Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.Masala: Balog'atga etmagan bolalar nisobga etadigan molni meros sifatida olsalar, o'z nomlaridan qurbonlik qilishlari vojib bo'lmaydi (41).
Masala: Qurbonlik qilishda o'zidan boshqasini vakil va noib qilish joizdir. Agar bir kishi boshqa odamni qurbonlikka vakil yoki noib qilsa, jonivorni sotib olish va so'yish vaqtida vakil yoki noib qurbonlikni niyat qilishi kifoya qiladi (129).
Masala: Safardagi kishi biror yurtda o'n besh yoki undan ortiq kun muqim bo'lib qolib, telefon yoki biror vosita orqali o'z yurtidagi kishini meni nomimdan qurbonlik qilgin deb vakil qilsa, vakilning qurbonligi uning nomidan o'tadi(130).
Masala: Vafot etgan kishi qurbonlik qilishni vasiyat qilgan bo'lsa, butun bir yoki ettidan bir hissani qurbonlik qilishligi vojib bo'ladi va qurbonlik go'shtini barchasini faqir, miskinlarga sadaqa qilib yuborish ham vojib bo'ladi (36).
Masala: Nisob egasi qurbonlik kunlarida jonivor sotib olishga naqd puli bo'lmasa, qarz olib qurbonlik qilishi zimmasiga vojibdir (131).
Masala: Bir kishi bir nechta qurbonlik qilsa, ulardan bittasi vojib qurbonlik, qolganlari esa nafl qurbonlik bo'ladi (37).
Masala: Agar ayol kishini taqinchoqlari va uydagi keraksiz narsalari nisob miqdoriga etadigan bo'lsa, ayol kishining zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo'ladi (46).
Masala: Odamlar qurbonlik maqsadida bozordan sotib olmay uyda boqayotgan qo'ylarini qurbonlik qilishni xohlasa, ulardan bittasini tayin qilib qurbonlik qilishni niyat qiladi va uning bu niyati bilan o'sha jonivorni qurbonlik qilishi lozim bo'lib qolmaydi. Uni sotib yuborib, o'rniga boshqasini qurbonlikka sotib olishi joiz bo'ladi, ya'ni kimni mulkida avvaldan qo'y-mollari bo'lib, ularni qurbonlik qilishni niyat qilsada, ularni qurbonlik qilish lozim bo'lib qolmaydi (47).
Masala: Boy odam qurbonlik kunlari ichida qurbonlik qila olmasa, bir qo'y yoki echkini qiymatini sadaqa qilishi vojib bo'ladi. Agar qurbonlikka jonivor sotib olgan bo'lsa, o'sha jonvorni tirikligicha sadaqa qilishi vojib bo'ladi. Agar bilmay qurbonlik kunlari o'tib ketgan bo'lsa ham so'yaveraman deb so'yib qo'ygan bo'lsa, go'shtini o'zi emay faqirlarga sadaqa qilishi vojibdir (57).
Masala: Faqir odam qo'y sotib olayotgan paytda qurbonlikni niyat qilmay sotib olgandan keyin qurbonlik qilishni niyat qilsa, o'sha jonivorni qurbonlik qilishi vojib emas (58).
Masala: Bir necha kishi o'rtaga pul tashlab biror tijorat yoki ishlab chiqarish qilsa va ularning barchasini o'rtadagi puli nisobga etsa, lekin o'rtadagi puldagi har birining ulushi nisobga etmasa, birortasini zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo'lmaydi (62).
Masala: Bir kishini uchta yoki to'rtta o'g'illari bo'lib, ular bilan birgalikda tijorat qilsalar va ularni eb-ichishi, turar joylari bir joyda bo'lsa, asl mol otaniki bo'lib, farzandlar otaga yordamchi bo'lsalar, bunday holatda otaning zimmasiga qurbonlik vojib bo'ladi. Farzandlarga esa, qurbonlik vojib bo'lmaydi. Agar farzandlari nisob egalari bo'lsalar, ularning zimmasiga ham qurbonlik qilish vojib bo'ladi (62).
Masala: Qurbonlik qiluvchi kishi qurbon hayitini o'qib, qurbonlik qilganidan keyin sochi va tirnoqlarini olishi mustahab bo'ladi (63).
Masala: Vojib bo'lgan qurbonlikni o'zgalar tomonidan qilishlik uchun ularning ijozati zarur. Aks holda ularning qurbonliklari ado bo'lmaydi. Agar aka-ukalar yo'qligida biri boshqasi tomonidan qurbonlik qilib qo'yish odati bo'lsa, ijozat berishidan oldin qurbonlik qilishi joiz bo'ladi. O'zgalar tomonidan nafl qurbonlik qilinayotgan paytda ularning ijozatini so'rashlik shart emas. Tiriklarga va o'likalar nomidan nafl qurbonliklar qilish joiz. Ularning ijozatlari shart emas. Chunki, qurbonlikning egasi hayvonning egasi bo'lib, u boshqalarga savobini bag'ishlamoqda (78).
Masala: Bir necha kishilar bitta hayvonni qurbonlik qilayotganlarida so'yuvchi hammalarini nomma-nom sanab falonchi va falonchilar nomidan deb tilga olishi shart emas. Lekin, ular tomonidan so'yilayotganini qalbdan o'tkaziladi (82).
