Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyun, 2025   |   15 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
19:59
Xufton
21:37
Bismillah
11 Iyun, 2025, 15 Zulhijja, 1446

Zulhijja oyini avvalgi o'n kunida aytiladigan zikrlar

06.06.2024   5052   2 min.
Zulhijja oyini avvalgi o'n kunida aytiladigan zikrlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo'lsin.
Payg'ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo'lsin.

Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi:

«... Ma'lum kunlarda Allohning nomini zikr qilinglar», (Haj surasi, 28-oyat).

Ibn Abbos roziyallohu anhu «Ma'lum kunlar»ni zulhijjaning avvalgi o'n kuni, deganlar.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mana bunda (ya'ni, zulhijja oyining avvalgi o'n kunida) qilinganidan-da afzalroq amal yo'q», dedilar. Shunda sahobalar: «Alloh yo'lidagi jihoddan hammi?» deyishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha, deb, «lekin bir kishi moli va nafsini xatarga qo'yib ko'chaga chiqsayu, hech bir narsa bilan qaytmasa, ana o'sha afzaldir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Termiziyning rivoyatida: «Solih amallar qilingan kunlar ichida zulhijja oyini o'n kunidan ko'ra Allohga mahbubroq kun yo'qdir», dedilar, deb keladi.

Abdulloh ibn Abdurahmon Doramiyning «Musnad»larida rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam «Zulhijja oyining o'n kunidagi amaldan ko'ra afzalroq amal yo'qdir», deganlarida, «Jihoddan hammi?» deyishdi. (Roviy hadisni oxirigacha zikr qilgan.)

Amr ibn Shuayb otalaridan, otalari bobolaridan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Duolarning yaxshisi arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi payg'ambarlar aytgan kalimalarning yaxshisi

«Laa ilaha illallohu vahdaxu laa shariyka lah, lahul mulku va lahul hamdu va huva 'ala kulli shayin qodir», deb aytishdir», dedilar».

Termiziy zaif isnod bilan rivoyat qilganlar.

Imom Molikning «Muvatto»larida esa: «Duolarning afzali arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi payg'ambarlarning aytgan kalimalarining afzali «Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lah» dir», deb kelgan.

Imom Molik bu hadisni mursal holatda lafzida noqislik bilan rivoyat qilganlar.

Solim ibn Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu arafa kuni bir tilanchi odamlardan tilanib yurgani ko'rib: «Ey ojiz, bu kunda Allohdan boshqadan ham so'raladimi?» dedilar.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan olindi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Olimga nimani nasihat qilaman?

09.06.2025   3383   2 min.
Olimga nimani nasihat qilaman?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhning ilm va fazllari mashhur bo‘layotgan va shuhrat qozonayotgan edi. U kishi o‘zlarining voqealarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Men «Siyratun-Nabiy sollallohu alayhi vasallam» kitobini olti jild qilib tamomladim. «Muhtaram Zotning siyratlaridagi biror jilva yoki ko‘rinish mening hayotimda ham bo‘lganmi yoki yo‘q? Agar bo‘lmagan bo‘lsa, u holda qanday bo‘ladi?» degan o‘y qayta-qayta qalbimda tinchlik bermas edi. Shu maqsad uchun Allohning biror valiysini qidirdim.

Thana Bhavandagi xonaqohda yashaydigan va Alloh taolo fayzlarini taratib qo‘ygan Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy hazratlari haqida eshitgan edim. Shunday qilib, bir kuni Thana Bhavanga borishni niyat qildim va safarga chiqdim. Borib, hazrat bilan ko‘rishdim va bir necha kun u yerda turdim. Ortga qaytayotganimda hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhga: «Hazrat! Biror nasihat qiling», dedim. U zotning xayollariga o‘sha payt: «Shunday katta allomaga nima nasihat qilaman? Ilm va fazli butun dunyoga mashhur bo‘lsa», degan o‘y kelibdi. Keyin: «Ey Alloh! Qalbimga uning uchun ham foydali bo‘lgan va mening uchun ham foydali bo‘lgan narsani sol», deb duo qilibdi. Shundan keyin hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayhga xitob qilib: «Ey birodar! Bizning yo‘limizda boshidan oxirigacha o‘zingizni xokisor tutishingiz kerak», debdilar.

Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh aytadilar: «Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayh bu so‘zlarni aytayotganlarida qo‘llarini ko‘ksilariga olib borib, past tarafiga bir zarba berdilar, zarba xuddi mening qalbimga tushgandek bo‘ldi».

Hazratimiz Doktor Abdulhay rahmatullohi alayh aytadilar: «Bu voqeadan keyin Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh o‘zlarini shunday xokisor tutdilarki, uning misli topilishi qiyin edi. Bir kuni qarasam, xonaqohning tashqarisida hazrat Sayyid Sulaymon Nadaviy rahmatullohi alayh majlisga kelganlarning oyoq kiyimlarini tartiblayotgan ekanlar. Shunday tavoze’ va muhabbatni Alloh taolo u kishining qalbida paydo qildi va keyin yuksak darajalarga ko‘tarib qo‘ydi».

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan