undan ovqat pishirildi. Quyosh botmasidan oldin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam va sahobalar o‘sha taomdan tanovul qilishdi[14].
Shu o‘rinda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ahli oilalariga nafaqani qayerdan to‘laganlari haqida biroz to‘xtalib keyin shom namozi vaqti haqida suhbatlashamiz.
[1] Imom Termiziy rivoyati
[2] Imom Muslim rivoyati
[3] «Sahih Ibn Xuzayma», «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim» va «Musnad Ruvyoniy» kitoblariga qaralsin.
[4] «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim», «Musnad Abu Ya’lo» kitoblariga qaralsin.
[5] Qarnus-sa’olib – Makka-Toif yo‘lidagi Makkaga yaqin joy.
[6] Ikki Axshab – Makkai Mukarramadagi ikki katta tog‘. Ulardan birining nomi Abu Qubays bo‘lib, Ka’baning sharq tomonida, ikkinchisi – Qu’ayqo’ tog‘i esa uning g‘arbida joylashgan. Ularning balandligi 420 va 230 metrni tashkil qiladi.
[7] Imom Buxoriy rivoyati.
[8] «Halok bo‘lish» deganda azobga qolish nazarda tutilgan, zotan, oxirat azobi haqiqiy halokatdir.
[9] Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oyatdagi «yengilgina hisob‑kitob qilinadi», degan jumlani «Ana o‘sha namoyon etish bo‘lib, ularga namoyon etiladi», deb tafsir qilmoqdalar, ya’ni solihlarga qilgan amallari – yaxshiliklariyu yomonliklari bir ko‘rsatiladi-yu, ammo ularning ustida savol‑javob, hisob‑kitob qilinmaydi. Bu ularning najot topishlarining bashorati bo‘ladi.
[10] Imom Buxoriy rivoyati.
[11] Badr – Islom dinining himoyasi uchun kofirlarga qarshi jang qilingan ilk urush
[12] Hudaybiya – bu Makka yaqinidagi joyning nomi bo‘lib, unda sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga dinni himoya qilish, Alloh va Unnig rasuliga itoat qilishgan ahdnoma berishgan.
[13] «Musnad Ahmad», «Sahih Muslim», «Sunan Ibn Moja» va «Sahih Ibn Hibbon» kitoblariga qaralsin.
[14] «Sahih ibn Hibbon», «Sahih Muslim» «Musnad Abu Avona», «Sunan Doraqutniy» va «Mustaxraj Abu Nu’aym» kitoblariga qaralsin.
Abdulaziz Usmon
manba: siyrat.uz
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi