Shu yil 7 oktyabr' kuni O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari raisliklarida Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarning majlisi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda tashkiliy masala ko'rildi. Unga ko'ra, Abdulhay domla Tursunov o'z arizasiga binoan Namangan viloyati bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etilib, “Faxriy imom” maqomi berildi. Namangan viloyati bosh imom-xatibi lavozimiga Namangan shahar bosh imomi va “Yusufxon o'g'li Qosimxon” jome masjidi imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan Musoxon qori Abbosiddinov tayinlandi.
Ma'lumot o'rnida, Musoxon qori Abbosiddinov Namangan shahridagi “Hidoya” madrasasi, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida tahsil olgan. Qur'oni karimni to'la yod olib, Hofizi Qur'on darajasiga etgan. O'zbekiston musulmonlari idorasida ham bir muddat faoliyat yuritgan. 2010 yildan buyon Namangan shahar bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilayotgan edi.
Musoxon qori Abbosiddinovga Namangan viloyati bosh imom-xatibi vazifasida fidokorona mehnat qilib, viloyat imom-xatiblari bilan hamjihatlikda dinimiz ravnaqi yo'lida astoydil xizmat qilishlarida Alloh taolodan ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Shuningdek, yig'ilishda Abdulhay domlaning masjidlarni obod etish, imom-domlalarning faoliyatini takomillashtirish va mo'min-musulmonlarning ehtiyojlarini qondirish yo'lidagi mehnatlari munosib e'tirof etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari taraqqiyotimizning yangi davrida diniy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, o'z navbatida imom-xatiblik sharafli va mas'uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik bilan qarashi, o'zining ustida muntazam ishlashi va mo'min-musulmonlarning ehtiyojlarini qondirish uchun tinimsiz xizmat qilishlari zarurligiga alohida urg'u qaratdilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari o'z nutqlarida yoshlar tarbiyasiga katta e'tibor qaratish, ilm-ma'rifat egallashlariga shart-sharoitlar yaratish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish kabilarni alohida ta'kidladilar.
Yig'ilishda Namangan viloyati hokimi o'rinbosari Jamoliddin Aloydinov, faxriy imom Abdulhay domla Tursunov, Uychi tumani bosh imomi Olimxon Isaqov, Norin tumani “G'oyib buva” masjidi imom-xatibi Turg'unov Abror va Namangan viloyati yangi bosh imom-xatibi Musoxon qori Abbosiddinov kabilar so'zga chiqdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: "Lekin Alloh ularning otlanishlarini yoqtirmay, tutib qoldi", (Tavba surasi, 46-oyat).
Alloh sizni din ishlariga xizmatchi qilib olgan bo‘lsa, demak, qalbingizga qarab, rozi bo‘libdi. Oddiy bir inson o‘z ishlarida uquvsiz kimsalarni ishlatgisi kelmaydi-ku, Alloh ishlatadi deysizmi?
Allohning yo‘lidan uzoq bo‘lgan odam borki, albatta, Alloh uning ichidan boxabarligi uchun rozi bo‘lmagan. Mashhur odamlarga havas qilmang. Ular arzimagan ishlar bilan mashg‘ullar. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, o‘ziga xodim qilib olgan bo‘lardi.
Zarracha savob ish qilmagan milliarderlarga havas bilan qaramang. Alloh ularni yaxshi ko‘rganida, ulardan yuz o‘girmagan bo‘lardi.
"Rasailu minal Qur’an" asaridan