Cavol: Tashahhudni oxirigacha o'qilmay qolsa, bu xato emasmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozda tashahhud o'qish vojib amal sanaladi. Tashahhudni boshidan oxirigacha, “abduhu va rosuluhu”gacha o'qish ham vojib sanaladi. Biror qismini unutib tark qilib qo'yish orqali sajdai sahv vojib bo'ladi. Bu haqda fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan. Jumladan “Bahrur roiq” kitobida bunday deyilgan:
“Namozning ettinchi vojibi tashahhud o'qish. Uning garchi ozini tark qilsa ham “Zohirur rivoya”ga ko'ra sajdai sahv vojib bo'ladi. Chunki tashahhudning barchasi bitta, yaxlit zikr hisoblanadi. Uning ba'zini tark qilish hammasini tark qilish hukmida bo'ladi. Birinchi yoki ikkinchi qa'dada bu holat sodir bo'lishining farqi yo'q”. Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi
Savol: Masjidimizda tut, olma kabi mevali daraxtlar bor. Ular pishgan paytda, namozga kelganlar ulardan olib yeyishadi. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Masjid hovlisidagi mevali daraxtlar vaqf qiluvchi yoki daraxt ekkan shaxs tomonidan odamlarning umumiy foydalanishi uchun ekilgan bo‘lsa, odamlar bu daraxtlarning mevasini yeyishlari mumkin. Ammo agar bu daraxtlar masjid daromadi uchun ekilgan bo‘lsa, ya’ni ekkan odam “shu daraxtning mevalari mana shu masjid uchun daromad bo‘lsin” degan maqsadda ekkan bo‘lsa, yoki nima niyatda ekkani ma’lum bo‘lmasa, bu holatda ularni sotib, pulini masjid ehtiyojlariga sarflash zarur bo‘ladi. Shuning uchun, bu turdagi daraxtlarning mevalarini pulini to‘lamay yeyish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.