Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

Vaqtni ortga qaytarsa bo'ladi!

05.10.2023   869   6 min.
Vaqtni ortga qaytarsa bo'ladi!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Kim vazifasini bajara olmay qolsa...

Hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim vazifasidan yoki uning ba'zisidan uxlab qolsa-yu, uni bomdod bilan peshin orasida o'qib olsa, unga xuddi kechasi o'qigandek yoziladi”, dedilar.

Kimki har kuni yoki kechasi o'qishni vazifa qilib olgan namoz, Qur'on tilovati yoki zikrini biror sababga ko'ra bajara olmay uxlab qolsa yo ba'zi qismini ado etmagan bo'lsa, bomdod va peshin namozlari orasida o'qib olsa, xuddi vaqtida o'qigandek savobga ega bo'ladi. Go'yo vaqt ortga qaytgandek.

Qalbing o'lik ekan

Bunday vazifalar – “vird” deyiladi. Vird bandaning tark qilmay doimo bajarib yuradigan zikr, salavot, tilovat kabi kundalik vazifasidir.

Ulamolar aytadilar: "Agar Qur'ondan, ilmdan, zikrlardan har kungi virding bo'lmasa, u holda qalbingga to'rt takbir ila janoza o'qib qo'yaver. Chunki sening qalbing o'lik ekan".


Umar roziyallohu anhuning virdi

O'tgan solihlar nafaqat farz balki nafl vazifalarining ham qazosini ado etishardi. Ularni qoldirib yuborishdan xavfda bo'lib, hattoki kafforotiga qul ozod qilardilar, sadaqa beradilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham virdlari bir kun kam bo'lib qolsa, ikkinchi kuni qazosini ado etardilar.

 
Qur'ondan 10 pora o'qirdi

Imom Tahoviy Muhammad ibn Hasandan rivoyat qiladilar: "Imom Muhammadning Qur'ondan bir kecha-kunduzdagi virdi (vazifasi) o'n pora edi".


Qayerdasiz?

Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy rahimahulloh aytadilar: “Qur'oni karimdan tilovat qilishni, istig'for, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytishni o'zlariga vird qilib olganlar qayerda qolishdi?! Ertayu kechda virdlarni vazifa tutib olgan kishilar qayerda qolishdi?

 

Vird (duo, zikrlar) bilan mashg'ul bo'lish uchun o'qiladigan duo:

“Robbi ishroh liy sodriy va yassir liy amriy vahlul 'uqdatan min lisaaniy yafqohu qovliy. Saddid lisaaniy vahdi qolbiy bihaqqi sayyidina Muhammad sollallohu alayhi vasallam”.

Ma'nosi: “Robbim, qalbimni keng qil. Ishimni oson qil. Tilimdagi tugunni echgin. So'zimni anglasinlar. Tilimni mustahkam qil va sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqqi qalbimni hidoyat qilgin”.


 Virddan uzoqlashtiradi

"Bugun ishlarim ko'payib ketdi, charchab qoldim, ertadan, keyingi oydan, shu haftaning boshidan qoldirmasdan boshlayman", deb kundalik vazifa (vird)laringizni ortga suraverishingiz virdlardan uzoqlashib borayotganingizga dalolat qiladi.

 
Oz bo'lsada, bardavom bo'lsin

Virdlarni ozginadan bo'lsa ham, davomli ravishda bajarishga harakat qiling. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan "Qaysi amal Alloh uchun eng mahbub?" deb so'rashganda, u zot alayhissalom: "Oz bo'lsa ham, davomlisi", dedilar.

 
Masalan...

Har kun uchun alohida bir zikrni aytishni o'zingizga vazifa qilib oling. Masalan, bir kun faqat ertayu kech “Subhanallohi va bihamdihi”ni, ertasiga “Laa ilaha illalloh”ni, boshqa kuni salavot ayting. Kun davomida bekorchi-gap so'zlarning o'rniga o'sha zikrni ko'p qilishga odatlaning, adadini ham asta-sekin oshirib boring. Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloni har on, har dam, har lahzada zikr qilar edilar”(Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).

Shuningdek, eng afzal zikr – Qur'ondan ham vazifalar belgilab oling. Masalan, eng kamida bomdod namozidan keyin "Yosin", peshinda "Fath", asrda "Naba'", shomdan so'ng "Voqea", xuftonda "Mulk" surasini o'qishga odatlaning.

Duo

Alloh taolo barchamizni O'zining zokir va qalbi zikr ila orom topuvchi bandalaridan qilsin!

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

09.06.2025   15613   2 min.
Xorijiy hamkorlardan Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy qutlovlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallagan, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi olijanob fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas Qurbon hayiti – Iyd al-Adho munosabati bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar rahbarlaridan tabrik maktublari kelib tushmoqda.

 

Xorijiy hamkorlar o‘z qutlovlarida O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga chuqur hurmat bildirgan holda, yurtimizga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilab, do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini har tomonlama rivojlantirishga qat’iy intilishlarini ta’kidlamoqdalar. 

 

Jumladan, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llagan:

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev;

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov;

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon;

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov;

Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov;

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev;

Qozog‘iston Respublikasining birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev;

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi;

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an;

Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon;

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum;

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vaziri Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon;

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon;

Kuvayt Davlati Amiri Shayx Mish’al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh;

Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy;

Qatar Davlati Amiri o‘rinbosari Shayx Abdulloh bin Hamad bin Halif Ol Soniy;

O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq;

Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II;

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti Abdulmajid Tebbun;

Falastin Davlati Prezidenti Mahmud Abbos;

Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha;

Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev;

Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim;

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Asad Majid Xon;

Kavkaz musulmonlari idorasi raisi shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda.

Qutlovlar kelishda davom etmoqda. 

President.uz