Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Hayot-mamot masalasi

24.06.2024   4052   5 min.
Hayot-mamot masalasi

Ilgari bolalar esini taniguncha alla eshitardi. Allada go'zal tuyg'ular kuylanadi. O'zimiz guvohmiz, alla eshitib katta bo'lgan bola har jihatdan to'kis ulg'ayadi. Allaning o'ziga xos joziba, tarovati bo'lib, murg'akning qalbiga yaxshilikni singdiradi.

Afsuski, bugun bolalarga alla aytish o'rniga qo'l telefon, televizor pul'tini berib qo'yyapmiz. Bundan farzandlarimiz ham aziyat chekyapti.

Bolaga ikki-uch yoshidayoq qisqa-qisqa ibratli hikoyalarni o'qib berish – koni foyda. Uni o'qishga, ilm olishga, teran fikrlashga o'rgatadi. Ota-bobolarimiz, momolarimiz shunday qilishgan. Endi-chi, to'g'risi, oiladagi mutolaa udumidan uzoqlashib ketdik. Ammo so'nggi yillarda davlatimiz rahbarining alohida e'tibori tufayli yoshlar o'rtasida kitobxonlik madaniyati yanada ravnaq topmoqda. Kitob o'qigan sharaflanmoqda, rag'batlantirilmoqda. Masalan, “Zukko kitobxon”, “Yosh kitobxon”, “Eng kitobxon oila” kabi ko'rik-tanlovlar o'tkazilyapti. Eng bilimdon yoshlarimizga esa qimmatbaho buyumlar va hatto avtomobil' sovg'a qilinmoqda.

Albatta, ota-onalarimiz bolalarning ta'lim-tarbiyasi bilan yanada qattiqroq shu­g'ullanishlari shart. Ba'zan oynai jahonda ko'rib qolaman, yosh yigitlar turli bezorilik­lar, jinoyatlar qilishmoqda. Ularning qa­bih ishlarga qo'l urishiga nima sabab bo'lmoq­da? Albatta, tarbiya masalasiga jiddiy e'ti­bor qaratmayotganimiz tufayli shunday bo'lmoq­da. Bejiz Abdulla Avloniy bobomiz: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo ha­lokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, deya ta'kidlamagan.

Agar farzandga murg'aklik davridanoq halol-harom, yaxshi-yomon, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilishdek xalqimizning ming yillik qadriyatlarini qulog'iga quyib borsa, albatta, yaxshi inson bo'lib ulg'ayadi.

O'z o'rnida farzand katta bo'lgach, ota-onasi oldida ham bir talay burch va vazifalari bo'ladi. Ularni astoydil ado etish farzandni saodatga etaklaydi. Jumladan, o'g'il-qiz ota-onasiga umrbo'yi yaxshilik qilishi lozim.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qildilar: «Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga “Tubo” bo'ladi, Alloh uning umrini ziyoda qiladi» (Imom Abu Ya'lo va Imom Tabaroniy rivoyati).

Hadisdagi “tubo” so'zini ulamolar jannat va yaxshilik ma'nolarida deganlar. Ya'ni ota-onasiga yaxshilik qilgan farzand oxiratda jannat bilan mukofotlanadi. Bunday solih farzandning umri barakaga to'ladi.

Ayniqsa, ota-ona keksalik yoshiga etganida, ularga yaxshilik qilish dinimizda muhim amallardan sanaladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday dedilar: «“Burni erga ishqalansin, burni erga ishqalansin, burni erga ishqalansin”. “Kim (ning burni erga ishqalsin), ey Allohning Rasuli?” deyildi. U zot: “Keksa ota-onasining biri yoki har ikkalasi (bilan birga yashash baxti)ga erishgan, so'ngra jannatga kirmagan kimsa(ning burni erga ishqalsin), dedilar» (Imom Muslim rivoyati)

Farzand ota-onasini ulug'lash, ularga itoat etish, duolarini olib yurishdek buyuk baxtdan mahrum bo'lmasligi zarur. Bu hurmat va ehtirom uni bu dunyoda ham, oxiratda ham aziz va mukarram qiladi. 

Matluba hoji ona OChILOVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Namozda qo‘l ko‘tarish

24.06.2025   3617   1 min.
Namozda qo‘l ko‘tarish

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.

Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:

Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).

Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.

Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi

imom-xatibi Sherzod Rahimov

Manba: t.me/softalimotlar

MAQOLA