Internet tarmoqlarida ba'zan arim yoshlarmiz hissiyotga berilib, ilmsizlikcha biror bir insonni kofirga chiqarish va so'kish holatlarni ko'zatib, qo'rqib ketamiz. Ho'sh mo'min insonni kofir yo fosiqqa chiqarish shunday oson ish-mi? Shu mavzuda olimlarmizni gaplarini keltirmoqchimiz. Sa'duddin Taftazoniy «Sharhul aqoidi Nasa-fiyya» asarida: «Gunohi kabiralar mo'min bandani iymondan ham chiqarmaydi, kufrga ham kirgizmaydi», degan. Oyati karima va hadisi shariflardan bilamizki, qotillik, o'g'irlik, sehrgarlik, zino, aroq ichish, bo'hton qilish, ota-onaga oq bo'lish, ribo eyish shariati islomiyada qattiq qoralangan gunohi kabiralar sirasiga kiradi. Qator aqida kitoblarida kufrdan boshqa har qanday gunoh mo'min bandani iymondan chiqarmasligi aytib o'tilgan. Halolni harom, haromni halol sanagan, farzni inkor etgan, kufr so'zlarni gapirgan, Allohdan o'zgaga sajda qilgan, Kur'onning ilohiy kalomligiga shak keltirganlar kofir sanaladi. Shunday ekan, har qanday mo'minni kufrda ayblash aslo mumkin emas. Bu ayrim «takfirchi»larning ishidir. Bizning aqidamizga ko'ra, iymon shartlarini inkor etmaganlar iymonini hargiz yo'qotmaydi.
Bu masalada ahli sunna va jamoa aytgan xulosa shulki, mo'min odam gunohi kabira qilishi bilan kofir bo'lib qolmaydi. Faqat o'sha ishni halol sanasa, kofir bo'ladi. Misol uchun aroq ichgan odam uni halol deb e'tiqod qilsa, kofir bo'ladi. Aroqni halol deb e'tiqod qilmasa-yu, uni ichsa osiy bo'ladi.
Islomda ilk ixtilof qo'zg'ab, ahli sunna valjamoadan ajralib chiqqan toifa - xorijiylar «Gunohi kabira qilgan kofir bo'ladi», deb e'tiqod qilishgan. Bugungi kunda shu kabi g'oyalarni ilgari surayotganlar borligi bizni sergaklikka tortadi. Asli «Iymonga - til bilan iqror bo'lish va qalb bilan tasdiqlashdan iborat, amallar esa iymon shartiga kirmaydi», deb e'tiqod qilamiz. Buni mashhur mutakallim Nuriddin Sobuniy ham aytib o'tgan. Gunohi kabirani qilgan banda fosiq bo'ladi. fosiqlik tavba bilan ketadi. Bu tavbadan so'ng kayta iymon keltirish shart emas. Tavbadan so'ng iymon kalimasini aytish esa murtadlarga shart, xolos. Oyat va hadislarda gunoh qilgan kishilar- «iymonsiz» deb, «kofir», «mushrik», «murtad», murojaat etilmagani fikrimizning yaqqol isbotidir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: «Laa ilaha illallohu» degan kimsaga tegmaslik: Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.
Shuning uchun barchamiz bilishimiz lozimki qiyomatda Alloh birovni amalidan emas balki o'zimizni amalmizdan so'raydi. Alloh barchalarmizga tavfiq bersin!
Obidxon domla Ikramov,
O'MI Namangan viloyati vakili birinchi o'rinbosari
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.