Qurbonlik – Allohga yaqin bo'lish, ya'ni ibodat (qurbat) maqsadida ma'lum bir vaqtda ma'lum turdagi hayvonlarni qurbonlik niyati bilan so'yishni anglatadi.
Alloh taolo “Kavsar” surasida shunday marhamat qiladi: “Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o'qi va jonliq so'y”.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi “namoz”dan murod, iydi qurbon namozi, “jonliq”dan murod qurbonlikka so'yiladigan hayvon, deganlar.
Banda barcha ibodatlarini Alloh ularga buyurgani uchun qiladi. Alloh taolo bandasiga buyuradi, banda esa Allohning buyruqlarini so'zsiz bajaradi. Allohning amri bilan qilingan ibodatlarda bilgan va bilmagan son-sanoqsiz hikmatlar bor. Alloh taolo Hakim Zotdir. Buyurgan har bir ishida hikmati bordir.
Hamma ibodatning hikmati bo'lganidek, qurbonlik qilishning ham ko'plab hikmatlari bor. Ularning bir nechtasini keltirib o'tamiz:
Aslini olib qaraganda Allohga bandaning U Zotga qilgan qurbonligining go'shti ham, qoni ham kerak emas. Bandaning qilgan qurbonligining go'shti ham, qoni ham Allohga etmaydi. U Zotga faqat bandaning qurbonligini qanchalik darajada taqvo va niyatda qilishi bilan etadi. Alloh taolo qurbonlik qilish amri bilan bandalarini imtixon qilib, ularning taqvolarini, ilohiy amriga bo'lgan itoatini va Allohga bo'lgan yaqinlik darajalarini sinab ko'radi.
Alloh taolo Qur'oni karimning Haj surasi, 37-oyatida bunday marhamat qiladi: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!”.
Bu oyatdan maqsad ixlos, taqvo va Alloh taologa yaqinlashishdir. Alloh bergan ne'matlarini eslash va Uning roziligini qozonishdir. Agar qurbonlik qilishda ixlos va taqvo bo'lmasa, qilgan qurbonliklarining go'shtlari qancha ko'p bo'lsa ham, Alloh nazdida hech qanday qiymati bo'lmaydi.
Qurbonlik qilishning nafaqat oxiratda balki, shu dunyoda ham bir qancha manfaatlari bor. Qurbonlik qilib yaqin qarindosh, qo'ni-qo'shni, qiynalgan, muhtoj oilalarga tarqatish bilan mehr-oqibatning paydo bo'lishi va ijtimoiy aloqalarning yaxshilanishiga olib keladi. Alloh taoloning ilohiy hikmat asosida amr qilingan bu ishi ortida jamiyatdagi insonlarning bir-biriga bo'lgan o'zaro ishonch va hurmat-e'tibor yotadi. Shunday ekan bunday ishlarni davomli tarzda qilishda davom etish maqsadga muvofiqdir.
Olim JO'RAYeV
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati