ألا أدلك على باب من أبواب الجنة قال: وما هو؟ قال: لا حول ولا قوة إلا بالله
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni jannat eshiklaridan bir eshikka dalolat qilayinmi?” dedilar. Men: “U nima?” deb so'radim. Nabiy alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illa billah”, dedilar" (Imom Tabaroniy rivoyati).
قل: لا حول ولا قوة إلا بالله فإنها كنز من كنوز الجنة
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytgin. Albatta, u jannat xazinalaridan biridir", dedilar" (Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannat ko'chatlarini ko'paytiringlar”,dedilar. “Yo Allohning rasuli, uning ko'chatlari nima?” deyishdi. U zot alayhissalom: “Laa havla va laa quvvata illa billah”,dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
مَنْ قَالَ لا حَوْلَ وَلا قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ كَانَتْ دَوَاءٌ مِنْ تِسْعَةٍ وَتِسْعِينَ دَاءٍأَيْسَرُهَا الْهَمُّ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, to'qson to'qqiz dardga davo bo'ladi. Eng engili g'amdir", dedilar (Imom Tabaroniy, Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim har kuni yuz marta “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni aytsa, unga faqirlik etmas", dedilar (Ibn Abu Dunyo rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimga Alloh ne'mat bersa-yu, u bu ne'matning o'zida davomiyligini istasa, “Laa havla va laa quvvata illa billah”ni ko'p aytsin", deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Hazrat Ali roziyallohu anhu aytadilar: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: "Ey Ali, senga qiyin ahvolga tushib qolganda aytiladigan kalimalarni o'rgataymi?" dedilar. "Alloh meni sizga fido qilsin, o'rgating, yo Rasululloh", dedim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qiyin ahvolga tushib qolsang, “Bismillahir rohmanir rohiym. Va laa havla va laa quvvata illaa billaahil 'aliyyil 'aziym”, deb ayt. Chunki mana shu duo bilan Alloh xohlaganicha har turli balolardan xalos qiladi», dedilar.
Molik Ashja'iyning o'g'li asirga tushib qolganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga odam yuborib “Laa havla va laa quvvata ilaa billah”ni ko'p aytishni buyurganlar. Natijada o'g'li asirlikdan xalos bo'lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari o'z tajribalarida “Laa havla va laa quvvata ilaa billah”ni aytish bilan mushkullari oson, balo-ofatlari daf bo'lishini ko'p sinab ko'rganlar.
Olimlardan biri aytadilar: “Kimning g'am-tashvish va musibatlari ko'payib ketsa: “Laa havla va laa quvvata illa billah” kalimasini ko'p aytsin”.
Davron NURMUHAMMAD
Inson hayotida eng qimmatbaho ne’matlardan biri vaqtdir. U nihoyatda tez o‘tadi, biror narsaga bog‘lab, to‘xtatib, ortga qaytarib bo‘lmaydi. Har lahza inson umridan bir bo‘lakdir. Shuning uchun vaqtni samarali o‘tkazish, uni qadrlash har bir aqlli inson uchun juda muhim.
Har insonga bir umr berilgan. U yillar, oylar, kunlar, daqiqalar bilan hisoblanadi. Bir soat bekorga ketsa, umrimizdan bir qism bekor ketgan bo‘ladi. Ko‘pincha biz "ertaga qilib qo‘yaman", "keyinroq boshlayman" deya o‘zimizni aldab qo‘yamiz. Aniq reja asosida hayot kechirish, har bir kunni maqsadli va mazmunli o‘tkazish vaqtdan unumli foydalanishning asosiy yo‘lidir. Ilm o‘rganish, mehnat qilish, sog‘liqqa e’tibor qaratish, oila va yaqinlarga vaqt ajratish — bularning bari vaqtning to‘g‘ri taqsim qilinishi bilan bo‘ladi.
Tan olish kerak, zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va axborot oqimi vaqtimizni o‘g‘irlab, bizni chalg‘itmoqda. Lekin ayb o‘zimizda. Ba’zan keraksiz narsalarga soatlab vaqt sarflaymiz, keyin esa "vaqtim yetmadi" deb shikoyat qilamiz. Shuning uchun ham hayotda "nimalar muhim, nimalar esa vaqt sarflashga arzimaydi" degan savolga aniq javob topib olish lozim. Vaqtga e’tiborli inson – mas’uliyatli insondir. U har bir vazifani o‘z vaqtida bajaradi, orzulari sari qat’iyat bilan intiladi va hayotini nazorat qila oladi.
Islom dinida ham vaqtga alohida ahamiyat berilgan. Qur’oni karimdagi Asr surasida Alloh taolo asr (vaqt)ga qasam bilan insonning zararda ekani ta’kidlagan. Bu esa vaqtning beqiyos ekanini yana bir bor yodga soladi. Faqat iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan, bir-birlariga Haq (yo‘li)ni tavsiya etgan va bir-birlariga (mana shu Haq yo‘lida) sabr-toqat qilishni tavsiya etgan zotlargina najot topishi aytilib, ulgurib qolishga da’vat etilgan. Demakki, vaqtni to‘g‘ri sarflay olgan insongina yutuqqa erishadi. Hayotimizdagi har bir daqiqa – bebaho xazina. Undan oqilona foydalanib qolish kerak, azizlar.
Abdulvohid ISAQOV,
Namangan shahridagi
“Miryoqubboy Mirhakimboy”
jome masjidi imom xatibi