Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

G'aflatda qolmang! Ashuro kuni. Bir yillik gunohlarga kafforat, bir yillik qut-baraka

16.07.2024   1563   4 min.
G'aflatda qolmang! Ashuro kuni. Bir yillik gunohlarga kafforat, bir yillik qut-baraka

Muharram oyi qanday oy? Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to'kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa'da, Muharram, Rajab) to'rt oyning biri bo'lib, uning o'ninchi kuni ya'ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.

 

Ashuro qanday kun? Bu kun haqida Nabiy (alayhissalom): “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro'za tutgan. Men Musoga ko'proq (yaqin bo'lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro'za tutib, odamlarni ham uning ro'zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Ashuro kuni qanday fazilatlarga ega? Bu kun ro'za tutish o'tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo'ladi. Bu haqda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ashuro kunining ro'zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo'ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

 

Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo'ladi. Abu Sa'd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (alayhissalom): “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko'rdim”.

 

Ashuro kunini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qanday o'tkazardilar? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu kunni o'tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni Ashuro kuni ro'zasini boshqasidan afzal ko'rib, sog'inib, Ramazon oyi ro'zasini kutib sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini kutganlarini ko'rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

 

Esda tuting! Muharram oyining yolg'iz o'ninchi kunida emas, balki bu kunga qo'shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro'za tutish lozim.

Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ashuro kuni ro'zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro'zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug'laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh xohlasa kelasi yil to'qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


Davron NURMUHAMMAD 
tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Javvaz yoki ja’zariy emasmisiz?

02.05.2025   7697   9 min.
Javvaz yoki ja’zariy emasmisiz?

Kibr, o‘zini boshqalardan yuqori deb hisoblash, ulardan ustun qo‘yish, o‘zini boshqalarga nisbatan yuksak ko‘rish va ularga nisbatan mag‘rurlik qilishdir. Bu, ko‘pincha odamlarning boshqa kishilarni pastga urish, ular bilan adolatli munosabatda bo‘lmaslik va o‘zini juda katta ko‘rsatish kabi xulq-atvorlarni o‘z ichiga oladi.

Saodat kaliti hushyorlik va fahmu farosatdadir. Badbaxtlik manbasi kibr va g‘aflatdadir.

Banda uchun Alloh taoloning ne’matlari ichida iymon va ma’rifatdan ulug‘i yo‘qdir. Unga erishish uchun bag‘rikenglik va qalb ko‘zi o‘tkirligidan boshqa vasila yo‘qdir.

Kufr va ma’siyatdan kattaroq balo va ofat yo‘qdir. Mazkur ikki narsaga chaqirishda qalb ko‘rligi va jaholat zulmatidan boshqa narsa yo‘qdir.

Ziyrak kishilar Alloh taolo ularni hidoyatini iroda qilgan va qalblarini Islomga keng qilib qo‘yganlardir.

Mutakabbirlar Alloh taolo ularni zalolatini iroda qilgan va qalblarini xuddi osmonga chiqayotgandagi kabi tor va tang qilib qo‘yganlardir. Mutakabbir o‘z hidoyatiga kafil bo‘lishi uchun qalb ko‘zi ochilmagan kishidir.

Alloh taolo: “Mo‘minlardan ixtiyoriy ehson qiluvchilarini va zo‘rg‘a topib-tutuvchilarini istehzo ila masxaralaydiganlarni Alloh “masxara” qiladi va ular uchun alamli azob (bor)dir” (Tavba surasi, 79-oyat), deb aytgan.

Yana: “Ey mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. Yana (sizlardan) ayollar ham (boshqa) ayollarni (masxara qilmasin)! Ehtimolki, (masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsa. O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat);

(Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir-birlaringizga hasad qilmanglar va savdoda soxtalik bilan kelishib, narxlarni oshirmanglar. Bir-birlaringizga g‘azab qilmanglar hamda orqa o‘girib, munosabatlarni buzmanglar. Ba’zilaringiz ayrimlaringiz savdosi ustiga savdo qilmasin. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmonning birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi, xo‘rlamaydi ham, past ham sanamaydi. Taqvo bu yerda”, deb, uch bora qalblariga ishora qildilar. “Musulmon birodarini past sanagan kishi yomon ekaniga dalolat qiladi. Har bir musulmonning boshqa musulmonga qoni, moli va obro‘sini (suiiste’mol) qilishi haromdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Imom Navaviy rahimahulloh: “Tadabbur qilgan kishiga bundan-da foydasi ko‘p, manfaati ulug‘ va yaxshiroq hadis bo‘lmasa kerak”, dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida zarra miqdoricha kibri bor kishi jannatga kirmaydi”, dedilar. Shunda bir kishi: "Yo Rasululloh, kishi chiroyli kiyim va chiroyli poyabzal kiyadi (bu ham kibr bo‘ladimi?)" deganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh chiroylidir. Chiroylini yaxshi ko‘radi. Kibr esa haqni buzish va kishilarga past nazar bilan qarash”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Biz «yuz o‘girma» deb tarjima qilgan ma’no oyatda «tuso’’ir» deb kelgan. Bu ma’no, aslida, tuyada uchraydigan bir kasallikka nisbatan ishlatilar ekan. O‘sha kasallikka mubtalo bo‘lgan tuya doimo boshini pastdan-yuqoriga harakatlantirib, yonboshga siltab turar ekan. Mutakabbirlik bilan burnini jiyirib, yuzini odamlardan o‘giradigan kishilar ana o‘sha kasal tuyaga o‘xshatilmoqda.

«Odamlardan takabbur-la yuz o‘girma».

Ha, musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak.

«…va yer yuzida kibr-havo ila yurma».

Bu juda yomon narsa. Boshqalarga kibr og‘ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh, xech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas».

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo‘lsa, Alloh uni do‘zaxga yuztuban tashlaydi», deyilgan.

Shuningdek, ibn Abu Laylo rivoyat qilgan xadisda: «Kim kiyimini ko‘z-ko‘z qilib, maqtanchoqlik ila sudrab yursa, Alloh taolo unga nazar solmaydi», deyilgan.

Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Ilm o‘rganing, ilm uchun sakinat va viqorni ham o‘rganing. Va sizlarga ilm o‘rgatayotganlarga tavoze’ bilan o‘zingizni past tuting!” (Imom Tabaroniy “al-Avsat”da rivoyat qilgan).

Muallimga kibr qilish, uni mensimaslik tuban xulq hamda nifoq alomatlaridan hisoblanadi. Imom Tabaroniy “Al-Kabir”da rivoyat qilgan hadisi sharifda bunday deyiladi: “Uch toifa inson borki, ularni faqat munofiqgina xorlaydi: Islomda mo‘ysafid bo‘lgan qariya, ilm sohibi va odil rahbar”.

Ustoz va muallimga o‘zni past tutib, hokisor bo‘lish najot eshigi, ilm tahsil qilishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Dinimiz shunga buyuradi, shunga o‘rgatadi. Bu ustozlarning shogirdlari ustidagi haqlaridandir.

Imom Navaviy rahimahulloh aytadilar: “O‘quvchi muallimiga itoatkor va royish bo‘lishi, uning so‘ziga quloq solib, o‘z ishlarida u bilan maslahatlashib turishi va oqil bemor samimiy va mohir tabib so‘zini qabul qilganidek u ham o‘z muallimining so‘zini qabul qilmog‘i lozim. Shuningdek, muallimiga ehtirom ko‘zi bilan boqishi, uning o‘z ishida komil iqtidor va malaka sohibi ekanligi va boshqa ustozlardan ustunligiga ishonishi lozim. Ana shunda undan manfaat olishi oson bo‘ladi”.

Olimlarimiz aytadilarki, talaba o‘z ustozining kamoli ahliyat va iqtidor sohibi ekanligiga, o‘z ishining mohir mutaxassisi ekanligiga e’tiqod qilib, ishonishi kerak. U haqda faqat yaxshi fikrda bo‘lishi lozim. Agarchi, ustozidan diyonatga ochiq-oydin ters keladigan xatti-harakatni ko‘rib qolsa ham uni faqat yaxshilikka yo‘yib, yaxshi gumonda bo‘lishi kerak. Aks holda uning barakasidan mahrum bo‘ladi.

Ibn Sinoning ustozi Kushyorning huzuriga bir kishi osmon ilmini o‘rganish maqsadida kelibdi. 2-3 oy o‘tsa hamki, ustozi ilm berishni boshlamaganidan so‘ng aytibdi:

– Hazrat, endi menga javob bersangiz. Uch oy bo‘ldi hamki dars bermadingiz. Vaqtingiz yo‘q shekilli…

Shunda ustoz:

– Men senga bajonidil dars berardim-u, lekin sen huzurimga kelganingdagi “bu ilmdan mening uncha-muncha xabarim bor”, degan kibr-havoying hali ham ketmadi. Men bir idishga qachonki u bo‘sh bo‘lsagina suv quyaman. Afsus, sening kallang havo bilan to‘lib qolgan ekan, – deb javob qilibdi.

Imom Qurtubiy rahimahulloh dedilarki: "Agar mutakabbir kishini ko‘rsang bilginki, uning namozi kam yoki undan butunlay mahrum bo‘lgan. Chunki kibr bilan ko‘p sajda qilish birga jamlanmaydi".

Rivoyat qilishlaricha: Bir kishinikiga mehmon kelib qoldi. Uyda mehmonga qo‘yadigan hech vaqo yo‘q edi. U bir litr qatiq olib kelib, besh litr suv qo‘shib, tuz va muz solib, ayron tayyorladi. Bir litr qatiq besh litr suvni qabul qilib, totli ichimlikka aylandi. Agar o‘sha qatiqqa bir tomchi benzin tushib ketganida uni ichib bo‘lmas edi.

Xuddi shuningdek, salgina takabburlik ham amalni buzib yuboradi. Mutakabbir kimsa Allohdan to‘siladi, xaloyiq tomonidan nafratga uchraydi. Alloh taolo bu haqda «Chunki ularga yolg‘iz Allohdan boshqa iloh yo‘q deyilgan vaqtda kibr-havo qilgan edilar», degan (Soffot surasi, 35 oyat).

Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Javvaz ham, ja’zariy ham jannatga kirmaydi", dedilar.

* «Javvaz – muomalasi qo‘pol odam».

* Ja’zariy – mutakabbir, qilmagan ishi bilan faxrlanuvchi.

Ba’zi bir kishilar ibodat miqyosidagi ma’naviy va moddiy amallarni qilib, (haj, umra va masjid yoki yo‘l qurib) kibrlanib, maqtanib boshqa kishilarni bunday ishlarni amalga oshirmaganlikda ayblab, o‘zlarini ulardan yuqori olishadi. Aslida ana shu ishlar xalqni puliga bajarilgan bo‘ladi. Bunday kimsalar aslida eng razil va pastkashlardir.

Alloh taolo aytadi: “Boshqalar esa gunohlarini e’tirof qildilar…”(Tavba surasi 102-oyat) Alloh taolo bizdan ma’sumlikni talab qilmadi. Aksincha, gunoh sodir bo‘lganida tavba va siniqlikni istadi.

Odam alayhissalom gunoh qilganida e’tirof qilib gunohiga istig‘for aytdi. Alloh uning tavbasini qabul qildi.

Iblis esa gunoh qilganida mutakabbirlik qildi, tavba qilmadi. Alloh undan yuz o‘girdi.

Kim gunoh qilib qo‘yib so‘ngra tavba qilsa qiyomatda Odam alayhissalom bilan tavba qiluvchilar karvonida bo‘ladi.

Kim gunoh qilib so‘ngra tavba qilmasdan mutakabbirlik qilsa Iblisning karvonida bo‘ladi.

Ortidan kibrni ergashtiruvchi bittagina gunoh, ortidan siniqlik, pushaymonlik va tavbani ergashtiruvchi mingta gunohdan og‘irroqdir.

Alloh taolo gunoh qilganida pushaymon bo‘lib tavba qiluvchilarga muhabbati o‘laroq O‘zini G‘ofur deya nomladi.

Bandalarini O‘z muhabbatiga targ‘ib qilish uchun O‘zini Vadud deya nomladi.

Sizni sindirib sizdagi ujbni ketkazadigan bitta gunoh, qalbingizni mag‘rurlanish va ujbga to‘ldiradigan toatdan yaxshidir, qaysidir ma’noda!


Ja’farxon SUFIYEV,
TII talabasi,
To‘raqo‘rg‘on tuman
 “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi.