Cavol: Bir kishi masjidda nafl namozni boshlaganda iqomat takbiri aytib yuborilsa, nima qiladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bunday holatda ikki rakat o'qib, namozini tugatadi va jamoatga qo'shiladi. Darhol namozdan chiqish namozni buzish hisoblanadi. Bunday qilmaydi, balki imomga birinchi rakatda iqtido qilish uchun qisqa zam sura o'qib, salavot va duoni ham qisqaroq qilib, namozini tezroq o'qib tugatadi. Agar to'rt rakat nafl o'qishni niyat qilib boshlagan bo'lsa ham ikki rakatda tugatadi. To'rt rakatga cho'zmaydi. Chunki namozlarning eng kami ikki rakatdir. Bir rakatli namoz yo'q. Bu haqida “Fatovoi Olamgiriya” bunday ibora kelgan:
“Agar namozxon nafl namozga kirishgandan keyin farz namozga takbir aytilib qolsa, boshlagan namozini ikki rakat qilib tamomlaydi. Undan ko'p o'qimaydi (masalan, to'rt rakat naflga niyat qilib qo'ygan bo'lsa ham ikki rakat bilan tugatadi). “Muhiti Saraxsiy”da shunday kelgan”.
Iqomat takbiri aytilgandan keyin hech qanday nafl namozga kirishilmaydi. Takbirdan keyin sunnat va nafllarga kirishish makruhdir. Bundan faqat, farzga ulgurish sharti bilan, bomdodning sunnati istisno qilingan (“Badoi'us sanoi'” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi