Insonning fitrati haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Har bir tug'iluvchi fitrat uzra tug'ilur. So'ng uning ota-onasi uni yahudiy yoki nasroniy yohud majusiy qiladi”(Abu Hurayra roziyallohu anhudan imom Buxoriy rivoyati).
Fitrat haqida imom G'azzoliy bunday yozgan: “Qalb o'zining tabiiyligi (ya'ni, fitriy holati) bilan ma'lumotlarning haqiqatini qabul qilish uchun tayyor holatda bo'ladi. Lekin qalbga tushadigan ilmlar ham aqliy va shar'iyga bo'linadi. Buning aqliysi zaruriy va kasb qilib olinadigan narsalardan iborat.
Kasb qilib olinadigani ham dunyoviy va uxroviyga bo'linadi. Ammo aqliysi, deganda aqlning tabiiyligi taqozo qiladigan, taqlid va eshitish bilan topilmaydigan narsani e'tiborga olamiz. Zaruriyga bo'linadigani esa paydo bo'lgan zaruriy ilmning qayerdan va qanday hosil bo'lganini bila olmaydi. Bu ilm insonning bir shaxs bir vaqtning o'zida ikki joyda bo'lmasligini yoki yana bir narsa bir paytda ham yangi, ham eski yoki bir holatning o'zida ham bor, ham yo'q bo'lmasligini bilishiga o'xshaydi.
Chunki bu shunday ilmki, inson yoshligidan o'zini mana shu ilmlarni biladigan qilib yaratilgan holda topadi. Bu ilm qachon va qayerdan hosil bo'lganini bilmaydi. Ya'ni, buni bilishiga yaqin biror sababni bilmaydi. Lekin uni yaratgan va unga yo'l ko'rsatgan, hatto kasb qilib qo'lga kiritiladigan ilmlarga yo'l ko'rsatgan albatta Alloh ekanligi hargiz unga maxfiy bo'lmaydi.
Kasb qilib olinadigan ilmlar ta'lim olish va dalillar bilan istifoda qilinadigan ilmlardir. Bu ikki xil ilm ham albatta aql, deb nomlanadi. Ali roziyallohu anhu aytganlar: “Aqlni ikkita aql deb ko'rdim, biri - tabiiy va ikkinchisi - eshitish orqali bo'lgani. Agar eshitish orqali hosil bo'lgan aql bo'lsa-yu, tabiiyi bo'lmasa, uning foydasi yo'qdir, go'yo quyosh bo'lsayu, ko'zning nuri bo'lmasa, foydasi bo'lmaganidek”.
Avvalgisidan (ya'ni, tabiiysidan) murod Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning Ali roziyallohu anhuga aytgan hadislaridagi ma'nodir: “Alloh taolo aqldan ko'ra O'ziga mukarram bo'lgan biron bir maxluq yaratmadi”(Imom Termiziy rivoyati).
Ikkinchisidan (ya'ni, eshitish orqali hosil bo'lgan aqldan) murod Ali roziyallohu anhuga aytgan mana bu hadisdagi ma'nodir: “Agar insonlar Alloh taologa har xil yaxshiliklar bilan yaqinlashadigan bo'lsalar, bas, sen aqling bilan yaqinlashgin”(Abu Na'im rivoyati).
Zero, tabiiy aql hamda zaruriy ilmlar bilan Allohga yaqinlashmoq mumkin bo'lmaydi, balki o'rganib qo'lga kiritilgan aql bilan yaqinlashiladi.
Olamlarning Robbiga yaqin bo'lmoq darajasiga etmoqlikka sabab bo'ladigan ilmlarni talab qilishda aqlni ishlatish bilan yaqinlikka qodir bo'lishga Ali roziyallohu anhuga o'xshagan kishilargina erisha oladi. Endi qalb ko'z o'rnida va qalbdagi tabiiy aql esa ko'zdagi ko'rish quvvati o'rnida yuritiladi” (“Ihyou ulumid din”).
Shahobiddin PARPIYeV,
Asaka tumanidagi “Muhammadsolih” jome masjidi imom-xatibi.
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar