Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Qurbonlikning fazilati

13.06.2024   1279   7 min.
Qurbonlikning fazilati

Islom olamida Ramazon va Qurbon hayitlari katta tantana bilan bayram qilinadi. Ayniqsa, Qurbon hayiti kunlarida butun dunyo musulmonlari vakillari muqaddas Makka shahrida haj ibodatini bajarayotgan bo'ladilar. Haj ibodatlari ichida qurbonlik qilish ham bor. Buning ustiga haj qilmayotgan bo'lsada boylik nisobiga ega musulmonlarga ham qurbonlik qilish vojibdir.

Qurbonlik – so'zining o'zagi “qurbon”, arabchadan tarjima qilinganda “yaqinlashish” degan ma'noni bildiradi.

Qurbonlik qilish – “Alloh taologa yaqin bo'lish niyatida maxsus vaqtda, xos bir hayvonni so'yish”dir (“Al-mu'tasar az-zaruriy” kitobi).

Qurbonlik qilinadigan “maxsus vaqt” degani – Zul-hijja oyining o'ninchi (ya'ni, Qurbon hayiti kuni), o'n birinchi va o'n ikkinchi kunlaridir. Uning oxirgi vaqti Zul-hijjaning o'n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan nihoyasiga etadi.

“Hos hayvon”dan murod – qurbonlik uchun so'yiladigan tuya, qoramol, qo'y yoki echkidir.

Qurbonlik qilish shariatimizda, xuddi zakot kabi hijratning ikkinchi yili joriy etilgan.

Hanafiy mazhabiga ko'ra qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilishni vojib qiladigan boylik miqdori – kundalik hayot uchun zarur narsalaridan tashqari 85 gramm tilla yoki uning qiymatidagi mol-mulkka ega bo'lishdir.

Bu miqdor boylikka bir yil to'lgan bo'lishi yoki yil davomida o'suvchi bo'lishi shart emas. Hatto qurbon hayiti kuni faqir kishi 85 gramm tilla yoki uning qiymatiga ega bo'lsa, unga qurbonlik qilish vojib bo'ladi. Ammo kimda zakoti beriladigan mol-mulk, sotish niyatida olingan yoki keyinchalik sotish niyati paydo bo'lgan narsalar, ayni paytda yashalmayotgan uy-joylar, er va bog'lar, ijaraga berilgan uylar va mashinalar, minilmayotgan ulovlar, sog'ib ichiladigan hayvonlardan boshqa chorva mollari, o'qilmaydigan kitoblar, uyda ishlatilmay turgan idish-tovoq, ko'rpa-to'shak va gilamlar, suvenirlardan qaysi biri mavjud bo'lib, uning qiymati 85 gramm tillaning qiymatiga etsa, u kishiga qurbonlik qilish vojib bo'ladi.

Qurbonlik haqida Qur'oni karimning Haj surasida shunday deyiladi: (Qurbon qilinadigan) tuya va sigirlarni Biz sizlar uchun Allohning shiorlaridan qildik. Sizlar uchun ularda yaxshilik bordir”  (36-oyat).

Boshqa bir oyati karimada shunday bayon qilingan: “Bas, Rabbingiz uchun namoz o'qing va qurbonlik qiling! (Kavsar surasi, 2-oyat).

Ushbu oyati karimani ulamolarimiz qurbonlikning vojib ekaniga dalolat qiladi, deb tafsir qilishgan.

Qurbonlik – har yili takrorlanadigan ibodatdir. Qurbonlik – Allohni ulug'lash uchun qulay fursat va uni roziligini topishdir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Allohga (qurbonlik) go'shtlari ham, qonlari ham etib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo etar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug'lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo'ysundirib qo'ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj surasi, 37-oyat).

Demak, qurbonlik faqatgina Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchun, Uning roziligini qozonish uchun qilinadi. Alloh taolo bandaning qurbonligiga muhtoj emas, balki bandaning o'zi qurbonlik sababidan beriladigan ulkan ajrlarga muhtojdir.

Qurbonlik qilishning bir qancha fazilatlari bor. Avvalo, qurbonlik – Alloh taoloning shiorlaridan bo'lib, Alloh taolo sharaflagan narsani ulug'lash va boshqa narsalardan ustun qo'yishdir. Alloh taolo Haj surasida shunday marhamat qiladi: (Gap) shudir. Yana kimki Allohning shiorlari (qurbonliklar)ni ulug' deb bilsa, bas, albatta, (bu) dillarning taqvosidandir” (32-oyat).

Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: Qurbon hayiti kuni odamzot qon chiqarishdan ko'ra Allohga mahbubroq ish qilolmas. Albatta, u hayvonlar Qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar. Albatta, qon erga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga etur. Shunday ekan uni chin ko'ngildan qilingiz” (Imom Termiziy rivoyatlari)

Mulla Ali Qori rahimahulloh ushbu hadis sharhida shunday deydilar: “Ba'zi vaqtlar ma'lum bir ibodatga xoslangandir. Qurbon hayiti kuni esa, Ibrohim alayhissalom ado etgan – jonliq so'yish va takbir aytish bilan xoslangan” (“Mirqotul mafotih” kitobi). 

Qurbonlik qilish – Nabiy alayhissalomning muborak sunnatlari hamdir. Bu haqda Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu shunday deydilar: “Nabiy alayhissalom Madinada o'n yil qurbonlik qildilar” (Imom Termiziy va Imom Ahmad rivoyatlari).

Bu rivoyatdan Nabiy alayhissalom Madinada qurbonlikni kanda qilmaganlari ma'lum bo'lmoqda.

Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizning avvali iydul azho (qurbon hayiti) namozini o'qish, so'ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik qilishdir. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kim hayit namozidan oldin so'ysa, u qurbonlik emas, balki o'z ahli uchun taqdim qilgan go'shtdir”(Imom Buxoriy rivoyatlari).

Hulosa qilib aytganda, qurbonlik qilish va uning go'shtidan yaqinlarga ulashish odamlar o'rtasida mehr-oqibatni paydo qiladi. Adovatni ketkazadi. Qurbonlik qiluvchining martaba va obro'sini ko'taradi. Gunohlar to'kilishiga sabab bo'ladi.

Mana shunday fazilatli amal – qurbonlik qilganimizda ota-ona, opa-singil, aka-uka, qarindoshlar, qo'ni qo'shnilar va mahallamizdagi kambag'al oilalarga shirin so'z aytish va ehson qilishni unutmaylik. Zero, dinimizda o'zgalarning qalbiga xursandchilik solish Alloh taologa eng sevimli ishlardandir!

 

Anvarxon AKRAMOV,

Namangan shahar “Mulla Bozor Oxund”

jome masjidi imom-noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

12.07.2025   11895   2 min.
Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida

2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.


Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:


– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;

– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;

– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.

– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;

– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.

– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.


Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.


Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.


Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida Yurtga qaytgan hojilar – ezgu ishlar boshida