1 qism
Muhtaram, oila boshliqlari ayolingiz farzandingizga ta'lim-tarbiya berishlarida ularga yordamchi bo'ling, ularni qo'llab-quvvatlang, kerakli shart-sharoitlarni yaratib bering.
Ibrohim alayhissalomning qissalarini eslang. Ibrohim alayhissalom ayollari Hojar onamiz va farzandlari Ismolil alayhissalomni cho'lda tashlab ketayotganlarida ayollari: “Buni Alloh sizga buyurdimi?” deb so'raydilar. Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlaridan keyin Hojar onamiz xotirjam bo'ldilar. Hech kim yo'q cho'lda ona-bola yolg'iz qolishdi. Ismoil alayhissalomning tarbiyasi bilan yolg'iz Hojar onamiz shug'ullan boshladilar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Bas, qachonki (bola) uning o'zi bilan birga yuradigan bo'lganida: «Ey o'g'ilcham, men tushimda seni so'yayotganimni ko'rmoqdaman, boqib ko'r, nima dersan?»–dedi. U: «Ey otajon, senga amr etilganni bajar, inshoalloh, meni sabr qilguvchilardan topursan», dedi” (Soffaat surasi, 102-oyat).
Qarang, Hojar onamizning bergan tarbiyalarini olib ulg'aygan solih farzand otasining so'roviga qanday go'zal tarzda javob berdi.
Nuh va Lut alayhimussalomning ayollari erlariga itoatgo'y bo'lishmagan va natijada farzandlari ham solih bo'lishmagan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Va u (kema) ularni tog'lardek to'lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o'g'liga: «Ey o'g'lim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga bo'lmagin», dedi. U (o'g'il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo'qdir. Magar kimni rahim qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda oralarini to'lqin to'sdi va u (o'g'il) g'arq bo'lganlardan bo'ldi” (Hud surasi, 42-43-oyatlar).
Aziz opa-singillar kelajakingiz bo'lgan farzandingiz tarbiyasiga aslo befarq bo'lmang! Ularni ilmli va go'zal axloqli bilan voyaga etkazing.
Qur'oni karimning bir qancha oyatlari va hadisi shariflarda ota-onaga yaxshi munosabatda bo'lishga, ularga itoat etishga va haqqiga duo qilishga buyuriladi.
Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib “Yo Allohning Rasuli! Kimga yaxshilik qilay?” deb so'radi.
U zot alayhissalom: “Onangga”, dedilar.
Haligi kishi: “Kimga yaxshilik qilay?” deb so'radi.
Nabiy alayhissalom: “Onangga”, dedilar.
“Kimga yaxshilik qilay?” deb boyagi odam yana savol so'radi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onangga”, dedilar.
“Kimga yaxshilik qilay?” deb to'rtinchi bor so'ragan edi, “Otangga. So'ngra yaqinlarga va yana yaqinlarga”, dedilar Nabiy alayhissalom.
Ulamolar bu hadisdan “Onaning haqqi otanikidan ko'ra uch baravar ko'p” degan xulosani ham chiqarishgan. Ota-ona, albatta, har bir farzand uchun ulug' zotlar. Lekin onaning tutgan o'rni alohida ta'kidlanadi, chunki ona farzandiga homilador bo'lganidan boshlab uning mashaqqatini tortadi. To'qqiz oy davomida qornida ko'tarib yuradi. Homiladorlikning qanchalik qiyin kechishini har bir aqli bor odam yaxshi biladi. Faqat farzand uchun fidokorligi tufayligina ona ana shu mashaqqatlarni ko'taradi. Shuning uchun onaning farzanddagi haqqi alohida ulug' bo'ladi.
Qolaversa, har bir farzandning tug'ilishi qanchalik og'ir mashaqqat ekanini ham hamma yaxshi biladi. Tug'ish dardi o'limni bo'yinga olish bilan barobar ekanini, ayniqsa ayollar yaxshi biladilar. Shuning uchun ham onaning farzanddagi haqqi alohida ulug' bo'ladi.
Keyin uni emizib, yuvib-tarab, to'g'ri tarbiya berib katta qilish qanchalik ulkan mehnat ekanini ham hamma yaxshi biladi. Bu mashaqqatli mehnatni ham faqat onagina yaxshilab ado eta oladi. Shuning uchun onaning farzanddagi haqqi alohida ulug' bo'ladi. Shuning uchun ham uch marta “Onangga yaxshilik qil”, deganlaridan so'nggina, to'rtinchi martada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so'rovchiga “Otangga”, deb javob berdilar.
“Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: «Robbim, ular meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahim qilgin», deb ayt” (Isro surasi, 24-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan. Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.
Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.
Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan umidini kesadi”.
Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.
Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.
«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.
Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi
imom noibi Anvarxon Akramov
Manba: @Softalimotlar