Shu yil 9 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari raisliklarida Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarning majlisi bo'lib o'tdi.
Yig'ilish Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari taraqqiyotimizning yangi davrida diniy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, o'z navbatida imomlik sharafli maqom bo'lishi bilan birga o'ta nozik va mas'uliyatli vazifa ekani, har bir imom bu haqiqatni bir zum bo'lsa-da esidan chiqarmasdan, jamiyatning eng namunali va eng oldi kishilaridan ekanini chuqur anglash kabilarni bayon etdilar.
Yig'ilish davomida Muftiy hazratlari Andijon viloyati imom-xatiblarining faoliyatini tahlil qilib, muhim tavsiya va topshiriqlar berdilar.
Shuningdek, murakkab davrda imom-xatiblarning faolliklarini yanada oshirish, OAVdagi chiqishlari mazmun-mohiyatini yaxshilash, jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish va mo'min-musulmonlar ehtiyojlarini ta'minlash, bu borada viloyat bosh imom-xatibi bilan elkami-elka turib, hamjihatlikda dinimiz ravnaqi va mo'min-musulmonlarimiz farovonligi yo'lida astoydil xizmat qilish kabi jihatlarga Muftiy hazratlari alohida urg'u qaratdilar.
Yig'ilishda Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov, Andijon shahri bosh imom-xatibi Miftohiddin domla Rojiddinov, Izboskan tumani bosh imom-xatibi Salimjon domla Yunusov va Andijon shahri “Uyg'ur” jome masjidi imom-xatibi Rahmonjon domla Ortiqov so'zga chiqib, Muftiy hazratlarining nutqlarida bayon etilgan muhim masala va dolzarb vazifalarni sidqidildan bajarishlarini bildirdilar. Shuningdek, so'nggi yillarda diniy soha xodimlariga berilayotgan e'tibor va g'amxo'rlik uchun minnatdorlik izhor qildilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.