Masala: Bir necha kishi sherik bo'lib, qurbonlik qilinayotgan suratda sudxo'r va shu kabi haromdan mol topguvchilarni sherik qilinsa, hech bir kishining qurbonligi durust bo'lmaydi. Lekin ular birortasidan halol pul olib sherik bo'lsalar, joiz bo'ladi. Shuningdek, sheriklardan birortasi go'sht arzon tushishi maqsadida sherik bo'lsa, birortasini ham qurbonligi joiz bo'lmaydi (91).
Masala: Hozirgi kunda juda ko'p ayollar taqinchoq va ortiqcha narsalari hamda o'lik mollari hisoblansa, nisob sohibiga aylanadilar. Garchi zakot bermasalarda, ularning zimmalariga qurbonlik qilish vojib bo'ladi. O'lik mollarga ulamolarimiz uch sidra kiyimdan ortiqchasini ham hisobga olganlar. Undan tashqari uyda ishlatilmay turadigan idish-tovoqlar, suvenirlar narxi 85 g tillo 612 g kumushning qiymatiga etsa, zimmalariga qurbonlik qilish vojib bo'ladi (96).
Masala: Ko'pchilik bo'lib qurbonlik qilinayotgan suratda sheriklardan biri o'tgan yilni qazosini niyat qilsa, sheriklarning qurbonligi ado bo'ladi. Lekin, qazoni niyat qilgan kishining qurbonligi nafl bo'lib, qazo qurbonlik o'rniga o'tmaydi va jonivorni go'shtini hammasini sadaqa qilib yuborish vojib bo'ladi. Qazo qurbonlik evaziga boshqa qurbonlik qilishi vojib bo'ladi (133).
Masala: Nisobga ega bo'lgan kishi mahbus bo'lsa, zimmasiga qurbonlik qilish vojib bo'ladi. Hoh yotgan joyida bo'lsin yoki tashqarida bo'lsin. Tashqarida bo'lgan suratda o'zidan boshqasini vakil yoki noib qiladi (133).
Masala: Agar mahbus o'z yurtidan tashqarida safar masofasicha uzoqlikda bo'lsa, zimmasiga qurbonlik vojib bo'lmaydi (133).
Masala: Nisobga ega bo'lgan kishi qurbonlik kunlari qurbonlik qilishdan avval vafot topsa, zimmasidan qurbonlik soqit bo'ladi va merosxo'rlar mulkiga jonliq o'tib ketadi. Agar merosxo'rlar ichida balog'atga etmagan bolalar bo'lmasa va otalari nomidan farzandlarqurbonlik qilishga ijozat berishsa, otalari nomidan qurbonlik durust bo'ladi. Agar merosxo'rlar ichida balog'atga etmagan bola bo'lsa, uning ijozati e'tiborga olinmaydi va o'sha hayvonni qurbonlik qilish joiz bo'lmaydi (98).
Masala: Nisobga ega bo'lgan kishi qurbonlik qilishidan oldin va qurbonlik vaqti chiqishidan oldin faqirga aylanib qolsa, zimmasidan qurbonlik soqit bo'ladi (99).
Masala: Qurbonlik qilish faqat zakot beruvchilarning zimmasiga emas, balki sadaqai fitr vojib bo'lgan kishilarga ham vojibdir (99).Masala: Nisobdan deb hisoblanmaydigan narsalar hojati asliyalar deb nomlanadi. Ular: eb ichadigan, uch sidra kiyadigan kiyim, yashash joyi, xunarmandlarning asbob-anjomlari, minib turgan ulovi, fabrika-zavodlarning stanoklari kabilardir. Ulardan tashqarisining qiymati hisoblanib, nisobga etsa, qurbonlik vojib bo'ladi (100).
Masala: Sheriklardan ba'zisi qurbonlikni va yana ba'zisi aqiqani niyat qilishi joizdir (102).
Masala: Aksariyat kishilar vafot etuvchilar tomonidan qurbonlik qilayotganlarida fotihaga kelganlar taomlanib ketsinlar deb hayt namozdan avval yoki arafa kuni jonliqni so'yib qo'yadilar. Bu suratda so'yilgan hayvon qurbonlik o'rniga o'tmaydi (105).
Masala: Nisobga ega bo'lmagan kishi qurbonlik qilganidan keyin qurbonlik kunlari chiqib ketishidan avval boy bo'lib qolsa, yana boshqa qurbonlik qilishi vojib bo'ladi (107).
Masala: Nisob egasi bo'lmagan kishi qurbonlik qilish niyatida hayvon sotib olsa, uni qurbonlik qilishi vojibdir. Lekin, qurbonlik qilishdan avval jonivor yo'qolib yoki vafot etib qolsa, vojib zimmasidan soqit bo'ladi. O'rniga boshqa olib qurbonlik qilishi vojib emas. Yo'qolgan jonivor keyinchalik topilib qolsa, qurbonlik qilishi zimmasiga vojib bo'ladi.
Masala: Qurbonlik oqil, bolig', muqim, zakot yoki mulkida hojati asliysidan ortiqcha 85 g tilla yoki (612) 595 g kumush qiymati barobarida narsasi bor kishilarga vojib bo'ladi. Hojati asliydan tashqarilarga yashab turgan hovlisidan tashqari hovlilar, pulni band qilish uchun sotib olingan uylar, ulovlar, tijorat mollari, astatka tavrlar barchasi kirib ketadi. Shuningdek, nisobga ega bo'lganiga bir yil to'lishi ham shart emas.
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi