Cavol: Ehromdagi inson xushbo'y salfetka, sovun yoki shampun ishlatib qo'ysa, biror jarima lozim bo'ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Hushbo'y salfetka, sovun yoki shampun kabi vositalarni ehromdagi kishi ishlatishi makruh amal sanaladi. Lekin ushbu vositalarni ishlatish bilan qo'y so'yish vojib bo'ladimi yoki sadaqami degan masalada zamonamiz ulamolari va fatvo uyushmalari turlicha javob berganlar.
Ushbu masala yuzasidan mazhabimiz manbalariga tayanib aytamizki, xushbo'y salfetka, sovun va shampun kabilar tozalik vositalari sanaladi va undan aksar holda xushbo'ylanish uchun foydalanilmaydi. Bunga o'xshash masalani qadimgi fuqaholarimiz quyidagicha bayon qilishgan: “Ehromdagi kishi xushbo'yligi bor ushnon (kirni ketkizish vositasi, ishqor) bilan qo'lini yuvsa, uni ko'rganlar: “Bu ushnon”, desalar, sadaqa, agar “Bu xushbo'ylik”, desalar, jonliq so'yish vojib bo'ladi”(“Muhitul-Burhoniy” kitobi).
Demak, ishlatilayotgan xushbo'y narsani ko'pchilik odamlar nima deb qabul qilishiga qarab hukmi ta'yin topadi. Bugungi kunimizda xushbo'y salfetka, sovun yoki shampunni hech kim asl xushbo'ylik, deb hisoblamaydi.
Qolaversa, xushbo'y salfetka, sovun va shampun kabi vositalar ayni xushbo'ylik vositasi emas, balki unga xushbo'ylik qo'shilgan tozalik vositalaridir. Bunday vositalarda tozalovchi moddalar miqdori ko'p, xushbo'ylik miqdori oz bo'lsa, unga xushbo'ylik hukmi berilmaydi.
Shu bilan birga sovun sanoatidan ma'lumki, uni 100 daraja issiqlikda pishiriladi. Fuqaholarimiz xushbo'ylik aralashgan narsalar pishirilishi (qaynatilishi) natijasida, garchi undan xushbo'y hid kelib turgan bo'lsa ham, xushbo'ylik hukmidan chiqishini aytganlar. Alloma Kosoniy rahimahulloh shunday deganlar:
“Agar xushbo'ylik taomga qo'shib pishirilsa va o'zgarsa ehromdagi kishi uni iste'mol qilishining zarari yo'q. Bunda uning xushbo'y hid bor yoki yo'qligining farqi yo'q. Chunki bu holatda xushbo'ylik pishirish (qaynatish) natijasida taomda yo'qolib ketadi. Agar pishirilmagan bo'lsa va xushbo'y hidi kelib tursa, ehromdagi kishi uni iste'mol qilishi makruhdir. Lekin uning zimmasiga biror narsa vojib bo'lmaydi. Chunki bunda taom g'olib kelgan, xushbo'ylik moddasi esa aralashib, yo'qolib ketgan bo'ladi”(“Badoius sanoi'” kitobi).
Ushbu ma'lumotlardan xulosa qilib aytganda salfetka, sovun yoki shampun kabi vositalarning xushbo'y hidi bo'lsa, uni ishlatgan ehromdagi kishi bir so' (2 kg) bug'doy yoki uning qiymatini sadaqa qilish lozim bo'ladi. Ammo bular bilan to'liq bir a'zo uch va undan ko'p o'rin (makon)larda yuvilsa, jonliq so'yish lozimdir. Agar ushbu vositalarda hech qanday xushbo'y hid bo'lmasa, jonliq ham, sadaqa ham lozim bo'lmaydi. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi