Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Farzand bilan mehr-muhabbatni mustahkamlovchi 80 uslub (2 qism)

05.06.2024   4440   3 min.
Farzand bilan mehr-muhabbatni mustahkamlovchi 80 uslub (2 qism)
  1. Dam olish kunlari farzandlaringizni mashinangizda sayrga olib chiqing.
  2. Farzandlaringiz bilan birgalikda turmush o'rtog'ingiz uchun kutilmagan sovg'a tayyorlang.
  3. Dam olish kunlari iloji boricha vaqtingizni farzandlaringiz bilan o'tkazing.
  4. Oilaviy suratlar olishga odatlaning. Har bir surat tagiga surat olingan sana va suratdagilarning ismini yozib qo'ying. Yillar o'tgach mana shular asosida farzandlaringiz atrofdagi qarindosh-urug', yoru do'stlarni yaqindan taniydilar.
  5. Farzandingizga kartochkalardan birini tanlashni taklif qiling. Ularga quyidagilar yozilgan bo'lsin: “Oilaviy tushlik qilish”, “Dadajon bilan birga o'yin o'ynash”, “Oyijon bilan bozorga borish”, “Bobo-buvilarnikiga mehmonga borish” va hokazo.
  6. Farzandingizni yaxshi ko'rishingizni anglatuvchi holatda suratga tushing.
  7. Farzandingiz bilan daryo yoki dengiz bo'yida sayr qiling.
  8. Oilangiz davrasida barchaga birdek yoqadigan kuy yoki qo'shiq tinglang.
  9. Biror tele yoki radiokanal orqali farzandlaringizga tabrik yo'llang.
  10. Havo sharida uchish, dengizda suzish kabi sayohat uyushtiring.
  11. O'quv yilining birinchi kunida, albatta, kichik farzandingiz bilan maktabiga boring va sinf xonasiga kuzatib qo'ying.
  12. Farzandlaringiz bilan biror joyga chiqib quyosh botishi yoki chiqishini kuzating.
  13. Oila davrasida farzandlaringiz bilan qilgan o'zaro suhbatingizni videoga oling va esdalik uchun saqlab qo'ying.
  14. Farzandlaringizga bolalikdagi do'stlaringiz, ular bilan bo'lib o'tgan qiziqarli voqealar haqida gapirib bering.
  15. Ota-onangizdan eski uslubdagi o'yinchoq yasab berishlarini so'rang. Ular bolalik davrlarida qanday o'yinlar o'ynashganini aytib berishlarini iltimos qiling.
  16. Oilaviy barcha suratlaringizni al'bomga joylang. Har bir suratni joylayotganingizda surat bilan bog'liq bo'lgan xotiralaringizni ularga gapirib bering. Oilaviy al'bomingizni far­zandlaringiz bilan tez-tez ko'rib turing. O'tib ketgan insonlarni xotirlang.
  17. Hafta mobaynida farzandlaringizning har biri uchun xos bir vaqt belgilab qo'ying. Agar imkoniyatingiz bo'lsa, ularni har biri bilan o'sha vaqtda alohida suhbatlashing.
  18. Kichik yoshdagi farzandlaringiz bilan qiziqarli o'yinlar tashkil qiling. Muhimi, o'rtangizda mehr-muhabbat hosil bo'lsin.
  19. Ota-onangiz sizni tarbiya qilishda qo'llagan go'zal tarbiya usullaridan siz ham foydalaning.
  20. Kichik qog'oz bo'laklariga turli xil vazifalarni yozing. Farzandlaringiz ularning orasidan birortasini tanlasin. Vazifalar sodda va maroqli bo'lsin. Misol uchun: oila a'zolari bilan birgalikda sharbat ichish; televizor ko'rish; yaqinlar bilan telefon orqali bog'lanib hol-ahvol so'rashish va hokazo.

    Davomi bor...

    Abdulloh Muhammad Abdulmu'tiyning "Mehr oyi" kitobidan

    G'iyosiddin Habibulloh, Hikmatulloh Ro'zaliyev tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

12.06.2025   6827   4 min.
Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!

Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.


Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.


Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.


Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.

Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...

Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!

Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.

Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.

Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!

Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!

Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz. 

Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi. 

Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.

Davron NURMUHAMMAD